
"Andijon" legioneri Tojikiston U23 termasiga chaqirildi
Shu yilning 15 aprel va 3 may kunlari oralig‘ida Qatar mamlakatida futbol bo‘yicha U23 Osiyo Kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Mazkur turnirda ishtirok etish uchun “Andijon”ning tojikistonlik hujumchisi Shaxrom Samiev ham taklif qilingan. Shu bois futbolchi ayni paytda Qatar poytaxti Doxada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini olib borayotgan Tojikiston U23 terma jamoasi ixtiyoriga qo‘shildi. Bu haqida "Andijon" matbuot xizmati xabar beryapti.
Ta’kidlash kerakki, Superliganing 5-turida “Lokomotiv”ga qarshi bellashuvda zaxiradan maydonga tushib “Andijon” safidagi ilk golini urgan Samiev terma jamoaga yuqori kayfiyatda etib keldi va u erdagi mashg‘ulotlarini boshlab yubordi.
Eslatib o‘tamiz, Tojikiston U23 terma jamoasi Osiyo Kubogida “S” guruhida Saudiya Arabistoni, Iroq va Tailand termalari bilan kuch sinashadi. Samiev va uning jamoasi ilk uchrashuvini 16 aprel sanasida Saudiya Arabistoni U23 termasiga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar