
Biz ham qarib qoldik, O‘zbekistonning jahon chempionatiga chiqishini ko‘rib qolarmikanmiz - o‘zbek futbolidagi achchiq haqiqatlar xususida To‘lagan Isoqovning dilidagi gaplari
O‘zbek futbolining tirik afsonalaridan biri – To‘lagan Isoqov yaqinda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida faxriylar kengashi raisi etib tayinlanganini bilsangiz kerak. Hayotini futbolga bag‘ishlagan inson o‘sha “Paxtakor-79”dan qolgan tarixning tirik bir qismidir.
U “Paxtakor”ning uch avlodini ko‘rgan. Bu kabi ko‘pni ko‘rgan mutaxassislarning maslahatlari, futbolimiz haqida bildiradigan fikrlari bizni bee’tibor qoldirmaydi. Sports.uz muxbiri bilan suhbatda bir qancha og‘riqli va muhim masalalar bo‘yicha o‘z munosabatlarini bildirdi.
- “Paxtakor”ni katta qiyinchiliksiz chempionlikka erishdi, degan fikrlarga qanday qaraysiz?
- Qiyinchiliksiz, degan so‘zni o‘zi noto‘g‘ri. “Paxtakor”ga qarshi qaysi jamoa bo‘lishidan qat’i nazar o‘zini boshqacha ruhlantiradi. Eslasangiz, Farg‘onadagi O‘zbekiston kubogi finalida yutqazib qo‘ygandi. O‘shanda aytgandim, o‘rtoqlar xafa bo‘lmanglar, men ham 15 yil umrimni “Paxtakor”ga bag‘ishlaganman. Har bir raqibga qarshi o‘zinglarni jiddiy tayyorlashni o‘rganinglar, degandim. O‘ylab qarasak, baribir eng yaxshi futbolchilar “Paxtakor” safida. Bu yil Osiyo Chempionlar ligasini bemalol yutsa bo‘lardi. O‘sha “Persepolis” bilan o‘yinda futbolchimiz maydondan chetlatilganida murabbiylarimizning xatosi bo‘ldi. Himoyaga jiddiy e’tibor berib qarshi hujumdan foydalanish kerak edi. Ammo ular o‘zlariga katta baho berib yuborishdi. Buning ustiga OChLning oldingi chempioni musobaqadan chiqib ketgandi. Xohlaymizmi-yo‘qmi, omad ham bo‘lishi kerak. Yana bir gap: o‘yinlarni hadeb bitta joyda 15-20 kunlab o‘tkazilishi o‘yinchilarga og‘irlik qiladi. Chempionatimiz davomida bu yil “So‘g‘diyona” bilan “Bunyodkor” “Paxtakor”ni mag‘lubiyatga uchratdi. Qo‘qonliklar ham ularga qarshi yomon o‘yin ko‘rsatmadi. Tan olish lozim, eng zo‘r sharoit “Paxtakor”da. O‘FAda ishlayotganim uchun qaysi klub qanday ahvoldaligini bilaman. 2-o‘rinda ketayotgan “Nasaf” klubida ham vaqtida oylik maoshlari berilmaydi. Qaysi chempionatni olmaylik, barchasida shunaqa bo‘ladi, 3-4 ta boy klublari bor. Mana, “Atletiko” klubini olaylik, ilgari bu qadar salohiyatli emasdi. Diego Simeone kelganidan keyin jamoa bemalol chempionlik uchun kurashadigan bo‘ldi. Klub o‘zi pul ishlab topishni o‘rgandi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov jiddiy ishga kirishdi, futbolni kuchaytirish uchun harakat qilyapti. Hakamlar masalasida ham jiddiy tartib o‘rnatyapti. Futbolga munosabat o‘zgaryapti. To‘g‘ri-da, bitta jamoa yaxshi o‘ynasayu, lekin hakamning xatosi bilan uch ochkodan mosuvo bo‘lsa?! Keyin futbol sharhlovchilaridan ham noroziman. Reportaj paytda to‘p o‘yinchining qo‘liga tekkani ko‘rinib turgan bo‘lsa ham sharhlovchi yo‘q, tegmagan deb turibdi. O‘yinni sharhlayotgan inson hech bir jamoaga yon bosmasligi va doim xolislik nuqtai nazaridan vaziyatga yondashish kerak. Unisini maqtab, bunisi yomonlash yaxshi emas. Boya eng yaxshi sharoit “Paxtakor”da, deb bekorga aytmadim. Ular faxriylarni ham unutmaydi. Katta yordam berishadi. Lekin faxriylar faqat Toshkentda bo‘lmaydi, boshqa viloyatlarda ham bor. Istagim har bir viloyat futbol assotsiatsiyalarida bitta odam alohida faxriylar bilan ishlasin. To‘g‘risi, futboldan keyin hayot kechirish juda qiyin bo‘ladi. Ammo buni hamma ham to‘g‘ri tushunmaydi. Futboldan keyin qancha do‘stlarimni yo‘qotdim?! Futbolchilik paytida katta pulga o‘rgangan odam faoliyatini tugatib, kichkina pul oladigan bo‘lsa, o‘zini yo‘qotadi, bunga ko‘nika olmay qoladi. Shuning uchun viloyatlardagi faxriylarni ham unutmaslik kerak. Masalan, Toshkentda ko‘plab xotira turnirlarini o‘tkazamiz. O‘zbek futboliga xizmat qilib o‘tgan marhumlarimizni yoshlarimiz bilishi lozim. Futbolni umri qisqa bo‘ladi. Undan keyin o‘z yo‘lingizni topib olishingiz lozim. Hamma ham murabbiy bo‘lavermaydi.
- Mutaxassis sifatida Shota Arveladzening ishiga qanday baho berasiz? Agar mana shunday yuqori darajadagi sharoitga o‘zimizning mahalliy murabbiy kelganida ketma-ket chempionlikni taqdim eta olarmidi?
- Bunga har xil ko‘z bilan qarash mumkin. Aytyapman-ku, “Paxtakor”ga eng yaxshi o‘yinchilar yig‘ilgan. Klubda ishlamaganim uchun Arveladzening ishini ko‘rmaganman. Lekin jamoada uning bir o‘zi ishlamaydi, Niderlandiyadan murabbiylarni olib kelgan. Shtabida bir qator mutaxassislar yordam beradi. Bunday sharoitda, pullar vaqtida to‘lanib tursa, bu kabi natijani har bir murabbiy ham bajarsa bo‘ladi. O‘zi futbolda pul topishning besh xil yo‘li bor. Klublar o‘zi pul ishlab topishi darkor. Biz esa faqat homiylar va hokimlarga bog‘lanib qolganmiz. Hokimlarga esa juda ham qiyin. Futbolda birinchi pul topishning yo‘li – bu teletranslyatsiya. Bizda esa aksincha, televideniega pul to‘laymiz. Ikkinchi yo‘li – reklama. Bizda esa tuzuk-quruq reklama yo‘q. Bizda homiylar bor. Yaxshi hamki, neftgaz bor ekan, “Bundyokor”, “Nasaf”, “Mash’al”, “Buxoro” kabi klublarni ushlab turibdi. Shuningdek, transfer orqali pul topish mumkin. Ilgari yoshlarni etishtirish bo‘yicha Niderlandiya etakchi edi. Oxirgi paytlarda Germaniya ham bu borada kuchayib boryapti. Biz ham futbolchilarimizni qimmat narxlarga sotishni xohlardik. Shomurodov “Bunyodkor”dan “Rostov”ga qancha ketganini bilmaymiz. Ammo “Jenoa” “Rostov” bilan Eldor uchun 8 million evroga kelishdi. O‘yinchilarimiz Evropada qancha ko‘p o‘ynasa, terma jamoamiz ham kuchli bo‘ladi. Lekin chempionatimizda o‘zimizning yog‘imizga o‘zimiz qovurilib yotibmiz. O‘zbekiston chempionatining saviyasini baland, deb o‘ylamayman. Bundan ham kuchaytirmasak bo‘lmaydi, har tarafdan. Qaysi rahbar kelsa ham jahon chempionatiga chiqish asosiy vazifamiz, deyiladi. Lekin vaziyatga to‘g‘ri qarash kerak, mundialga chiqa oladigan futbolchilarimiz o‘zi bormi-yo‘qmi? Menga nimaga oldingi futbol bilan hozirgi futbolni farqi katta, deb savol berishadi. Ilgari biz Evroosiyo futbolida o‘ynaganmiz. O‘zbekistonga “Dinamo” Kiev, “Shaxtyor”, “Dnepr”, “Spartak, “Torpedo”, “Dinamo” Moskva, “Lokomotiv”, TsSKA, “Dinamo” Tbilisi va yana ko‘plab klublar kelardi. Hamma narsaning o‘z davri bor. Ba’zilar sizlar o‘ynagan paytda pul to‘lamagan, deyishadi. To‘g‘ri, 200-250 so‘m berishardi. Lekin, kechirasiz-u, o‘sha paytda bu katta pul edi. 200 so‘mga 100 kilogram go‘sht berardi. Boya aytganimdek, futbolchilarning umri qisqa bo‘ladi va ularni ham to‘g‘ri tushunishimiz lozim. Hali aytganimdek, pul topishning yana bir yo‘li – muxlislar orqali bo‘ladi. Bizda bitta Namangandagi stadionga ishqibozlar ko‘p keladi. Toshkentdagi stadionlarga esa kirsa 1000 yoki 2000 ta muxlis kelishi mumkin. Biz o‘ynagan paytda “Paxtakor” stadioni 50-60 ming tomoshabin bilan to‘lib ketardi. O‘shanda Markaziy Osiyodan ham ishqibozlar kelardi. Aytyapman-ku, hamma narsaning o‘z davri bor. Mustaqillikka erishganimizga 29 yil to‘lyapti, hammaning niyati O‘zbekistonni jahon chempionatida ko‘rish va qachon bu orzuimiz amalga osharkin? Biz ham qarib qoldik, O‘zbekistonni jahon chempionatiga chiqqanini ko‘rib qolarmikanmiz...Biz ham bag‘rimizni keng qilib gapirib yurgimiz keladi. Bungacha ham jahon chempionatiga chiqsak bo‘lardi, ammo doim ozgina-ozgina etishmay qolaverardi.
- Bu safar yana o‘sha azaliy orzu sari harakat qilyapmiz. Buning uchun Vadim Abramov bosh murabbiylikka olib kelindi. Siz unga ishonasizmi?
- Bundoq qarasak, Vadim Abramov tuzuk murabbiy. “Bunyodkor”ni hech nimasi yo‘q bo‘lib, yoshlardan ko‘tardi. Bir yili “Lokomotiv”da u bilan ishlab ko‘rdim. To‘g‘risi, Abramovni qaysarlik tarafi bor. Bitta o‘yinchiga yopishib olsa, o‘shani doim qo‘yaveradi. Unga necha marta aytganman, bunday qilmagin deb. Mana, hozir ham Lutfulla To‘raevni doim maydonga tushiraveradi, degan gap-so‘zlar bo‘lyapti. Hamma shuni gapiradi, o‘zi ham bilib turibdi. To‘g‘ri, ayni paytda asosiy futbolchilarimiz yo‘q, deb aytishi mumkin. Odil Ahmedov ham qarib qolyapti, yosh o‘tgan sari tezligi pasayadi. Oston O‘runov “Spartak”da, Eldor Shomurodov “Jenoa”da desak, lekin ular zaxirada o‘tiribdi-ku. O‘ynamasa zaxirada o‘tirganning foydasi yo‘q. Rosti, Eldor Italiyaga ketib bekor qildi, bu albatta shaxsiy fikrim. U erda har doim himoyachilari juda kuchli bo‘lgan. Bu bolani Italiyada “sindirib” qo‘yishmasmikin, deb xavotir olaman. Rossiyada urgan gollari kabi Italiyada unga bunday imkoniyatlarni osongina yaratib berishmaydi. Ammo o‘zi shuni tanlagan, omadini bersin. Agar zaxirada o‘tiraversa, o‘yinini ham yo‘qotib qo‘yadi. O‘zbekiston terma jamoasida gol urayotgani o‘zi o‘sha edi. Agar uni ham yo‘qotsak juda qiyin bo‘ladi.
- Abramov bilan birga jahon chempionatiga chiqa olamizmi?
- Juda qiyin. Ko‘rib turibsiz-ku, o‘zi hozirgi guruhimizda qiyinchiliklarga uchrayapmiz. Vaziyatga to‘g‘ri qarash kerak. Osiyoga 4,5 ta joy berilyaptimi? Dastlabki ikki o‘rin egasi aniq: Yaponiya bilan Janubiy Koreya. Eron juda kuchlimi? Kuchli! Bu yoqda Avstraliya-chi? To‘g‘rimi? Qatar esa o‘z uyida o‘ynaydi. Biz Osiyoda oltitalikka kiryapmiz. U erda esa kuchli to‘rttalikka kirish kerak. Tushuncham bo‘yicha, bizdagi ko‘p futbolchilarimizning bo‘yi pastroq. Bunday o‘yinchilar tezkor, chaqqon bo‘ladi deyishadi, lekin kuchli, baquvvat jamoalarga tushib qolsa, hech nima qila olishmaydi. Terma jamoamizda individual mahoratga ega futbolchilar ham bo‘lishi muhim. Haligacha himoyachilarni aldab jarima maydoni ichiga kirib ketadigan hujumchimizni ko‘rmadim.
- Oldingi intervyularingizdan birida “Paxtakor-79” xotirasi paytida o‘zbek futboli 50 yilga “o‘ldi” degandingiz. O‘sha fojeaga 41 yil to‘ldi...
- Haligacha o‘sha gapimni qaytaraman. 1994 yili Osiyo o‘yinlarini yutganimiz katta yutug‘imiz bo‘lgandi. Tarkibga qarang, Mirjalol Qosimov, Igor Shkvirin, Ilhom Sharipov, Shuhrat Maqsudov, Azamat Abduraimov...bular SSSR paytidagi maktabni ko‘rgan. Hozirgi maktab umuman boshqa, tushunyapsizmi? Respublika bo‘yicha ko‘p yuraman va kimning qanday ishlayotganini ham bilaman. Eng zo‘r ishlayotgan akademiya “Nasaf”niki. Har yili bu klub 4-5 nafar futbolchisini yo‘qotadi, Ro‘ziqul Berdievga qoyil qolish kerakki, u yoshlar bilan ajoyib ishlaydi. Ketganlarning o‘rniga ketma-ket yangi iste’dod sohiblari chiqib turadi. Bir akademiyaning shuncha futbolchi etishtirib berganini ko‘rmaganman. “Bunyodkor” bilan “Paxtakor” akademiyalari ham “qimirlab” turibdi. Boshqa klublar nima qilyapti? Faqat tayyor o‘yinchilar bilan o‘ynaydi. Shu sababli har bir futbolchi o‘zining narxini bilib olgan. Qaerga borsa, birinchi navbatda pul haqida gap bo‘ladi. Bizni bunday o‘rgatishmagan. Sen avval o‘ynagin, pul seni quvlasin, deb o‘rgatishgan. Hozir futbolchilarga shunday sharoitlar yaratilganki, hamma narsa bor. Agar jahon chempionatiga chiqsa bormi, bunaqa mukofotlar hech qaerda yo‘q. Mana, Olimpiadaga bemalol chiqsak bo‘lardi-ku. Chetdan murabbiy olib kelsak, deb gapirishdi, Kuperni olib keldik, nima qildi? Necha marta ko‘rgan bo‘lsam, “Paxtakor” va “Bunyodkor”dan boshqa hech qaerga borgani yo‘q. Viloyatlarga chiqib biror o‘yinchini ko‘rmadi. O‘zimiznikilarga ham imkoniyat berdik. O‘zbeklarda ko‘rpanga qarab oyoq uzat, degan gap bor. Xorijlik tajribali murabbiylar katta pulga keladi. Futbolchilarimizga yo‘l ochilgan, hamma gap o‘zlarida qolgan. Keyin ertaga futbolni tugatganida pushaymon bo‘lib yurishadi. Qo‘rqish kerak emas, boshqa joyda ham o‘zlariga o‘xshagan o‘yinchilar o‘ynaydi. Biz bu erda jon kuydirib gapirganimiz bilan baribir hamma gap maydondagi futbolchilarning o‘zlariga bog‘liq. Doim murabbiy olib kelinganida sen jahon chempionatiga olib chiqa olasanmi, deb so‘raladi, ha, degan javob bo‘ladi. Keyin esa bo‘lmadi, deyishadi. Axir bu oson-ku. Men ham ishlab, eplay olmasam osongina bo‘lmadi, deb qo‘ya qolaman-da. Futbolchilarga beriladigan mukofot pullarini vazifa bajarilganidan keyin berish kerak. Bular esa har bitta o‘yinga olishadi. Jamoaning oldiga aniq maqsad qo‘yiladi va unga qarab intilish lozim. Boya bejizga aytmadim, biz ham bir bor O‘zbekistonni jahon chempionatiga chiqqanini ko‘rib qolaylik. Hammasi futbolchilarning o‘ziga bog‘liq. Bu hayot-mamot ekanligini bilishlari shart. Ba’zida yutqazsangiz ham shunday ilhom olasizki, hamma kuchingizni berganingiz bilinib turadi. Oldin arablardan qo‘rqmasdik, hozir ulardan xadiksiraydigan bo‘lib qoldik. Suriyaga, Iroqqa yutqazyapmiz. Bu o‘rtoqlik o‘yini bo‘lgani bilan natija qolyapti, reytingimiz tushyapti. Ertaga qur’a tashlanganida reytinga ham qaraladi-ku! Bu o‘rtoqlik yoki rasmiy uchrashuv bo‘ladimi, maydonga chiqib faqat jon kuydirish darkor. O‘zbek futbolchilariga shuni aytaman: sizlarga hamma shart-sharoit yaratildi. Pulinglarni halol qilib topinglar. Jahon chempionatiga olib chiqinglar, o‘shanda kim qancha bo‘lsa ham berishga rozi bo‘ladi!
Fikrlar