
"Bunyodkor" birinchi davradagi yirik mag‘lubiyat uchun Namanganda revansh olishga qodirmi?
11 noyabr kuni Coca-Cola Superliganing 24-turi rasman yakunlanadi. 1-4 noyabr kunlari 6 ta uchrashuv o‘tkazilgandi va faqat “Navbahor” – “Bunyodkor” uchrashuvi bundan mustasno. Sababi, namanganliklarning Osiyo Chempionlar ligasi doirasida Eronda o‘yini borligi bois ularning “Bunyodkor” bilan bellashuvi 11 noyabrga qoldirilgandi. Samvel Babayan jamoasi Tehrondagi “Ozodi” stadionida “Nassaji Mazandaran”ni 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratib qaytdi va endi yaxshi kayfiyatda “Bunyodkor” bilan bahsga tayyorlanmoqda.
Sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilayotgan “Navbahor” uchun bu uchrashuv juda ahamiyatli. Chempionat tugashiga ikki tur qolganida “Navbahor”ning hisobida zaxira o‘yini bilan qo‘shib hisoblaganda uchta uchrashuv qolgan. 11 noyabrda esa o‘sha qoldirilgan uchrashuvini o‘tkazib oladi. Ayni paytda Babayan jamoasi 23 o‘yinda 43 ochko bilan 3-o‘rinda. G‘alaba esa namanganliklarni 2-o‘rindagi “Nasaf” bilan ochkolarini tenglashtirib qo‘yadi.
Yodingizda bo‘lsa, birinchi davrada Toshkentdagi bahsda “Bunyodkor” qaqshatgich zarbani qabul qilib olgandi – 1:5. “Navbahor”dan Oston O‘runov (dubl), Igor Golban, Jamshid Boltaboev va Abror Ismoilov raqib darvozasini ishg‘ol qilishgandi. “Bunyodkor”dan Jasur Hakimov yagona golga mualliflik qilgan. Bu mag‘lubiyatni “Bunyodkor” anchagacha unuta olmasa kerak. Qiziq, "Bunyodkor" o‘sha mag‘lubiyat uchun Namanganda revansh olishga qodirmi?
Umumiy hisobda “Navbahor” – “Bunyodkor” bellashuvi chempionat doirasida 35 marotaba to‘qnashishgan. Ustunlik “Qaldirg‘ochlar” tarafida. Chunki “Bunyodkor” 21 ta o‘yinda “Navbahor”ni mag‘lubiyatga uchratgan. O‘z navbatida namanganliklar 8 ta bahsda raqibidan ustun kelgan. 6 ta o‘yinda durang qayd etilgan. To‘plar nisbati 33\65 “Bunyodkor” foydasiga.
“Bunyodkor” chempionat davomida Namanganda 7 marta g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan. Jamoalarning ilk to‘qnashuvi 2007 yilning 5 may sanasida Toshkentda bo‘lib o‘tgan. O‘shanda “Bunyodkor” “Quruvchi” nomi bilan boshlagan va 3:1 hisobida g‘olib bo‘lgan. “Navbahor” “Bunyodkor”ni ilk bor 2011 yilgi mavsumda mag‘lubiyatga uchratgan. O‘shanda namanganliklar yagona gol evaziga uch ochko egasiga aylanishgan. Yuqorida birinchi davradagi natijani yozib o‘tdik va bu “Navbahor”ning “Bunyodkor” ustidan qozongan eng yirik g‘alabasi hisoblanadi. Lekin “Bunyodkor”da bunga o‘xshash yirik hisobdagi g‘alabadan ikkita bor. 6:0 (2009) va 5:0 (2013) hisoblarida namanganliklarni tor-mor keltirgan.
“Bunyodkor”dagi vaziyat qanday? Aleksandr Krestinin shogirdlari 31 ochko bilan 8-o‘rinda turishibdi. Bu jamoa joriy mavsumni eng yuqori o‘rin sifatida 6-o‘rinda tugatishi mumkin, undan baland emas. Buning uchun oldindagi uchala uchrashuvda yutishi kerak. Ammo ochkolar boy berilsa, 8-o‘rindan mahrum bo‘lishi ham mumkin. “Navbahor” muxlislari qarshisida faqat va faqat g‘alaba qozonishga majbur. Namanganliklar o‘z uyida bu raqibiga oxirgi bor 2019 yili mag‘lub bo‘lgan, o‘shanda 2:3 hisobi kuzatilgan.
Babayan jamoasi medallar uchun kurashda oxirigacha kurashishini aytgan. Shuni hisobga olganda, “Navbahor” g‘alaba bilan ishqibozlarini quvontirmasa bo‘lmaydi. Agar “Bunyodkor” qandaydir karomat ko‘rsatmasa, mezbonlarning imkoniyati katta.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar