
"Andijon"ning o‘yini menga yoqdi, oldimizga bunday maqsad qo‘ymasak noto‘g‘ri bo‘ladi, Janubiy Amerika termalariga qarshi o‘yinlar o‘zimga ham qiziq" - Ravshan Haydarov bilan suhbat
O‘zbekiston U-20 terma jamoasi Tojikistonda o‘tadigan “CAFA” musobaqasi uchun tayyorgarligini davom ettirmoqda. Bosh murabbiy Ravshan Haydarov yosh futbolchilarni har jihatdan puxta tayyorlayapti.
Shu maqsadda pro liga etakchilaridan biri “Andijon”ga qarshi nazorat uchrashuvi o‘tkazildi. 2:1 hisobida terma jamoa g‘alabasi bilan yakunlangan bahsdan so‘ng Ravshan Haydarov yig‘in va rejalar xususida fikr bildirdi.
- Ravshan Akmalovich, terma jamoangizning “Andijon”ga qarshi o‘yini sizga yoqdimi?
- Albatta, bu uchrashuv balki havo biroz salqin bo‘lganigami, ancha yuqori tempda o‘tdi. Bunda “Andijon”ning hissasi bor. Ayniqsa, birinchi bo‘limda o‘yin tempini berishdi. Biznikilar o‘sha tempda o‘ynash uchun kurashishdi. O‘ylaymanki, juda yaxshi o‘yin bo‘ldi, ayniqsa biz uchun. Sun’iy maydonda mashg‘ulotlar o‘tkazib yurgandik. Birinchi o‘yinimizni o‘tkazdik. Tojikistonda o‘tkaziladigan CAFA musobaqasi sun’iy maydonlarda bo‘lib o‘tadi. “Andijon” klubi va bosh murabbiyi Viktor Balyutovich Kumikovdan ushbu o‘yinga rozi bo‘lgani uchun minnatdorman. Chunki hamma jamoa ham bizga sun’iy maydonda sparring-raqib bo‘lishni xohlashmadi. O‘yinni chiroyli va sifatli o‘tganidan xursandman. “Andijon” uchun ham, biz uchun ham nihoyatda foydali uchrashuv bo‘ldi.
- Ushbu o‘yindan kelib chiqib, “Andijon”ning pro ligadagi ishtiroki va imkoniyatini qanday baholaysiz?
- “Andijon” jamoasi menga juda yoqdi. Ayniqsa, birinchi bo‘limda. Albatta, katta “nagruzka”lar, mashg‘ulotlar va ketma-ket o‘yinlar ostida to‘p surish oson emas. Ikkinchi bo‘limda tarkibda o‘zgarishlarni amalga oshirdim. O‘yin tempini oshirganimizda bizda biroz tashabbus bo‘ldi. Lekin “Andijon”da barqarorlashgan jamoaviy o‘yin yo‘lga qo‘yilgan. Kumikovni bilamiz, uning standartlari har doimgidek xavfli. O‘zi “Andijon” Superligaga mos jamoa. Imkoniyati juda yaxshi. Bu yo‘lda Superligaga chiqishini tilab qolaman.
- “CAFA” turnirida maqsad qanday bo‘ladi? Natija asosiy vazifaga aylanadimi yoki...
- “CAFA” – bizning Osiyo chempionatiga tayyorgarlik jarayonimizdagi bosqichlaridan biri. Bunday turnirlarda futbolchilarga g‘oliblik ruhini singdirib, har bir o‘yin, har bir musobaqada g‘olib chiqish istagini kuchaytirish biz uchun zarur. Hatto oddiy o‘yin bo‘lsa ham o‘yinchilarimizda o‘sha g‘oliblik ruhini oshirishimiz kerak va shunga o‘rganishimiz darkor. Albatta, “CAFA”da ham musobaqani yutishdek maksimal vazifamiz bor. Oldimizga bunday maqsad qo‘ymasak noto‘g‘ri bo‘ladi.
- Sentyabr oyida terma jamoangiz Urugvayda mezbon terma jamoa va shuningdek, Braziliya hamda Argentina U-20 terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi. Bu qanday tashkil etildi? Ularga qarshi o‘yinlar bo‘lishini o‘zingiz xohladingizmi?
- Xalqaro bo‘limidagi xodimlar ishlashyapti. Bizga variantlarni berib turishdi. Albatta, bunday turnirda ishtirok etishimizdan juda xursandmiz. Bu kabi taklifdan foydalanmaslik noto‘g‘ri bo‘lardi. Janubiy Amerika jamoalariga qarshi uchrashuvlar bizning “CAFA”dan keyingi ikkinchi turnirimizga aylanadi. U erda bunday raqiblar bilan o‘ynash har doim ham nasib qilavermaydi. Ushbu turnirda qatnashishga katta mablag‘ ketishiga qaramay, rahbariyat bizni qo‘llab-quvvatlab, musobaqada ishtirok etishimizni ta’minlashmoqda. Buning uchun rahbariyatga minnatdorchilik bildiramiz.
- To‘g‘ri, juda kuchli termalarga qarshi o‘yinlar biz uchun foydali. Bosh murabbiy sifatida bunday yuqori darajadagi raqiblarga qarshi uchrashuvlardan nima kutyapsiz?
- Avvalo bu o‘zimga ham qiziq. Bizning futbolchilarimiz Janubiy Amerika jamoalari fonida qanday ko‘rinarkin? Shuni kuzatish menga ham qiziqarli tuyulyapti. O‘z o‘yinimizni mana shunday kuchli raqobatda ko‘rsatishga harakat qilamiz.
- Ushbu tarkib yakuniysimi yoki yana jalb etiladigan futbolchilar bormi?
- Tarkib o‘zagini ajratib olganmiz. Lekin yana o‘yinchilar bor, ko‘rikka kelayotgan yigitlar ham bo‘lyapti. Masalan, bugungi uchrashuvning birinchi bo‘limida ko‘rikka kelgan futbolchilardan bir nechtasi o‘ynadi. Imkoniyat hammaga beriladi. Klubida, chempionatda o‘zini ko‘rsatayotgan va maydonga tushirilayotgan shu yoshdagi yigitlar nazoratimiz ostida. Bu yig‘inga 25 nafar futbolchi taklif qilingan. Hozir shular bilan tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
- Umarali Rahmonalievga chetdan takliflar bor. Sizningcha, u “Bunyodkor”da qolgani yaxshimi yoki legioner sifatida xorijga ketsa siz uchun ham ma’qulmi?
- Umarali hali yoshroq deb o‘ylayman. Nazarimda, yana bir chempionat qolishi kerak. Chunki Rahmonaliev hali xalqaro musobaqalarda qatnashmagan. Albatta, terma jamoamiz oldida turgan xalqaro o‘yinlar uni yana yuqori darajaga ko‘taradi, deb o‘ylayman. Albatta, qanday qaror qabul qilishni, klubi, o‘zi va ota-onasi hal qiladi. Ammo unga yana biroz xalqaro darajadagi o‘yinlar kerak. Chunki u o‘sadigan, iqtidorli bola. Bunday uchrashuvlar futbolchini yanada yuqori holatga olib chiqadi, deb o‘ylayman.
Fikrlar