
Andrey Kanchelskis iste’foga chiqadimi? Murabbiy javob berdi
Coca Cola Superliga 17-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Nasaf” (0:0) jamoalari o‘yinidan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob qaytardi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
- O‘yin jangovar ruhda kechdi. “Nasaf” – ajoyib jamoa va qarshiliklar bejizga turnir jadvalining yuqori qismidan joy olmagan. “Nasaf”ga keyingi o‘yinlarda omad yor bo‘lishini tilaymiz. Mehmonlarning besh o‘yindan iborat g‘alabali seriyasini to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldik.
Yigitlarga maydondagi jonkuyarliklari uchun rahmat. Hujumlarni yakunlashda oqsayapmiz. Vaholanki, mashg‘ulotlar binoyidek o‘tmoqda, zarbalar yo‘llash bo‘yicha ishlayapmiz. Ammo gol urolmayapmiz, bir safar darvozabon xalal bersa, keyingi safar boshqa narsa xalaqit qilyapti. Guvohi bo‘ldinglar, yigitlar bugun yaxshi o‘yin namoyish etishdi, ayniqsa 2-bo‘limda.
Muxlislarga stadionga kelib, jamoamizni qo‘llab-quvvatlashgani uchun minnatdorlik bildiraman. Bugun maydonda jamoamiz sardori Azimjon Ahmedov etishmadi. Albatta, u etakchimiz. Shuningdek, Xurshid Muxtorovning o‘ynamagani ham sezildi.
Endi “Buxoro” bilan bo‘ladigan keyingi o‘yinga tayyorlanamiz. Keyin terma jamoamizning yig‘ini tufayli yuzaga keladigan tanaffusda muammoli tomonlarimiz bo‘yicha ishlaymiz. Ayniqsa, hujumlarni yakunlash borasida. Pandemiyagacha hammasi yaxshi edi, aynan pandemiya hammani sindirdi, jumladan, meni ham.
Taktika bo‘yicha savollar berishdan oldin mashg‘ulotlarimizga kelib ko‘ringlar, o‘yinlarda 4-3-3 sxemasini tanlayapmiz, bizda uch nafar hujumchi o‘ynayapti.
Iste’foga chiqishmi? Yashasak, ko‘raveramiz. Futbolchilarning gol ura olmayotganliklarining o‘ziga yarasha sabablari bor. Nima, men natija bo‘lishini xohlamaymanmi? Pandemiyagacha hammasi joyida edi, 3, 4-o‘rinlarda yurgandik, o‘shanda hech nima demagandinglar. Kasallikka chalinib chiqqanimizdan keyin gap-so‘zlar ko‘paydi. Jamoaga bosim uyushtirish emas, uni qo‘llab-quvvatlash kerak. Xavotir olmang, natija bo‘ladi. Men ham gol urishimizni xohlayman, lekin shu golni uradigan hujumchi etishmayapti. Futbolchilar gol ura olmasa, o‘zim maydonga tushib o‘ynay olmayman-ku! Jamoamizga omad etishmayapti.
Ro‘ziqul Berdiev etakchilarni "Navbahor"ga qarshi o‘yinda nega asosiy tarkibda tushirmagani, bir necha oydan beri maosh yo‘qligi, medallar uchun kimlar kurashishi haqida gapirdi
Sizlarni ham to‘g‘ri tushunaman, tan olaman, natija yo‘q, tortishmoqchi emasman. Lekin sizlar ham to‘g‘ri tushuninglar. Ana, Chempionlar Ligasida “Al-Hilol” musobaqani tark etdi, ular kasallik bilan kurashmoqda. Biz ham 4-5 oy futboldan chetda yurdik, virus yuqtirib oldik. Bizning virus yuqtirishimiz eng noqulay vaqtga to‘g‘ri keldi, Toshkentda markazlashgan o‘yinlar o‘tkazilayotgan paytda kasallandik. Keyin futbolchilarimizning ko‘pi ruhan sinib qoldi.
Bizga vaqt beringlar, o‘zimizga kelib olgunimizcha sabr qilinglar. Keyin esa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi haqida gapiramiz.
Endi nima qilish kerak? Ishlash, ishlash va yana ishlash kerak. Iste’fo haqidagi savolingizga javobim o‘sha-o‘sha: yashasak, ko‘raveramiz! Amaldagi shartnomam bor, buni sizlar bilan emas, rahbariyat bilan gaplashaman, - dedi Andrey Kanchelskis.
Fikrlar