
“Bunyodkor”da yarim yil o‘ynagan futbolchi yangi klubidan ham haydaldi
Rossiya terma jamoasining sobiq futbolchisi Pavel Mogilevets o‘tgan yili 31 iyul kuni “Bunyodkor” bilan shartnoma tuzib, 2023 yilning 1 yanvarida jamoa bilan xayrlashgandi.
Yarim mavsum maydondan tashqarida yurgan futbolchi shu yilning iyulida Armaniston chempionati vakili “Urartu” safiga qo‘shildi.
Kelishuv bir yilga tuzilgan bo‘lsa-da, armanistonliklar 30 yoshli futbolchi bilan to‘rt oydayoq xayrlashishga qaror qildi va shartnoma bekor qilindi.
— Futboldagi hayotimda meni o‘ylantirib qo‘yadishan yana bir o‘zgarish ro‘y berdi. Har qanday vaziyatda ham insoniylikni unutmaslik kerak.
“Urartu” jamoasi safiga qo‘shilganimdan juda xursand bo‘lgandim. Jamoaga yordam berish uchun qo‘limdan kelganini qildim. Oxir-oqibat shunday bo‘lib chiqdiki, men bilan shartnomani bekor qilishdi. Yoqimsiz holat. Lekin dahshatga tushganim yo‘q, oilam har doimgidek yonimda va meni qo‘llab-quvvatlayapti.
Xafa qiladigan jihati shuki, ayni paytda biror bir jamoa safiga qo‘shilib, mashg‘ulot ham qilolmayman, futbol ham o‘ynay olmayman. Chunki transfer oynasi qishda ochiladi. Xayolimga kelayotgan fikrlar orasida futbolni yig‘ishtirish ham bor. Lekin bu tezda o‘tib ketishiga umid qilaman, - dedi Pavel Mogilevets.
Tajribali yarim himoyachi faoliyati davomida “Zenit”, “Rubin”, “Rostov”, “Ximki”, “Nijniy Novgorod” kabi jamoalarda ham to‘p tepgan.
Fikrlar