
“Barselona” Husanovning jamoadoshini chaqiryapti
“Barselona” rahbariyati qishki transferlar vaqtida jamoa tarkibini kuchaytirish maqsadida “Manchester Siti” hujumchisi Jeremi Dokuni o‘z safiga chorlayapti.
Sport.es saytining yozishicha, kataloniyaliklar 22 yoshli belgiyalik futbolchini mavsum oxiriga qadar ijaraga olmoqchi.
Buning uchun La Liga vakili moliyaviy masalalarni hal qilishiga to‘g‘ri keladi. “Barselona” moliyaviy holatidan kelib chiqib, birinchi o‘rinda o‘yinchining maoshi miqdori bo‘yicha “shaharliklar” bilan kelishib olishi zarur.
Jeremi Dokuning o‘zi berilayotgan o‘yin vaqtidan norozi. Mavsum boshidan beri hujumchi barcha turnirlarda 22 marotaba maydonga tushib, umumiy hisobda 1163 daqiqa o‘ynadi. Bu vaqt mobaynida oltita gol va ettita assist muallifi bo‘ldi.
Dokuning shartnomasi 2028 yilning yozigacha tuzilgan va Transfermarkt portali ekspertlari iqtidorli qanot hujumchisini 60 million evroga baholamoqda.
Fikrlar