
Bahrom Haydarov: "Shunday o‘yinlar orqali tajribaga ega bo‘lamiz"
“Qo‘qon-1912” – “Nasaf” (0:2) bahsidan keyin uyushtirilgan matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov qatnashdi.
- Ko‘pchilik ko‘rdi va hamma ham biladiki, “Nasaf” mamlakatimizning eng kuchli klublaridan biri. Ularga qarshilik ko‘rsatish juda qiyin. Shunga qaramasdan yigitlarimizga rahmat, bor kuchlarini berishdi. Vaziyatlarimiz ham bo‘ldi. “Nasaf” tashabbusga ega bo‘ldi. Shunda ham ochko olish uchun jamoamizda imkoniyatlar yuzaga keldi. Buni uddalay olmadik. Hayot to‘xtab qolgani yo‘q. Imkoniyatlar bor ekan, ishlashda davom etamiz. Shunday raqibga qarshi vaziyatlarga ega bo‘lyapmizki, demak, futbolchilarda o‘sishga potentsial bor. Oxirgi uchta turni olsak, dastlabki uchta o‘rinni egallab turgan jamoalarga qarshi o‘ynash har qanday jamoaga qiyin. Shu uchta turda ko‘proq ochko olishni o‘ylagandik. Lekin uchta uchrashuvda uch ochko olganimiz ham bizga o‘zimizga bo‘lgan ishonchda ham dalda bo‘ldi. 6 ochkoni rejalashtirgandik, afsuski, bunga erisha olmadik. Oldinda o‘yinlar bor. Shunday uchrashuvlar orqali tajribaga ega bo‘lamiz. Jamoani shunday darajaga olib chiqdikki, bir tomondan so‘kish eshitsak ham, bir tomondan xursand qilyapti. Futbolchilar shunchalik o‘ynashyapti, ishqibozlar, rahbariyat bizdan kuchli raqiblarga qarshi ham g‘alaba kutayotgani xursand qiladi. Bu bizga ishlash uchun motivatsiya. Jamoamizda ruhiyat kuchli. Bemalol bu holatdan chiqib ketamiz. Ikkita uchrashuvda yutqazdik. Bundan fojea yasash shart emas.
- Birinchi bo‘lim so‘nggida Beshimov qulay vaziyatdan gol ura olmadi. Unga mahorat etishmadimi?
- Aytyapman-ku, 100 foizlik vaziyat edi. Men ham gol urdi, deb o‘ylagandim. Nafaqat Beshimovni mahorati, balki darvozabonni ham mahoratini e’tirof etish kerak. U tajribali posbon. Tepaga yoki yon tarafga tepganda ham xafa bo‘lardik. Lekin chap oyog‘ida ochiq tomoniga tepdi. Bu vaziyatda darvozabonning mahoratini ham inobatga olishimiz kerak. To‘g‘ri, bunday imkoniyatdan gol urish kerak. Bu Superliga, g‘alaba qozonish uchun yarimta vaziyatdan ham foydalanishimiz kerak. Afsuski, foydalana olmadik. Beshimovda imkoniyatlar bo‘ladi. Kundan-kunga u o‘yiniga qo‘shyapti. O‘ylaymanki, keyingi bellashuvlarda gol uradi.
- Yozgi transfer oynasi paytida Kobennaga o‘xshagan o‘yinchilarni olib qo‘ymasak-da, deb qo‘rqyapman...
- Qo‘rquv bo‘lmasligi kerak. Yangi jamoamiz. Superligaga chiqqanimizdan keyin tarkibimizga yangi futbolchilar kelgan. Jipslashishyapti. Superligada ko‘p uchrashuvlar o‘tkazyapmiz. Asta-sekin yangi tuzilgan jamoa shaklanyapti. Ha, bir-ikkita pozitsiyada kamchiliklar bo‘lyapti, buni ustida o‘ylayapmiz. O‘yinchilar bilan gaplashyapmiz. Katta o‘zgarish qilmaymiz. Bir-ikkita pozitsiyalarni kuchaytirgani futbolchilarimiz bor. Hozir nomlarini ayta olmayman. O‘ylaymanki, adashmaymiz, degan umiddaman. Albatta, har bir murabbiy jamoasini yanada kuchayishini xohlaydi. Birinchi davra tugashiga yaqin rahbariyatga ham fikrlarimni aytaman. Xudo xohlasa, yaxshi o‘yinchilar olamiz. Ammo hozirgi futbolchilarimiz ham yaxshi. Ikkita o‘yindan fojea qilmaslik kerak. Asosiy e’tiborimiz o‘yinchi olishga emas, hozirgi futbolchilarni yanada rivojlantirishga qaratilgan. Buni muxlislar ham bilishi kerak. Beshimovga, Xusanovga Jo‘raboevga o‘xshagan yigitlarni rivojlantirib, shular orqali jamoani kuchaytirish. Keyin bulardan kuchliroq, ustunroq o‘yinchilar topa olsak, keyingina olishimiz mumkin.
Fikrlar