
Bobur Yo‘ldoshev: "Ortga qaytish haqida hali o‘ylaganim yo‘q"
Bilsangiz kerak, Bangladesh chempionatida ham o‘zbekistonlik futbolchilar faoliyat olib borishmoqda.
Ayniqsa, muxlislarimizga ancha yaxshi tanish bo‘lgan Bobur Yo‘ldoshev va Asror G‘ofurovni alohida e’tirof etish mumkin. Ular mahalliy “Bashuxandra Kings”da to‘p surishyapti. Ushbu klub Bangladeshning eng kuchli va chempiona jamoasidir.
Yaqinda yana bir g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Hamyurtlarimiz esa klubi bilan Osiyo maydonlaridagi musobaqalarda ishtirok etishmoqda.
Kuni kecha Bobur Yo‘ldoshev Sports.uz saytiga o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Boburjon adashmasam, Bangladesh chempionligini qo‘lga kiritdingiz. O‘zga yurtda g‘olib chiqish qanday ekan?
- Yo‘q hali, bu erda chempionat endi boshlandi. Biz “Mustaqillik Kubogi”ni yutdik. Bangladesh chempionati 2024 yilning iyunigacha davom etadi.
- Rostini ayting-chi, g‘oliblikni qo‘lga kiritishi katta qiyinchilik tug‘dirmadimi?
- Kubok o‘yinlari juda oson deb aytmagan bo‘lardim. Ha, nisbatan osonroq kechdi. Chunki men o‘ynayotgan jamoa Bangladeshdagi eng yaxshi klub va bu erda eng yaxshi futbolchilar yig‘ilgan.
- Bangladeshda sizni nima hayron qoldirdi?
- Bangladesh odamlari va ko‘chalari bilan hayron qoldirdi. Har doim odam ko‘p va ko‘chalari tirband.
- Ortga qaytish niyatingiz yo‘qmi? Takliflar bormi?
- Ortga qaytish haqida hali o‘ylaganim yo‘q. Jamoam bilan amalda shartnomam bor. Ha, takliflar bor, albatta. O‘zbekistondan ham, boshqa joylardan ham.
- Chempionat saviyasi pastroq. Siz kabi legionerlar yordamida mavqeini ko‘tarishmoqchi. Chindan mahalliy o‘yinchilarning malakasi ancha pastmi?
- To‘g‘ri, Bangladeshda saviya past. Ammo futbolni rivojlantirishga harakat qilishyapti, albatta. Yaxshi legionerlarni olib kelib, chempionatni kuchaytirishmoqchi. Men o‘ynayotgan klubda ham anchagina yaxshi saviyali legionerlar yig‘ilgan.
- Nima deb o‘ylaysiz, bu faoliyatingizda ortga qadam tashlashmi yoki...
- Ortga qadam tashlash bo‘lishi mumkin. Hammani o‘ziga bog‘liq. Saviyasi pastroq chempionatda ham o‘zining sport formasini ushlab tursa bo‘ladi. Lekin men kelgan jamoada hamma sharoitlari yaxshi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar