Bektemir Meliqo‘ziev Arlen Lopesni nega mag‘lub eta olmagan?

  • 15 iyul, 2019, 23:29
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Bektemir Meliqo‘ziev bu bokschi ortiqcha ta’rifga muxtoj emas. Chunki, nafaqat yurtdoshlarimiz balki, butun havaskor boks olamidagilar hamyurtimiz haqida yaxshi bilishadi. Bu yog‘iga esa, okean ortida ham uni tez orada yaxshilab tanib olishlariga ishonchimiz komil. Sababi, professional boksda dastlabki jangini o‘tkazgan yurtdoshimiz ilk urinishidayoq raqibini nokautga uchratib, professional boksda o‘z tarixini yozishni boshladi. Qolaversa, uning saloxiyatiga shubhamiz yo‘q. Hozirda, AQShda mashg‘ulotlar olib borayotgan iste’dodli charmqo‘lqop ustamiz bilan bog‘lanib, suxbat qurdik.

Tecno

Sports.uz ma’lumotnomasi
Bektemir Meliqo‘ziev 1996 yil 8 aprelda Farg‘ona viloyati, Furqat tumanida tavallud topgan. Har ikki qo‘lida bir xil harakat qila oladi. Birinchi murabbiyi, Ma’ruf Ahmedov. O‘smirlar o‘rtasida Olimpiada va Jahon chempioni. Kattalar o‘rtasida Olimpiada va Jahon chempionati vitse-chempioni. Ikki karra Osiyo chempioni. Professional boksda bitta jang va nokautli g‘alaba.

 “BEK BULLY” ning tarixi qanday edi?

- Bektemir avvalo, profidagi debyut  g‘alabangiz bilan saytimiz nomidan muborakbod etamiz!

- Assalomu alaykum. Katta raxmat. Yaratganga shukr, birinchi jangimda ham g‘alaba qozondim. Qo‘llab-quvvatlagan yurtdoshlarimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

- Ma’lumki,  AQShda Isroil Madrimov bilan birga mashg‘ulotlarda ishtirok etayapsiz. Turar joyinglar ham bir joydami ya’ni  bir xonada istiqomat qilayapsizlarmi?

- Yo‘q. Yana bir sherigim Sanjar Tursunov bilan xonadoshman.

tim

- "BEK Bully" ya’ni “Daxshatli Bek” ta’rifi,  qanday paydo bo‘ldi?

-  Dastlab, bu erda murabbiylar tomonidan menga nisbatan biroz ishonchsizlik bor edi. Keyin mashg‘ulotlar jarayonidagi harakatlarimni ko‘rib, zarba kuchimni xis qilgandan so‘ng, murabbiylar juda daxshatli zarbang bor ekan deb aytib o‘tishdi. Qolaversa, Shahram akam ham bu nomni berilishiga sababchi bo‘lgan.

- Odatda, Isroil Madrimov va Murodjon Ahmadalievlarning "Mir Boksa" bilan shartnomasida murabbiy To‘lqin Qilichevning janglarga tashrifi borasida bandlar bor. Sizning shartnomangizda  Ma’ruf Ahmedov borasida ham bormi bunday imkoniyat?
-
Hozircha, bunday bandlar yo‘q. Lekin endi keldim. Yaxshi o‘rnashib olib, yana bir nechta jang o‘tkazganimdan keyin, albatta murabbiyim Ma’ruf akani ham janglarimda bevosita shu erda bo‘lishi uchun harakat qilaman. Albatta, bunday niyatim bor.

photo_2018-03-05_21-22-06

Arlen Lopesni nega mag‘lubiyatga uchrata olmagandi?

-  Rio Olimpiadasidan so‘ng, dadangiz bilan ko‘rishganimda, kumush medal olganingizdan ko‘ngli biroz to‘lmagandek tuyulgandi?

- To‘g‘risi, menga bildirmagan. Xursandchilik bilan kutib olgan. Biz uchun chempionsan deb, qo‘llab-quvvatlagan.

-  Odatda, siz uchun kubalik Arlen Lopes juda noqulay raqib bo‘lgan. Naxotki, uning jigariga birorta kuchli zarbangizni yo‘llay olmagan bo‘lsangiz? Yoki uning zarba ko‘tarish qobiliyati ham bor edimi?

-  Arlen Lopes ham juda tajribali bokschi edi. Albatta, harakat qilganman. U ham meni jang olib borishimni etarlicha o‘rgangan, qaysi zarbalarni kuchli yo‘llashimni bilib, imkon qadar himoyani mustahkam qilgan edi. Qolaversa, zarba ko‘tara olish qobilyati ham bor edi.

- Shaxsan men u bilan ochiq jang qilganingiz xato bo‘lganini taxmin qilaman. Chunki, keyinchalik Isroil  Madrimov o‘zining mustahkam himoyasi va qarshi xujumdagi harakati bilan unga xech qanday imkoniyat qoldirmadi. Fikrimga qo‘shilasizmi?

- Fikringizga qo‘shilaman. U bilan finallardagi bosim ham xalaqit bergandi. Biroz shoshqaloqlik ham qilganman. Albatta, ajoyib himoya va chalg‘ituvchi zarbalar bilan Isroil Madrimov uni mag‘lubiyatga uchratgan. Bundan juda xursand bo‘lganman.

par

 Fazliddin Meliboevning sirini oshkor qilib qo‘ydimi?

- Orada siz haqingizda juda ko‘p gap-so‘zlar bo‘ldi. Ya’ni jiddiy jarohat olibdi, umurtqa pog‘onasida kasallik bor ekan degan, mish-mishlar quloqqa chalindi. Shukrki, yana siz boksdasiz. Aslida, uzoq  tanaffusga nima sabab bo‘lgandi?

- Darxaqiqat, umurtqa pog‘onamdan jarohat olgandim. Uzoq muddatli tanaffusga shu sabab bo‘ldi. Chunki, bu vaqt mobaynida davolandim. Yaratganga shukr. Mana yana boksga qaytdim.

-  Fazliddin Meliboev adashmasam yaqin do‘stingiz, qarindoshingiz  bo‘ladi. Hozirda u 69 kg da faoliyat yurityapti. Uning Bobo-Usmon Boturov hamda Iqboljon Xoldorovlar bilan raqobatdagi imkoniyati qanday deb o‘ylaysiz?

- Shubhasiz, Iqboljon Xoldorov va Bobo-Usmon Boturovlar juda kuchli va o‘ziga xos bokschilar. Ular bilan ko‘p musobaqalarda birga bo‘lganman. Ularning saloxiyatini yaxshi bilaman. Lekin Fazliddin Meliboevning ham ulardan qolishadigan joyi yo‘q. Albatta, jiddiy raqobat ko‘rsatishga qodir. Yana bir yangilikni aytib qo‘ymoqchiman. Fazliddin ham yaqin orada professional boksga qadam qo‘yishi kutilmoqda. Nasib qilsa, Meliboevni ham profi ringda ko‘rishinglarga oz muddat qoldi.

bek

Bektemirning rekordini kim takrorlagandi?

-  Sizdan so‘ng, o‘smirlar Olimpiadasi hamda yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatini yutib, rekordingizni takrorlagan bokschimizni bilasizmi?

-  Bilaman albatta. Ukamiz Abdumalik Xalakov ushbu natijani qayd etgan. Juda iste’dodli, kelajakda ajoyib natijalarni ko‘rsatishga qodir deb o‘ylayman. Har bir, yosh bokschilarimiz natijamni takrorlashini chin ko‘ngildan istayman.

- Havaskor boksda ham faoliyatingizni davom ettirasizmi. Odinda jahon chempionati, Olimpiada o‘yinlari kutib turibdi?
- Ushbu yo‘nalishda ham faoliyatimni davom ettiraman. Nasib qilsa, oldimizda turgan Olimpiadada ishtirok etib, yurtimiz sha’nini munosib himoya qilishga harakat qilaman.

rit

- Kozim Mardonov, Dilshod Ro‘zmetov, Xurshid Abdullaev... Nega sanaganimni bilasizmi?

- Albatta. Vazn toifamda ko‘zga ko‘ringan bokschilar. Barchasiga omad tilayman. Yuksak natijalar qayd etishiga tilakdoshman.

- Bilasizmi, sizni yaqindan taniganlar, ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lgan insonlar, bunday jismoniy xolatingizni nimaga yo‘yishadi? Bektemir asli temirchilar avlodidan ota-bobosiga tortgan deyishadi.

- To‘g‘ri, buni bizni yaqindan taniganlar yaxshi bilishadi. Temirchi, hunarmandlar avlodidanman. Bu xunar bizga avloddan-avlodga o‘tib kelgan. O‘ziga xos meros hisoblanadi. Ismim ham bekorga Bektemir emas.

imt

Rafael Nadalga muxlislik qiladimi?

Endi blits savollar bilan murojaat qilaman. Sportchilardan birini tanlashingiz kerak bo‘ladi...

- Mayk Tayson yoki Muxammad Ali?

- Mayk Tayson.

- Krishtianu Ronaldu yoki Lionel Messi?

- Ronaldu.

- Xabib Nurmagommedov yoki Konor Makregor?

- Albatta, Xabib Nurmagommedov.

-  Novak Jokovich yoki Rojer Federer?

- To‘g‘risi, Rafael Nadal yoqadi. Mayli, Jokovich bo‘laqolsin.

- Muxammad Salox yoki Neymar?
- Muxammad Salox.

-  Floyd Meyvezer yoki Menni Pakyao?

- Meyvezer.

-  Mariya Sharapova yoki Ejeni Bushar?

- Sharapova.

-  Shahram G‘iyosov yoki Shohjaxon Ergashev?

- Shahram G‘iyosov

Intervyuning to‘liq hamda video tarzidagi variantini tez kunda saytimizning YouTube dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin!

Ahmadbek EShMATOV suhbatlashdi.

bb

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!