
"Al-Ittihod" bosh murabbiyi: "OKMK bilan bo‘ladigan o‘yin biz uchun o‘ta muhim"
Ertaga Osiyo chempionlar ligasi 5-turidan o‘rin olgan OKMK - "Al-Ittihod" uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bellashuv 21:00 da boshlanadi.
Ushbu bahs oldidan saudiyaliklar bosh murabbiyi Marselo Galyardo va futbolchi Fabino matbuot anjumanida qatnashdi hamda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Galyardo: - Hammaga xayrli kun! Ertangi o‘yin biz uchun o‘ta muhim. Sababi, bu men uchun musobaqa guruh bosqichidagi ilk uchrashuv va biz unda pley-off masalasini hal qilishimiz mumkin.
Fabino: - Ertangi o‘yin biz uchun muhim xuddi murabbiy aytganidek. Musobaqa jamoamiz uchun katta ahamiyatga ega. Biz ertaga bor kuchimiz bilan g‘alaba uchun maydonga tushamiz.
Galyardo: - "Al-Ittihod" shakllangan va o‘z o‘yin uslubiga ega kuchli jamoa. U nafaqat Saudiyada, balki Osiyoda ham o‘z o‘rniga ega klub. Hozir qisqa vaqt ichida o‘z yo‘nalishimizni aniqlab olganmiz, yigitlarga to‘liq ishonaman.
Fabino: - Evropa chempionlar ligasi - dunyodagi eng kuchli turnir. U erda hammasi mutlaqo boshqacha. Osiyo va Evropaning eng oliy musobaqalarini taqqoslamagan bo‘lardim.
O‘zbekistonga ilk bor kelishim. Shuningdek, OChLda ham birinchi marta ishtirok etmoqdaman. Shunday ekan, xulosa chiqarishga hali erta, deb hisoblayman.
Biz o‘tgan turda Iroq klubiga mag‘lub bo‘ldik. Ular yaxshi o‘yin namoyish etdi. Ammo biz o‘sha bahsda 6 futbolchimizdan foydalana olmasdik. Kante, Benzema, Romarino kabi yigitlar jarohat sabab bizga yordam bera olishmasdi. Guruhdan chiqishga hali imkonimiz bor ekan, biz oxirigacha kurashamiz.
Galyardo: - O‘zbekistonda ilk marta bo‘lishim. Bu davlat haqida ko‘p ma’lumotga ega emasman. Yagona bilganim, 17 yoshlilar o‘rtasida jahon chempionatida terma jamoangiz sifatli va saviyali o‘yin namoyish etdi. Ular menda yaxshi taassurot qoldirdi.
Fikrlar