
Artur Beterbievdan ajoyib shedevr! Endi u WBC va IBF yo‘nalishi chempioni
Aleksandr Gvozdik hamda Artur Beterbievlar o‘rtasidagi jang o‘z yakuniga etdi. Xabaringiz bor, ushbu jang yarim og‘ir vazn toifasida(79,4 kg) kamarlarni birlashtiruvchi jang maqomida bo‘lib o‘tdi. Ukrainalik bokschi mazkur vazn toifasida WBC kamari sohibi bo‘lsa, Beterbiev IBFning amaldagi chempioni sanalardi. Bular o‘rtasidagi to‘qnashuv o‘ziga hos revansh edi. Chunki havaskor boksda Gvozdikni rossiyalik bokschi mag‘lubiyatga uchratgan va shu omil Aleksandrga motivatsiya berardi.
Mazkur jangda Aleksandr ikkinchi raqam bo‘lib harakat qildi. Artur esa aksincha jang boshlanishi bilan ring markazini o‘ziniki qilib oldi va kuchli bosim bilan harakat qildi. Bu ba’zida foyda keltirgan bo‘lsa, ba’zan Gvozdikning qarshi zarbalarini o‘tkazib yuborishga ham to‘g‘ri keldi. Rossiyalik bokschining bittalik “kross” zarbalari ko‘proq aniq bo‘lgan bo‘lsa, Gvozdikning bir-ikkilik zarbalari ko‘proq mo‘ljalga etib bordi.
Lekin 9 raundga kelib, ukrainalik bokschining jismoniy holati pand berdi. Artur ushbu raundda Gvozdikni tom ma’noda taslim qilib ulgurdi. 10 raundda esa, Artur Gvozdikni uch marotaba nokdaunt holatiga tushirganidan so‘ng, hakam jangni to‘xtatdi. Shunday qilib, Artur Beterbiev endi WBC va IBF chempioni sifatida e’tirof etiladi.
Fikrlar