
Abramovdan Latipovgacha yoxud pro ligani "yondiradigan" murabbiylar va debyutantlar jam bo‘lganda...
Pro liga musobaqasiga ham Superligadan kam bo‘lmagan darajada e’tibor qaratilyapti. Ayniqsa, o‘tgan yilgi chempionatda pro liga qanday “yondirilgani”ni ko‘rdingiz-a?
Yangi mavsumda yana kuchli intriga bo‘lishi kutilmoqda. Bunda bosh murabbiylarning ham roli katta bo‘ladi. E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, pro ligada yana nomi chiqqan va shu bilan birga debyutant murabbiylar bor. Ular pro ligani yana “yondiradi”larmi? Quyida shu xususida so‘z yuritamiz.
Denis Korostichenko – “Lokomotiv” bosh murabbiyi
Denis Vladimirovich murabbiylik faoliyatining hozirgacha bo‘lgan davr mobaynidagi katta qismini “Lokomotiv” klubida o‘tkazib kelmoqda. U o‘tgan vaqt davomida turli lavozimlarda ishlab keldi. Oxirgi paytlarda esa Korostichenko bosh murabbiylik vazifasini bajaryapti. O‘tgan yilgi natijalardan xabardorsiz. “Lokomotiv” mazkur mutaxassis bilan chempionatga kirishdi va orada iste’foga chiqarildi. Baribir oxirida yana Korostichenko boshchiligida yakunlashdi. Faqat bu safar u Mirko Yelichich bilan tandem sifatida ish boshladi. Garchi jamoa pro ligaga tushib ketganiga qaramay, rahbariyat tomonidan Korostichenko-Yelichich tandemiga yana ishonch bildirilmoqda. Murabbiylar kerak bo‘lsa, Superligadagidan ko‘ra tarkibini yanada tajribali o‘yinchilar bilan boyitib oldi. Murabbiylarning vazifasi kundek ravshan – klubni Superligaga qaytarish.
Vadim Abramov – “Dinamo” bosh murabbiyi
Korostichenko kabi Abramov ham “Dinamo” bilan Superligani tark etdi. O‘tgan mavsum yarmidan Samarqand klubini boshqarishga kirishgan Vadim Karlenovichga jamoani elitada saqlab qolish nasib qilmadi. Shunga qaramay, Abramov rahbariyat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shu sababdan “Dinamo” pro ligada mazkur bosh murabbiy boshchiligida kurashga kirishdi. Vadim Abramov bilan tushib ketgan “Dinamo” yana shu murabbiy bilan Superligaga qaytib chiqmoqchi. Buni yaxshi his qilib turgan mutaxassis klubni elitaga qaytarishini aytdi va tarkibini o‘zi istagan ijrochilar yordamida kuchaytirdi. Balki Abramovning ilk bor pro ligada ishlashi ushbu musobaqadagi intrigani yanada boyitishiga xizmat qilar...
Davron Fayziev – “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi
Qo‘qonliklarning qismati ham yuqoridagi mutaxassislarniki kabi. Yodingizda bo‘lsa, Davron Fayziev Baxtiyor Ashurmatovdan keyin “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi lavozimiga tayinlangandi. Biroq muvaffaqiyatsiz natijalar tufayli Fayziev klubni kuchlilar orasida saqlab qolishni uddalay olgani yo‘q. Qishda turli gap-so‘zlar paydo bo‘ldi va boshqa mutaxassis kelishi mumkinligi ham aytildi. Lekin amalda barcha taxminlar to‘g‘ri bo‘lib chiqmadi. Davron Fayziev bilan hamkorlik yana davom ettiriladigan bo‘ldi. Rahbariyatning ishonchi sababli jizzaxlik mutaxassis Qo‘qondagi faoliyatini davom ettirmoqda. Katta ehtimol bu uning uchun oxirgi imkoniyat. Chunki hamma tushunib turibdiki, “Qo‘qon-1912” shu yilning o‘zidayoq Superligaga qaytmoqchi. Hozircha dastlabki ikkita turdan keyin ularning hisobida 4 ochko bor.
Dilyaver Vaniev – “Mash’al” bosh murabbiyi
Oxirgi yillarda “Mash’al” klubi pro liga bilan ovora bo‘lib qolayotganini sezayotgandirsiz. Jamoa hali Superligaga qaytishga tayyor emasdek tasavvur uyg‘otmoqda. Albatta, yangi boshlangan chempionatda qanday bo‘lishini bilmaymiz-u, lekin “Mash’al” pro liganing joriy mavsumini ketma-ket ikkita mag‘lubiyat bilan boshladi. Bosh murabbiy o‘sha-o‘sha Dilyaver Vaniev. Anchadan beri “Mash’al”ni boshqarib kelmoqda. Bilasiz, u o‘yinchi sifatida ham muborakliklar safida ancha vaqt to‘p surgan. “Mash’al”ga sadoqatli inson sifatida murabbiylik vazifasida ham jamoani boshqarib kelyapti. Biroq hozircha natijalar kutilgan darajada emas. Bu yil ham Vaniev klubda o‘z postida qolgan. Natija qanday bo‘lishini chempionat oxirida bilamiz. Ammo “Mash’al” ham favoritlar qatorida.
Aleksey Evstafeev – “Sho‘rtan” bosh murabbiyi
O‘sha siz yaxshi bilgan murabbiy – Aleksey Evstafeev Rossiyadagi faoliyatidan so‘ng nihoyat yana O‘zbekiston chempionatiga qaytdi. Unga “Sho‘rtan” klubi tomonidan jiddiy taklif kelib tushgani sababli Aleksey Vladimirovich G‘uzor jamoasini boshqarishga rozi bo‘ldi. “Sho‘rtan” Evstafeev uchun o‘zini yana bir bor ko‘rsatish uchun imkoniyat desak bo‘laveradi. Hozircha starti chakki emas. Dastlabki turda G‘uzorda “Qo‘qon-1912”ga 0:3 hisobida yutqazayotib 3 ta gol urgan holda mag‘lubiyatni g‘alabaga teng durangga o‘zgartira olish uchun xarakter topa olgan bo‘lsa, 2-turda Buxoroda “G‘ijduvon” 1:2 hisobida mag‘lub etildi. “Sho‘rtan” jamoasi asta-sekin yangi murabbiyning uslubini o‘zlashtirib boryapti. Lekin buning samarasini oliy hakam – vaqt ko‘rsatadi.
Ruslan Ahmedov – “Xorazm” bosh murabbiyi
O‘tgan yili Ahmedov boshchiligidagi “Xorazm” ancha tajovuzkor jamoa sifatida taassurot qoldirgani yodimizda. Ayniqsa, etakchilarga qarshi o‘yinlarda yanada xavfli jamoaga aylangandi. Yangi mavsumda ham amaldagi bosh murabbiy Ruslan Ahmedov vazifasini davom ettirmoqda. O‘zining rejasiga asosan qishda jamoani tayyorladi. Bu yil “Xorazm” o‘tgan yilgidek xavfli raqibga aylanishi kutilmoqda. Zero, bosh murabbiy jamoada qolgani ham buning asosiy sabablaridan biri. Biroq “Xorazm” bu yil Ruslan Ahmedov bilan Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kirita oladimi yoki yo‘qmi, bu engil masala emas. Chunki pro ligada favoritlar bor.
Gennadiy Kochnev – “G‘ijduvon” bosh murabbiyi
O‘tgan yili pro ligada Buxorodan ikkita qatnashchi bor edi. Viloyatning bosh jamoasi Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgach, birgina “G‘ijduvon” qoldi. Klubni buxorolik mahalliy murabbiy Gennadiy Kochnev boshqaryapti. U boshqaruv postiga o‘tgan mavsumning yarmida keldi. Joriy chempionatda ham u “G‘ijduvon”ga ustozlik qilyapti.
Rashid G‘ofurov – “Navbahor-farm” bosh murabbiyi
Muxlislar uchun juda yaxshi tanish bo‘lgan Rashid G‘ofurov oxirgi yillarda “Navbahor-farm” jamoasiga ustozlik qilib kelayotganini bilsangiz kerak. Birinchi ligada g‘oliblikni qo‘lga kiritgan G‘ofurov jamoasi bu yil pro ligaga qadam qo‘ydi. Uning maqsadi “Navbahor”ning asosiy jamoasi uchun munosib o‘yinchilarni tayyorlab berishdan iborat. Bu yo‘nalishda Rashid G‘ofurovning imkoniyati yuqori baholanyapti.
Ne’matilla Quttiboev – “Aral” bosh murabbiyi
O‘zbek futbolining yana bir taniqli insonlaridan biri, futbolchilikdan so‘ng o‘zini murabbiylikka bag‘ishlagan Ne’matilla Quttiboev “Aral” bilan birga ilk bor pro ligada ishtirokini boshladi. Uning va klubining debyuti qanday bo‘lishini kuzatish albatta qiziq. O‘tgan yili birinchi ligada munosib ishtirok etganini bilamiz. Bu yil pro ligada qatnashishi bois tarkibini ham kuchaytirdi, yangi nomlar taklif qilindi. Ne’matilla Quttiboev “Aral”ning natijalarini pro ligada qanchalik yaxshilay olishini birgalikda kuzatamiz.
Shoxruh Ishanov – “Andijon-SGS” bosh murabbiyi
Ushbu yosh klub ham pro ligada debyut mavsumini boshladi. Shunga mos ravishda bosh murabbiyi Shoxruh Ishanov ham pro ligada ilk bor ko‘rinish bermoqda. 2022 yili birinchi ligada qatnashgani yodingizda bo‘lsa kerak. Yanada kuchliroq chempionatda ularni murakkab bahslar kutyapti.
Alisher Latipov – “Yunired” bosh murabbiyi
Samarqandning “Yunired” jamoasi ham “Navbahor-farm”, “Andijon-SGS”, “Aral” kabi pro ligada debyutini o‘tkazyapti. “Yunired”ning loyihasi istiqbolli ko‘rinayotgani uchun ham bu yil pro ligada qatnashishiga ruxsat berildi. Bosh murabbiy Alisher Latipovning zimmasida juda mas’uliyatli vazifa turibdi. Boisi, u “Yunired”ni debyut ishtirokida pro ligada saqlab qolishi kerak.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar