
"Barselona" so‘nggi 15 yildagi eng yomon natijani qayd etdi
"Barselona" Ispaniya chempionatining 37-turi "Osasuna"ga qarshi bahsda mag‘lubiyatga uchradi.
Marca nashri ma’lumotiga ko‘ra, kataloniyaliklar ushbu uchrashuvdagi gol bilan hisoblanganda joriy mavsumda barcha turnirlarda o‘zlarining 100-golini urdi.
Manbada ta’kidlanishicha, bu "Barselona"ning 2005/2006 mavsumdan buyon qayd etilgan eng yomon ko‘rsatkichi bo‘ldi. O‘shanda "ko‘k-anor ranglilar" 47 uchrashuvda 86 ta gol bilan cheklangan edi.
"Barselona"ning bir mavsumda gol urish bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichi 2011/2012 yilgi mavsumda Xosep Gvardiola boshqaruvida qayd etilgan. O‘shanda "blaugranlar" 64 uchrashuvda 190 ta gol kiritishni uddalagan.
Shuningdek, kataloniyaliklar sardori Lionel Messi ham o‘zining so‘nggi o‘n bir yildagi eng yomon natijasini qayd etdi. Joriy mavsumda 26 ta gol kiritgan argentinalik futbolchi 2009 yildan buyon bir mavsumda eng kamida 30 tadan gol urib kelayotgan edi.
Fikrlar