
Alisher Azizov yana Bangladesh chempionatiga qaytdi
O‘tgan mavsumni Bangladeshning «Sheyx Russel» jamoasida o‘tkazgan hamyurtimiz Alisher Azizov u erdagi faoliyatini yakunlab yurtimizga qaytib kelgandi. Qolaversa, uning o‘zi bilan suhbatlashganimizda yangi mavsumni o‘zimizning Superligada o‘tkazish niyati borligi haqida ma’lum qilgandi. Biroq keyinchalik Azizovning rejalari o‘zgarib ketdi.
Buni qarangki, u ma’lum vaqt dam olganidan so‘ng yana Bangladeshning «Sheyx Russel» jamoasiga qaytib bordi. Bu xabarni futbolchining o‘zi ham tasdiqlab o‘tdi. Ma’lum bo‘lishicha, hujumchimiz garchi ushbu klub bilan xayrlashib qaytib kelgan bo‘lsa-da, keyin klub rahbariyatining fikri o‘zgarib, Azizovga yana yangi taklif bilan chiqishgan va muzokaralardan so‘ng Alisher o‘zi to‘p surgan jamoaga qaytib borishga rozilik bildirgan. Shu tariqa, o‘zbekistonlik futbolchi ketma-ket ikkinchi mavsumni Bangladesh chempionatida o‘tkazadigan bo‘ldi.
Shuningdek, Bangladesh chempionatida Azizovdan tashqari yana boshqa hamyurtlarimiz ham to‘p surishga rozilik bildirishdi. Jumladan, o‘tgan yilgi mavsumni Indoneziyaning «Semen Padang» klubida o‘tkazgan farg‘onalik himoyachi Shukur Po‘latov endilikda Bangladeshning «Chittagong Abaxani» jamoasi sharafini himoya qiladi.
Bundan tashqari, bir necha mavsum davomida «Buxoro» sharafini himoya qilib kelgan hujumchi Akobir To‘raevga Bangladeshning «Raxmatgonj» jamoasidan taklif tushdi. Muzokaralar ijobiy yakun topganidan so‘ng To‘raev ham legioner sifatida Bangladeshda to‘p suradigan bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, Akobir "Buxoro" safida o‘tgan yili Superligada 7 ta uchrashuvda ishtirok etdi, ammo raqiblar darvozasiga gol ura olmagan.
Fikrlar