
“Barsa” engilmas jamoaga aylanadi. Xavi to‘rt superfutbolchini chaqirdi!
Yulduzli davrlarini “Barselona”da o‘tkazgan Xavi Ernandes tobora cho‘kib borayotgan jamoani qutqarish uchun Kataloniyaga olib kelindi. Ispaniya chempionatining o‘rtamiyona vakiliga aylanib borayotgan “Barselona” keyingi paytda murabbiyga yolchimayotgani ko‘rinib qoldi. Hatto “Barselona” falsafasini yaxshi bilgan Ronald Kuman ham hech narsani uddalay olmay, bosh murabbiylikdan iste’foga chiqarildi.
Endi navbat Xaviga. Birinchi navbatda, yangi bosh murabbiy jamoada katta islohotlarni amalga oshirish kerakligini yaxshi anglab turibdi. Moliyaviy inqiroz davrida klub rahbariyati asosan erkin agentga aylangan futbolchilarni tarkibga qo‘shish yoki boshqa jamoalar bilan o‘yinchi almashish bilan shug‘ullandi. Lekin bu usul kutilgan natijani bermadi.
Xavi Ernandes mukammal jamoa tuzish uchun mahorat va iste’dod bobida benazir futbolchilarga ega bo‘lish kerakligini yaxshi biladi. Kataloniyaliklar Lionel Messini qo‘ldan chiqarganidan keyin jamoani yangi yulduzlar bilan kuchaytirishi talab etilmoqda.
Yangi bosh murabbiy klub rahbariyati oldiga uch nafar superfutbolchini olish vazifasini qo‘ydi. Hozir shu nomzodlarni ko‘rib chiqamiz.
Erling Xoland
Xaviga zudlik bilan to‘purar hujumchi kerak. Uni Kuman to‘plagan niderlandiyalik o‘yinchilar qoniqtirmaydi. Shu bois, ispaniyalik mutaxassis “Borussiya” to‘purarini Erling Xolandni olib kelishni so‘rayapti. Xavi ro‘yxatida birinchi o‘rinda turgan norvegiyalik hujumchini olish katta mablag‘ va raqobatbardoshlikni talab qiladi.
Xolandning xaridori juda ko‘p va ularning bari moliyaviy jihatdan qudratli klublar. Erlingni oladigan jamoa unga 40-50 million evro atrofida yillik maosh ajratish barobarida, futbolchining agenti Mino Rayolaning ham hakalak otgan nafsini qondirishi kerak.
Pol Pogba
“Barselona”ning yangi bosh murabbiyi maydon markazidagi ishlarni “Manchester Yunayted”dan ketishga tayyor turgan Pol Pogbaga topshirmoqchi. Kataloniyaliklar yanvardan frantsiyalik yulduzni Xavi qo‘l ostida o‘ynashga ko‘ndirsa, u mavsum yakunlanishi bilan erkin agent sifatida jamoaga bepul qo‘shilishi mumkin.
Biroq, Joan Laporta hal qilishi kerak bo‘lgan boshqa masala bor. Pol Pogba katta maosh olib o‘rgangan o‘yinchi. “Barselona” xo‘jayinlari keyingi ikki yilda barcha futbolchilar va xodimlar maoshini kesish bilan moliyaviy inqiroz oqibatlarini yumshatishga urinayotgan bir pallada Pogbaga otni kallasidek maosh va’da qilishi mantiqsizlikdek ko‘rinmoqda. Pogba kelib, mo‘may maosh olishi, daromadi kesilgan boshqa o‘yinchilarda norozilik keltirib chiqarishi va buning oqibatida ichki muhit buzilishi tabiiy.
Dani Olmo
Barselonalik muxlislarga shu shaharda voyaga etgan o‘yinchi jamoa sharafini himoya qilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Hozir Bundesligada “Leyptsig” sharafini himoya qilayotgan Ispaniya terma jamoasi a’zosi Dani Olmo aynan shu talabga to‘g‘ri keladi. Barselona shahrida tavallud topgan Olmo Xavi ro‘yxatida uchinchi qatorda qayd etilgan.
Iste’dodli yarim himoyachi maydon markazidagi etakchilik uchun Pol Pogbaning alternativi hisoblanadi. Qolaversa, Olmoning o‘yin uslubi Pogba bilan bir tarkibda to‘p tepish imkonini ham beradi. Bir so‘z bilan aytganda Dani serqirra o‘yinchi.
Qolarvesa, Dani Olmo “Barselona”ning nozik nuqtasi – o‘ng qanotiga yaqin zonalarni yopib berishi mumkin. Hozir bu pozitsiyada o‘ynayogan futbolchilarga tajriba etishmayotgani yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Jyul Kunde
Albatta, himoya chizig‘i ham Xavi nazaridan chetda qolmadi. 41 yoshli murabbiy bu pozitsiyaga birinchi bo‘lib Jyul Kundeni olmoqchi. Frantsiyalik futbolchining o‘zi ham “Sevilya”dan tezroq qochmoqchi. Lekin uni olish uchun kamida 60 million evro xarajat qilish kerak. Da’vogarlar ham kam emas.
Xavi oldida turgan yana bir murakkab vazifa – jamoani Serxio Buskets, Jerar Pike, Serxi Roberto, Jordi Alba kabi tajribali o‘yinchilaridan tozalash. Bu futbolchilar yoshi kattaligi va uzoq yillardan beri “Barsa” tarkibida to‘p surayotgani bois yoshlarga va hatto klub rahbariyatiga bosim o‘tkazishga qodir. Noqulay tomoni shundaki, Xavi futbolchilik davrida ular bilan birga o‘ynagan va “otaxon”larning joyini yoshlarga olib berish uchun anchagina shijoat talab etiladi.
Xavining rejalarini hayotga tadbiq etish uchun Joan Laportaning tadbirkorligi kerak bo‘ladi. Chunki bularning bari katta mablag‘ evaziga amalga oshadi. Nima ham derdik, grand klub mavqeini qaytarish arzon va oson bo‘lmaydi. Zero, futbolni chidaganga chiqargan...
Fikrlar