
"Andijon" to‘yga tayyorlanyapti, "Buxoro" bilan "Turon" esa... yoxud Diyor Imomxo‘jaevning reaktsiyasi
Superliga bilan pro ligadagi intrigani kuzatyapsizmi? Rosa avjiga chiqdi-a? Endi pro ligadagi kurash Superliganikidan ham qolishmay qo‘ydi. Futbolni anchadan beri ko‘rmagan muxlis bir aylanib yana bizning futbolni ko‘radigan bo‘lsa, Superliga bilan pro ligani ajrata olmasa kerak. Ikkalasida ham hal qiluvchi palla va chempionat oxirlab, manzil ko‘rinib qoldi.
Bugun “Buxoro” klubi o‘z maydonida juda muhim bahsda “Xorazm”ni qiynalib 1:0 hisobida mag‘lubityatga uchratdi. Nima uchun qiynalib, deysizmi? Agar uchrashuvni ko‘rmagan bo‘lsangiz ma’lumot o‘rnida aytishimiz mumkinki, 13-daqiqada Mirjalol Jumaev qizil kartochka tufayli maydonni barvaqt tark etdi va “Buxoro” mushkul ahvolga tushib qoldi. Ungacha bahs boshlaridayoq Ro‘zim Ahmedovning penaltidan gol urib olgani mezbonlarga biroz tasalli berib turdi. Maydonda o‘yinning katta qismini bir kishi kam bo‘lib o‘tkazgan “Buxoro” uchun natijani saqlab qolish endi asosiy vazifaga aylandi va buni futbolchilar qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, uddalashdi. “Xorazm” son jihatdan ustunlikka ega bo‘lgach, vaziyatdan chiqib ketish uchun rosa kurashdi, biroq Nikola Stoshich qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol qila olishmadi. Aynan “Buxoro” posboni uchrashuvning eng yaxshi futbolchisiga aylandi. Agar o‘z uyida ochko yo‘qotishsa bormi, muxlislar kechirishmasdi. Nega deganda, “Turon”ga etib olish imkoniyatini qo‘ldan chiqarib yuborardi.
Turnir jadvalidagi holat bilan xabardormisiz? “Andijon” allaqachon Superliga masalasini hal qilib qo‘ygan. “Buxoro” va “Turon”dan 10 ochkolik farq bilan ilgarilab ketgan. 24 oktyabr kuni “Andijon” o‘z uyida “Turon”ni yutsa, muddatidan oldin Superliga masalasini rasman hal qiladi va 1-o‘rinni ham muddatidan oldin o‘ziniki qilib qo‘yadi. Shuning uchun “Bobur Arena”da “Andijon” “Turon”ni mag‘lub etish uchun kurashadi. “Turon” mag‘lub bo‘lsa, “Buxoro” bilan ochkolari soni tenglashgani bo‘yicha o‘z kuchida qoladi. Shu boisdan yaypanliklar uchun ham bu o‘yinning ahamiyati juda yuqori. Qolaversa, keyingi turda “Turon” “Buxoro” maydonida o‘ynaydi.
Vaziyat barchaga ayon: “Andijon” kurashdan chiqdi. Qaysi ma’noda? Hech kimda 10 ochko bilan ilgarilab ketgan andijonliklarning Superligaga qaytishiga shubha qolmadi. Garchi “Turon” bilan bahsda ochko yo‘qotgan taqdirda ham oldinda yana 4 ta o‘yin bor va istalgan bahsda muddatidan avval vazifani hal qilish imkoniyati bo‘ladi. Shu sababdan asosiy kurash 2-o‘rin uchun kechmoqda. “Turon” hamda “Buxoro” o‘rtasida ayovsiz “jang” kechayotganini sezyapsizmi? O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jaev ham darhol “Buxoro”ning g‘alabasidan keyin reaktsiya bildirdi va o‘zining telegramdagi kanalida shunday yozdi:
“Andijon” Pro liga g‘olibiga muddatidan oldinroq aylanishi uchun ertaga “Turon”ni mag‘lub etishi kerak.
“Buxoro” bugungi g‘alabasi bilan “Turon”ga katta chaqiriq tashladi. Superligaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma shu ikki klub o‘rtasida kechadi. Superliganing 12-jamoasi pley-off o‘yini uchun yo Buxoroga yoki Yaypanga keladigan ko‘rinadi.
Demak, ertaga “Andijon” muddatidan avval Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish va pro liga g‘olibi bo‘lish uchun maydonga chiqadi. “Turon” esa “Buxoro”dan o‘zib ketish va “Andijon”ga shu xursandchilikni sovg‘a qilish vaqtini cho‘zish uchun to‘p suradi. Pro ligada hal qiluvchi davr”.
Imomxo‘jaev haq gapni yozdi. Endi butun buxoroliklar “Andijon”ga muxlislik qilishadi. Yaqinda “Buxoro” ustozi Hakim Fuzaylov Sports.uz saytiga bergan intervyusida “Andijon”ning o‘z maydonida “Turon” ustidan g‘alaba qozonish imkoniyatini qo‘ldan chiqarib yubormasligi haqida aytgandi. Qolaversa, Viktor Kumikov jamoasi uchun ham o‘z maydonida minglab muxlislari qarshisida g‘alaba qozonib, Superliga va 1-o‘rinni barvaqt hal qilib qo‘yishi o‘ta muhim. Tasavvur qiling, maydonda qanday jang bo‘lishini. Aksiga olib, “Turon” klubi joriy yilda “Andijon”ga qarshi uch marta o‘ynagan bo‘lsa, barchasida faqat yutqazdi.
Yaqinda “Turon”da bosh murabbiy almashganini bilsangiz kerak. Baxtiyor Ashurmatov ushbu lavozimni egalladi. Aksiga olib Baxtiyor A’zamovichning “Turon”dagi debyuti durang bilan boshlandi. O‘tgan turda “Mash’al”ni qabul qilgan yaypanliklar o‘ta qimmatli ikki ochkodan ayrildi. Natijada “Turon” mana shunday vaziyatga tushib qoldi. Mabodo, ular “Andijon” va “Buxoro”ga yutqazadigan bo‘lsa, 3-o‘ringa tushib ketadi. Ana, undan keyingi “tomosha”ni ko‘ravering! Hozirgi holat shundayki, “Turon” bilan “Buxoro” “o‘z yog‘iga o‘zlari qovurilishyapti”. Ulardan kimdir Superligaga chiqadi va kimdir pley-offda Superliga klubini qabul qilib, imkoniyatini tavakkalchilikka qoldirib qo‘yadi. Rosti, ikkisi ham Superliga vakili bilan to‘qnash kelishni istashmayapti.
Xullas, "Andijon" klubi to‘yga tayyorlanyapti. Muxlislar katta shodiyona arafasida turibdilar. 1 noyabr kuni esa jamoaning iqtidorli futbolchilaridan biri Ilhom Alijonov "bo‘ydoqlar safidan" o‘chiriladi.
24 oktyabr kuni "Bobur Arena"da soat 15:30 da boshlanadigan "Andijon" - "Turon" uchrashuvini o‘tkazib yubormang. O‘yinni ko‘ring, afsuslanmaysiz!
Fikrlar