"Andijon" bosh murabbiyi "Bunyodkor"dan uchralgan alamli mag‘lubiyatga qanday izoh berdi?

  • 13 avgust, 2023, 00:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” klubi Toshkentda "Bunyodkor"ga qarshi bahsda garchi birinchi bo‘lib hisobni ochganiga qaramay, yakunda 2:1 hisobida alamli mag‘lubiyatga uchradi. Bellashuvdan keyin "Andijon" ustozi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

- Aleksandr Andreevich, uchrashuv borasida fikringiz qanday?

- Tushunarliki, shuncha harakat qilishimizga qaramay mag‘lubiyatga uchradik. Lekin mag‘lubiyatga xos tarzda o‘yin ko‘rsatmadik. Aksincha, yaxshi harakat qilgandik. Uchrashuvning dastlabki daqiqalarida o‘ylagan rejalarimiz amalga osha boshlagandi. Markazdagi faolligimiz va tezkor hujumimiz natijasida gol urgandik. Yana vaziyatlar ham bo‘ldi, lekin ulardan foydalana olmadik. Afsuski, hisobni ochganimizga qaramay, yakunda mag‘lubiyatga uchradik. Tushunarsiz gollarni o‘tkazib yubordik. Lekin shuncha harakat qilsak-da, omad bu safar biz tomonda bo‘lmadi, aksincha raqibga kulib boqdi. “Bunyodkor”ni bugungi g‘alaba bilan tabriklayman.

- “Andijon” ikkinchi 45 daqiqalikda birinchisi kabi xavfli vaziyatlar sodir etish, hujumlarga o‘tishda ozgina oqsadi. Bunga nima sabab, deb o‘ylaysiz?

- Bir qator muammolarimiz ham bor edi. Birinchi bo‘limda jamoamiz ancha agressiv harakat qildi. Qaerdadir tajriba etishmadi, to‘pni saqlab turish borasida xatoliklarga yo‘l qo‘ydik. Ikkinchi bo‘limda charchoq alomatlari ham sezildi. Afsuski, yigitlar harakat qilishganiga qaramasdan ijobiy tarafga o‘zgarish bo‘lmadi. Ammo futbolchilarimizni butunlay charchab qolishdi, deb ayta olmayman. Har tomonlama kurashishdi. Ammo raqib ham bizga etarlicha qarshilik ko‘rsatdi. “Bunyodkor” ham o‘yinga yaxshi tayyorlangan, bizning kuchli va kuchsiz jihatlarimizni o‘rganib chiqqan. Raqibimizning o‘yin taktikasiga qarab biz ham o‘yin tashkil qildik. Yigitlar mag‘lubiyatdan qutulib qolish uchun kurashishdi. Ularga keskin e’tirozlarim yo‘q.

- Ikkinchi davrada Xebayda samaradorlik pasaydi. Bu nima bilan bog‘liq?

- Albatta, ikkinchi davra boshida birinchisiga nisbatan gol kiritish qiyin bo‘lyapti. Yigitlar ham unga imkon qadar to‘p oshirib, vaziyatlar yaratishga harakat qilishyapti. Birinchi davrani ko‘pchilik kutmagan tarzda 6-o‘rinda yakunladik. Albatta, bunda Rubinning ham katta hissasi bor. Xebay imkon tug‘ildi deguncha o‘z vazifasini bajara oladi. Biroq ba’zi holatlarda unga to‘p qulay tarzda etib kelmayapti. O‘zi ham gol urishni juda xohlayapti. Ammo qulay paslar etarlicha bo‘lmayotgani bois unda imkoniyatlar kamroq bo‘lyapti. Aytyapman-ku, bizda ayrim kamchiliklar bor. Qanot yarim himoyamizda biroz muammolar kuzatilyapti. Qanotlardan hujumlar yaxshi tashkil qilinsa va qulay paslar uzatib berilsa, hujumchimiz albatta gol uradi. Bir o‘zi gol urishi qiyin narsa. Umid qilamanki, tez orada Xebay yana gol urishni boshlaydi.

- Birinchi gol o‘tkazib yuborilishidan avval “Andijon” autdan to‘pni o‘yinga kiritishi kerak edi. Ammo boshqacha yo‘l tutildi. Bu hakamlarning xatosi emasmi?

- Men ham o‘sha vaziyatni ko‘rib turgandim. To‘p raqib futbolchisidan chiqib ketgandi. Aynan o‘sha golga hakam sababchi desam kulguli bo‘ladi. “Bunyodkor”ning chap qanotidagi futbolchilari yaxshi harakat qilishdi. Albatta, alamli gol bo‘ldi. Yaxshi himoyalana olmaganimiz sababli gol o‘tkazib yubordik.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
ал хилол
13/08/2023 20:08
Хомяков уйиндан уйинга паслаб борябди Андижон уйинлари,кузингни каттарок оч.