
"Andijon" bugun "Paxtakor" bilan o‘yindagi stsenariyni takrorlay oladimi?
Bugun “Andijon” klubi Superliganing 21-turida “Bobur arena”da “So‘g‘diyona” jamoasini qabul qiladi. Turnir jadvalida andijonliklar 16 ochko bilan 12-o‘rinda, jizzaxliklar esa 38 ochko bilan 2-pog‘onada ekanini yaxshi bilasiz.
G‘alaba ikkala klubga juda muhim. Masalan, mezbonlar Superligada jon saqlab qolish uchun jon-jahdi bilan kurashyapti va bu yo‘lda ularga albatta g‘alabalar o‘ta zarur. “So‘g‘diyona” esa ikkinchi o‘rinni hech kimga bermaslik uchun ularga ham ochkolar muhim. Demak, bugun “Bobur arena”da qattiq jang bo‘ladi.
“Andijon” klubi “Paxtakor”ni yutib o‘zini hali hisobdan chiqarishga erta ekanini ko‘rsatib qo‘ydi va o‘tgan turda Qo‘qonda alamli tarzda g‘alabani qo‘ldan chiqarib bir ochko bilan qaytdi. Umuman olganda, Viktor Kumikov jamoasi oxirgi paytlarda o‘yin sifatini yaxshilab bormoqda.
“So‘g‘diyona”ga kelsak, Ulug‘bek Baqoev jamoasi bu yil katta o‘sishga erishib, kumush medal uchun juda yaqin turibdi. Oxirgi marta 15-turda “Turon” maydonida mag‘lubiyatga uchragandi. Hozirga qadar “Andijon” bilan “So‘g‘diyona” chempionat tarixida 43 marta to‘qnash kelgan. Kichik ustunlik jizzaxliklar tarafida. “Andijon”da 16, “So‘g‘diyona” 17 ta g‘alaba bor. 10 ta uchrashuvda esa durang kuzatilgan. To‘plar nisbati ham deyarli teng. Mezbonlar 62 ta, mehmonlar esa 63 ta gol urgan.
“Andijon” “So‘g‘diyona” ustidan oxirgi bor 2016 yili g‘alaba qozongan. O‘shanda Andijondagi uchrashuvda mezbonlar 3:0 hisobida muvaffaqiyat qozongan. Jamoalarning o‘zaro 44-o‘yinida omad kimga kulib boqarkin?
O‘tgan safar "Paxtakor" Andijonga 1-o‘rin egasi sifatida keldi va yutqazib ketdi. Endi esa "So‘g‘diyona" bu erga 2-o‘rin uchun kurashayotgan jamoa sifatida kelmoqda. Xo‘sh, "Andijon"ning yana "Paxtakor" bilan o‘yin stsenariysini takrorlashiga ishonasizmi?
Fikrlar