
Angliya superkubogi finali: Prevyu
An’analar baribir o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Ha, Ispaniya superkubogining yangi formati bizga bir emas 3 ta qarama-qarshilikdan bahramand bo‘lish imkonini berdi. Ammo ushbu titul uchun kurash futbolchilar biroz dam olishi lozim bo‘lgan yanvar oyida bo‘lishi biroz ko‘ngilni xira qiladi. Superkubok bahslari azaldan futbol ixlosmandlarini katta futbolga bo‘lgan e’tiborini jamlab olish uchun xizmat qilgan. Tabiiyki, ikkita titul egalari o‘rtasidagi uchrashuv qiziqarli va katta afishaga ega bo‘ladi. Mana shu orqali yoz bo‘yi dam olgan muxlislarni yana futbol muhitiga tushirib olinardi.
Ammo 2020 yil qolgan yillardan ajralib turdi. Bu davr tarix kitoblariga katta harflar bilan yozib qo‘yishga arzirli o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Pandemiya sabab yuzaga kelgan o‘zgarishlar sabab biz yozdagi ta’tilni bahorda olib bo‘ldik. Va bugun EChL finalidan bir hafta ham o‘tmay, yana bir finalni kutib o‘tiribmiz.
12 sentyabrdan start oluvchi Premer-liga bellashuvlari oldidan Evrokuboklardan ancha avval chiqib ketgan yana ikki jamoaning kuchiga baho bera olamiz.
“Liverpul”
Klopp shogirdlari o‘tgan mavsumda qo‘lga kiritgan tarixiy g‘alaba sarmastligini unutgan, deb umid qilamiz. Boisi, mersisaydliklarning o‘tgan mavsumini, shaxsan, omadli kechdi, deya ayta olmayman. Jamoaning potentsiali yondosh musobaqalarda ham uzoqroqqa borishga imkon berishiga qaramay, nemis mutaxassisi tavakkal qilishni istamadi. Liga Kubogida “Aston Villa”ga qarshi o‘ynagan bolakaylar 5 ta golni qabul qilib oldi. “Chelsi”ga qarshi kubok pley-off uchrashuvida ham aralash tarkib mag‘lub etildi. Evropa Chempionlar Ligasida esa klub “Atletiko”ning super irodasi va Lorentening muvaffaqiyatli zarbalari qurboni bo‘ldi. Aksiga olib, darvozada Adrian…
Shu jihatdan, “qizillar” bugungi finalni yutishi lozim. Sababi, bu kabi kuchli tarkib bilan atigi bitta titul kamlik qiladi.
Yozgi transferlar oynasida Klopp himoyaga Tsimikasni olib keldi. Natija, ijobiy ko‘rinishda bo‘lgan taqdirda gretsiyalik qanot himoyachisini maydonda ko‘rib qolishimiz ham mumkin.
Shuningdek, o‘rtoqlik uchrashuvlari mobaynida klub akademiyasi tarbiyalanuvchisi Rayan Bryuster ham ijobiy taassurot qoldirdi. Yosh hujumchi “RB Zaltsburg” darvozasiga 2 ta to‘p kiritishni uddaladi.
Taxminiy tarkib: Alisson, Aleksandr-Arnold, Gomez, Van Deyk, Robertson, Fabino, Veynaldum, Keyta, Saloh, Firmino, Mane.
“Arsenal”
“Kanonirlar” ham bitta yaxshi transfer amalga oshirdi. Ammo hujum zonasiga Villianning kelib qo‘shilishi Artetaning muammolariga echim bo‘la olarmikan?! Braziliyalik harakat qiladigan o‘ng qanot vingeri pozitsiyasida 80 mlnlik Nikolya Pepe zaxirada o‘tiradi. Villian - universal futbolchi. U bemalol hujumkor yarim himoyachi zonasidan joy olishi mumkin. Ammo Artetaga himoyachi ko‘proq zarur edi. David Luizning o‘tgan mavsumdagi xatolarini yodga olmoqchi emasman. Ammo uning tajribasiga tayanib qolish ham uydagi changni gilam ostiga supurib qo‘yish bilan barobar. “To‘pchilar” himoyasiga yosh va ishonchli futbolchilar zarur.
Hali transferlar oynasi yopilishiga birmuncha vaqt bor. Bugungi o‘yin barchasiga oydinlik kiritishi mumkin. Biroq ayanchli mag‘lubiyat jamoa ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ham mumkin.
Klub egasi Sten Kronke Artetaga biroz moliyaviy erkinlik berishi kerakdek. Erkin agent Villianning kelishi boshqa masala. Ammo yaxshi kelajak uchun yaxshi xarajatlar ham talab etiladi. Mikeldan avvalgi murabbiylarning 80 mlnlik xatosiga u javob bermaydi. Yo‘q, Pepe yomon futbolchi emas. Ammo uning narxi bu qadar baland ham turmaydi.
Serxarajat murabbiyning shogirdi bor masalliqdan qanday foydalanganini bugungi o‘yinda ham ko‘rishga muvaffaq bo‘lamiz.
Taxminiy tarkib: Leno, Saliba, Xolding, Tirni, Sedrik, Elneni, Jaka, Meytlend-Naylz, Saka, Nketia, Obameyang.
Finaldagi to‘qnashuvlar tarixidan
Jamoalar bundan avval 3 marotaba Angliya Superkubogi finalida to‘qnash kelishgan. Dastlabki bellashuv 1979 yilning 11 avgust kunida, 92800 muxlis jam bo‘lgan “Uembli” stadionida bo‘lib o‘tgandi. Bob Peysli boshchiligidagi “Liverpul” 11-chempionlikni qo‘lga kiritgan holda final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, “to‘pchilar” kubok finalida “Manchester Yunayted”ni engib kelayotgan edi. Final bahsida mersisaydliklar 3-1 hisobida g‘alaba qozondi.
1989 yilda jamoalarning finalga kelish sabablari o‘zgardi, ammo g‘olib emas. Ian Rash boshchiligidagi “Liverpul” o‘yin mobaynida ustunlikni saqlab turdi. Uchrashuv taqdirini Lukich tomonidan urilgan yagona gol hal qildi.
Vanihoyat, so‘nggi bora jamoalar “Community Shield” finalida 2002 yilda uchrashadi. Kardiffdagi “Millenium” stadionida kechgan bellashuvda “Arsenal” kichik hisobda g‘alaba qozonadi. O‘sha davrda londonliklar tarkibi juda yaxshi shakllangandi. Shu bilan birga Ouen va Jerrard kabi yosh, umidli yulduzlarga ega “Liverpul” ham xavfli edi. Venger “Atletiko” Mineyrodan xarid qilingan Jilbertu Silvani maydonga tashlaydi. Braziliyalik esa debyuti uchrashuvidayoq gol kiritib, yangi klubiga chempionlik titulini olib beradi.
Xulosa o‘rnida
Muammoli “Arsenal” yoz davomida o‘zgarish tomon katta qadam tashlaganini ko‘rmadik. Ichki mashg‘ulotlarda Arteta nimalarni jamoasiga singdirishga uringanini bilmaymiz. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham, “Liverpul” favorit. Va agar London klubi g‘alaba qozonsa, bu haqiqiy “apset” sifatida qabul qilinadi. Maydonda nimalar bo‘lishini oldindan bilish qiyin, lekin jamoalarning o‘yindaan oldingi holatiga qarab mersisaydliklar ikkita gol farqi bilan g‘alaba qozonadigandek tuyulyapti. Balki, mana shu finaldan so‘ng, “Arsenal” xo‘jayinlari murabbiyga nimalar kerakligiga guvoh bo‘lishar.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar