"Andijon" "Real"ning kambeklarini jiddiy o‘zlashtiryapti yoxud "Bobur Arena"dagi o‘yinda san’at asari!

  • 8 may, 2022, 09:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

7 may, shanba oqshomi futbol uchrashuvlariga boy o‘tdi. Evropada ham, o‘zimizda ham. Hamma o‘z qiziqishiga qarab o‘yinlarni tomosha qiladi. Bizningcha, aksariyati avval chempionatimizdagi bahslarni miriqib kuzatib, so‘ng Evropa chempionatlariga navbat kelsa kerak.

Tecno

Mayli, mavzudan uzoqlashmaylikda, indallosiga o‘ta qolaylik. O‘zimizda Superliga bilan pro liga o‘yinlari bu safar bir vaqtga to‘g‘ri kelib qoldi. Ikkala ligada ham markaziy o‘yinlar edi. Masalan, AGMK – “So‘g‘diyona” bilan “Nasaf” – “Paxtakor” uchrashuvlari uchun alohida ta’rif ishlatish shart emas. Lekin bu gal yana bir ligamiz – pro ligadagi jiddiy kurashga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Bu endi kechagi pro liga emas. Ayniqsa, bu erdagi o‘yinlar “Futbol TV” telekanali orqali translyatsiya qilinishi boshlangach, musobaqaning saviyasiga ham ijobiy ta’sir qilmoqda va uning nufuzi oshishiga xizmat qilyapti. Endi pro ligada o‘tkinchi o‘yinlar yo‘q. U erda har bir o‘yin shunchaki katta darajada, xuddi Superligadagidek.

Biz esa Andijondagi markaziy o‘yinda bo‘ldik. Hali mag‘lubiyatga uchramasdan kelayotgan Muborakning “Mash’al” klubi safarda musobaqaning yana bir etakchisiga qarshi maydonga tushdi. Bu o‘yin haqida nimadir eslashga arzigulik sabablar kutgandik va amalda ham shunday bo‘ldi.

andijon 2_1

“Bobur Arena” stadioni o‘yin davomida muxlislar yordamida “kuyladi”. Ayniqsa, fan-klub tomonidan yangidan-yangi ulkan bannerlarning namoyish etilishi ham kishida o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. O‘z navbatida bu futbolchilarga reaktsiya berishi turgan gap. Kutilganidek, “Andijon” – “Mash’al” qarama-qarshiligi katta o‘yinga aylanib ketdi. Andijonga hali mag‘lubiyat nimaligini bilmagan holda kelgan “Mash’al” ham bu gal o‘ta murakkab uchrashuv kutib turganini yaxshi bilardi. Chunki raqib Superligaga chiqish uchun asosiy da’vogarlardan biri hisoblanadi. O‘yin harorati ham shunga yarasha bo‘ldi.

Qizig‘i, o‘tgan turdagi stsenariy takrorlandi. Safarda “Turon”ga qarshi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda andijonliklar maydonda bir futbolchi kam bo‘lib qolishgan bo‘lsa-da, hisob 1:1 bo‘lib turgan mahalda hakam tomonidan qo‘shib berilgan oxirgi daqiqada g‘alaba to‘pi urib, yutib ketgandi. “Mash’al” bilan bahsda ham shu holat takrorlanganiga nima deysiz?!

O‘yin shunday kechdiki, birinchi bo‘limda mehmonlarning ukrainalik legioneri Agapov boshi bilan gol urib hisobni ochdi. Ammo maydon egalari taslim bo‘lmadi. Ularni butun stadion ham qo‘llab turdi. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda “Burgutlar”ning hujumlari yanada shiddatli tus ola boshladi. Ular ketma-ket hujumlar uyushtirishdi. Bunday hujumlar esa albatta o‘z samarasini bermasdan qolmadi.  

andijon 1

Ikkinchi bo‘limda ham mezbonlar hujumkor shiddatini oshirdi. Ketma-ket xavfli vaziyatlar sodir etildi. Natijada uchrashuv o‘rtalarida tajribali hujumchi Shahboz Erkinov qanotdan uzatilgan to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘llab hisobni tenglashtirdi va muxlislarni yanada jonlantirdi.

O‘yinda guvoh bo‘lganlarimiz shundan iborat bo‘ldiki, maydon egalari yana hakam tomonidan qo‘shib berilgan oxirgi daqiqalarda g‘alabani ilib ketdi. Bosim, hayajon, xavotir ustun bo‘lib turgan bir vaziyatda Viktor Kumikov jamoasi sovuqqonlik bilan hujumlar uyushtirdi va oqibatda standart vaziyatdan qanday foydalanishni yana bir karra ko‘rsatishdi. Bu safar Vladimir Bubanya katta sahnaga chiqdi. Unga pasni Shahboz Erkinov boshi bilan etkazib berdi. Demak, Erkinov gol urishdan tashqari yana bir golga ham assist bo‘ldi.

Aytmoqchi bo‘lganimiz, andijonliklar “Turon”da ham qo‘shimcha daqiqada g‘alabani ilib ketgandi. “Mash’al”ga qarshi yana bir markaziy uchrashuvda ham so‘nggi daqiqalarda g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirishni uddaladi. Demak, “Andijon” klubi endi nafaqat standartlarda, balki oxirgi daqiqalarda ham xavfli jamoaga aylanib boryapti. Natijada “Mash’al” chempionatdagi ilk mag‘lubiyatini Andijonda qabul qilib oldi. “Andijon” klubi ikkita o‘yindan beri iroda ko‘rsatib, qaysidir ma’noda kichik kambeklarni amalga oshiryapti. Shu o‘rinda “Real”ning Chempionlar ligasida amalga oshirayotgan daxshatli kambeklari xayolimizga keldi. “Andijon” ham “Real” kabi oxirgi daqiqalarda g‘alaba golini urib, yutib ketish xadisini yaxshi o‘rganyapti. Ochig‘i, “Andijon” futbolchilari “Real”ning qanday qilib oxirgi daqiqalarda g‘alabani ilib ketayotganini yaxshi o‘zlashtirishganga o‘xshaydi. Evropada “Qirollik klubi” kambeklarni amalga oshirayotgan bo‘lsa, o‘zimizda bu ishni endi “Andijon” qoyilmaqom tarzda bajaryapti.  

andijon 3

Darvoqe, taniqli sharhlovchi Xayrulla Hamidov ham “Andijon” – “Mash’al” o‘yinini bevosita stadiondan sharhlar ekan, oxirgi daqiqada urilgan goldan keyin bosh murabbiy Viktor Kumikovni Karlo Anchelottiga qiyosladi. O‘sha vaziyatni Hamidov sharhida shunday ifodaladi: “Olaaa, Kumikov, bu haqiqiy san’at asari. Ichkaridan tortib yulqib olish! Kumikov xuddi Anchelotti kabi vaziyatni oddiy baholayapti!”.

O‘yindan keyingi muhit esa alohida mavzu. Muxlislar va jamoa o‘rtasida shunday ko‘prik borki, bu juda mustahkam bo‘lib, kishining havasini keltiradi. Futbolchilar o‘zining suyukli ishqibozlari qarshisida qo‘shiq kuylab g‘alabani birgalikda tantana qilishlari, bundan stadiondagi muxlislarning katta energiya olishlari, umuman barchasi fantastik darajada. Bu Evropadagi holat emas, o‘zimizda ham qanday muxlislik qilishni hamda g‘alabani qanday nishonlashni qoyillatishadi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Мехриддин Абдурахмонов
08/05/2022 16:19
Андижон галабаси Билан табриклайман