
«Atalanta» - PSJ: Prevyu
Chorak final arafasida Chempionlar Ligasida 6 ta biror marta ushbu kubokni qo‘lga kiritmagan klublar saf tortishdi. «Bavariya» va «Barselona» hisobida esa 5 tadan «shalpangquloq» bor. Demak, yoki bu ikki jamoadan biri titullari soni bo‘yicha ikkinchisini ortda qoldiradi. Yohud qaysidir jamoa o‘z tarixida ilk marotaba ushbu sovrinni qo‘lga kiritadi.
Bugun Chempionlar Ligasida u qadar katta tajribaga ega bo‘lmagan ikki jamoa o‘zaro to‘qnash keladi. Mavsum avvalida ularning biri yarim finalgacha etib borishini taxmin qilganlar kamchilikni tashkil qilardi. Ikki jamoa butkul boshqa-boshqa olam. Biri ulkan sarmoya ortidan katta o‘sishga erishgan bo‘lsa, ikkinchisi qo‘l ostidagi materiallardan unumli foydalangan holda kuchli jamoaviy futbol xosil qila oldi. Parijliklar yulduzlar bilan to‘lib toshgan. Ba’zida bu murabbiyga halaqit berib ham qo‘yadi. Bergamoliklarda esa eng katta nom bu bosh murabbiy Gasperinidir. Aynan shu jihatdan ham italyanlarda ustunlik mavjuddek. Ammo o‘z tarixida ilk bora evrokuboklarda to‘qnash kelayotgan bu ikki jamoaning bellashuvi oldidan aniq xulosalar chiqarish mushkul.
«Atalanta»
Guruh bosqichidagi ishtirok ularning o‘yiniga biroz ishonchsizlik bildirilishiga olib kelgandi. Ammo kutilmaganda nimchorak finalni Gasperini shogirdlari juda osonlik bilan o‘tkazishdi. «Valensiya» darvozasiga ikkala uchrashuvda ham 4 tadan gol urgan jamoa raqiblarni jiddiyroq o‘ylab ko‘rishga chaqirdi.
A Seriya bronza medaliga ega chiqqan jamoa joriy mavsumda 98 ta gol urib, milliy birinchiliklarda eng ko‘p to‘p kiritgan jamoalar orasidan joy oldi.
UEFA Chempionlar Ligasidagi debyut mavsumini o‘tkazayotgan bergamoliklar natijalarini yaxshilab olishlari uchun ajoyib imkoniyat bor. 90 daqiqalik futbolda bir nechta yulduzlarisiz o‘ynaydigan PSJni mag‘lub etish uddalab bo‘lmaydigan topshiriq emas.
Taxminiy tarkib: Sportello, Palomino, Toloi, Jimsiti, Xatebur, de Ron, Fryuler, Gozens, Gomes, Malinovski, Sapata.
Ishtirok eta olmaydi: Gollini, Ilichich.
Tarkibga kiritilganlar: Bellanova, Shutalo.
Qaydnomadan o‘chirilganlar:Tamizi.
PSJ
Parijliklar bugun 50 yoshga to‘ldi. Yubiley mavsumga katta rejalar qilingani avvaldanoq ko‘rinib turgandi. Guruh bosqichida «Real»ni ikkinchi o‘rinda qoldirmaganida Tuxel shogirdlari «Manchester Siti»ga yo‘liqqan bo‘lardi. Ushbu to‘qnashuvgacha Parij klubi ikkita kubok bahsini o‘tkazib keldi. Birinchisida «Sent-Eten» 1-0 hisobida engilgan bo‘lsa, keyingisida «Lion»ni penaltilar seriyasiga ko‘ra tituldan mahrum qildi. Ko‘rinib turibdiki, ularda muammolar etarli. Jamoa gol urishga qiynalmoqda. Endi yanada ko‘proq qiynalsa ajab emas. Killian Mbappe to‘pig‘idan jarohat oldi va bugun maydonga tushishi so‘roq ostida. Di Mariya diskvalifikatsiya tufayli maydonga tushmaydi. Shuningdek, Marko Veratti ham qaydnomadan joy olmadi. Uning jarohati borligi aytilmoqda.
Ko‘rib turganingizdek, frantsuzlarda yo‘qotishlar birmuncha ko‘p. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham, status jihatidan ular bir bosh ustun.
Taxminiy tarkib: Navas, Kerer, Tyagu Silva, Kimpembe, Bernat, Errera, Markinos, Guye, Sarabia, Ikardi, Neymar.
Ishtirok eta olmaydi: Di Mariya, Veratti, Kurzava.
So‘roq ostida: Mbappe.
Tarkibga kiritilganlar: Bekker, Chupo-Moting.
Qaydnomadan o‘chirilganlar: Kavani, Mene.
Murabbiylar
Jan Pero Gasperini: «Biz Evropaga ortiqcha sarf-xarajatlarsiz kuchli jamoa tuza olishimizni ko‘rsatib qo‘ydik. O‘ylashimcha, futbol muxlislariga ham shu ko‘proq manzur bo‘ladi. Bizning elkamizda ulkan vazifa turibdi. Endi muxlislar bizdan g‘alaba kutishadi. Neymar dunyoning eng zo‘r futbolchilaridan biri. Unga qarshi harakat qiladigan har qanday jamoa qiyinchilikka uchrashi aniq. Biz g‘alaba uchun o‘z o‘yinimizni ko‘rsatib bera olishimiz kifoya».
Tomas Tuxel: «Atalanta»ga qarshi o‘ynash og‘ir. Bu katta sinov, ammo doimgidek imkoniyatlar bo‘ladi. Bu taktik kurashga boy o‘yin bo‘ladi. Mashg‘ulotlarimizda jamoaviylik va quvnoqlik ruhi sezilib turibdi. Biz maydondagi haqiqiy kurashga tayyormiz».
Har ikki jamoa o‘z tarixida birinchi bor yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi mumkin. Demak, bugun yangi tarix yoziladi. «Atalanta» Chempionlar Ligasidagi debyutidayoq chorak finalgacha etib keldi. Safar davom etishi ham mumkin. Buning uchun birinchi navbatda PSJ engilishi kerak.
Parij klubining muvaffaqiyatini esa qatarlik sarmoyadorlar intiqib kutishmoqda. Bugun italyanlarga imkoniyatni boy bergan taqdirda Tuxel yutib bergan 3 ta kubok ham ularning ko‘zlariga ko‘rinmay qolishi mumkin.
90 daqiqa to‘xtovsiz hujumlar, tezkor futbol, kurashga boy o‘yin – mana biz bugungi o‘yindan nima kutmoqdamiz!
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar