A Seriya yakunlari: mavsum sarhisobi

  • 9 avgust, 2020, 16:35
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Qariyb 1 yil, aniqrog‘i 2019 yil 24 avgustdan to 2020 yil 2 avgustgacha davom etgan Italiya futboli tarixidagi 118-chempionat bizga super to‘qnashuvlarga boy qiziqarli mavsum tuhfa etdi. 16 shaharning 17 ta stadioni mezbonlik qilgan A Seriyaning 2019/20 yilgi mavsumida Turinning “Yuventus” klubi qatorasiga 9-chempionlikni nishonlagan bo‘lsa, “Inter” jamoasi vitse-chempion maqomini qo‘lga kiritdi. Kuchli uchlikka “Atalanta” a’zolari yakun yasagan holda, “Latsio”ni bronza medallaridan mahrum qilishdi. “Lechche”, “Breshiya” hamda SPAL klublari elitani tark etdilar.

Tecno

1_3

To‘purarlar bahsida “byankadzurrilar” forvardi Chiro Immobile 36 gol bilan etakchilik qildi. E’tiborli jihati, u gollarining 14 tasini 11 metrlik jarima zarbasidan kiritgan. “Yuve” yulduzi Krishtianu Ronaldu bu borada 2-natijani qayd etdi. Buning uchun u raqiblar postiga 31 marta (12 bor penaltidan) yo‘l topishiga to‘g‘ri keldi. “Nerradzurilar” hujumchisi Romelu Lukaku 23 ta aniq zarba (6 penalti) bilan kuchli uchlikka yakun yasab berdi.

Rimliklarning yana bir futbolchisi Luis Alberto esa 15 ta golga hammualliflik qilgan holda eng yaxshi assistentga aylandi. Undan keyingi o‘rinlarni bergamoliklar sardori Alexandro Gomes (14 ta) hamda “Jallorossilar” havbeki Lorentso Pellegrini (9 ta) band etgan.

2_4

Mavsumni 13-pog‘onada yakunlagan “Udineze” posboni Xuan Musso 38 ta o‘yinning barchasida ishtirok etgan va 14 ta uchrashuvda o‘z posti daxlsizligini saqlab qola olgan. Undan keyingi o‘rinlarni 35 uchrashuvda maydonda harakat qilib, 13 ta quruq o‘yinga ega Samir Xandanovich va Italiya futboli kelajagi, deb e’tirof etilayotgan Janluiji Donnarumma egalladi. “Rossonerilar” kiperi hisobida 36 o‘yindan 12 ta darvozasidan to‘p o‘tkazib yuborilmagan bahs mavjud.

4_3

Gollarga boy o‘tgan ushbu mavsumda umumiy hisobda 380 ta bahs o‘tkazilib, ularda 1154 ta gol urildi va butun chempionat tarixidagi 4-natijaga aylandi. Bu har bir uchrashuv uchun o‘rtacha hisobda 3,04 ta aniq zarbaga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p to‘p kiritgan jamoalar:

1.“Atalanta” – 98 (klub tarixidagi eng yaxshi natija);

2.“Inter” – 81;

3.“Latsio” – 79 ta gol.

Qayd etish joiz, barchaning tasavvurida himoyaviy o‘yin namoyish etuvchi A Seriya klublari kuchli beshlik ligalari orasida eng sermahsul ko‘rsatkichga erishdilar. Bir qancha yo‘nalishlar bo‘yicha eng yirik hisoblarda Janpero Gasperini shogirdlari g‘alaba qozonishdi. Xususan, uy uchrashuvlaridagi eng katta hisobda yakunlangan o‘yin “Atalanta” va “Inter” jamoalariga tegishli. Bergamoliklar o‘z raqibi “Udineze” futbolchilarini 7-1 va milanliklar Lombardiyadan tashrif buyurgan “Breshiya” vakillarini 6-0 hisoblari bilan “siylashgan”. Raqib maydonidagi eng yirik g‘alabani ham Gasperini shogirdlari qo‘lga kiritishgan: 2020 yil 25 yanvarda “Torino” bilan o‘yinda mehmonlar raqib darvozasiga javobsiz 7 ta to‘p yo‘llashgan. Eng sermahsul bahs ham aynan bergamoliklarga tegishli: 1 mart kuni “Lechche” maydonida kechgan o‘yinda mezbonlar 2-7 hisobida mag‘lubiyatga uchragan.

5_3

“Blits rekordlar”:

- “Yuventus” jamoasi eng yaqin ta’qibchisi “Inter”ni 1 ochko farqi bilan ortda qoldirdi va 2001/02 yilgi rekord darajadagi minimal farq takrorlandi;

6_4

- “Milan” yulduzi Zlatan Ibragimovich musobaqa tarixida bir mavsumda 10 ta gol urgan eng yoshi katta futbolchiga aylandi (38 yosh 302 kun);

- Chempion “Yuventus” klubi so‘nggi 10 mavsumda to‘plagan ochkolari ichida eng past ko‘rsatkich (83 ochko) bilan ham zafar qucha oldi. Oxirgi marta bundan 1 ochko ko‘proq jamg‘argan yili (2011/12) “keksa sinora” futbolchilari “Skudetto”ni boy berishgan;

8_3

- “Oltin butsa” sohibi Chiro Immobile bu mavsum 14 ta penalti tepdi va kuchli beshlik chempionatlarida ham bu ko‘rsatkich bo‘yicha peshqadam bo‘ldi;

- Janluiji Buffon “Skudetto”ni umumiy hisobda 10-marta qo‘lga kiritdi, uning jamoadoshi Kellini esa ketma-ket 9 bor bosh sovrin egasiga aylandi. Ushbu ikkala afsonaning ham natijasi rekord sanaladi;

10_3

Kutilmagan natijalar, chiroyli gollarga boy o‘tgan A Seriya uchrashuvlari bizga bir qancha yulduzlarni kashf etib berdi. Keyingi mavsumlarda Sandro Tonali, Teo Ernandes, Stefano Sensi, Deyan Kulusevski, Alessandro Bastoni kabi umidli futbolchilardan yanada mazmunliroq o‘yinlar kutishimiz mumkin. Agar boshqa top chempionatlardagi grand jamoalar ularni sotib olishmasa, kelayotgan mavsum ular Skudetto kurashini tom ma’noda qizdira oladilar.

11_2

Qolaversa, Krishtianu Ronaldu, Chiro Immobile, Paulo Dibala, Alexandro Gomes, Xakan Chalxanoglu, Aleksis Sanches kabi katta tajriba egalari ham o‘tgan yilgiga qaraganda kuchli o‘yin ko‘rsatishdi. Ularning o‘z formasini yuqori darajada ushlab turayotganliklari futbol muhlislarini quvontirmoqda. Va albatta, Zlatan siymosi bu chempionat saviyasini yana bir karra oshirdi. A Seriya 2020/21 yilgi mavsumi 19 sentabrda qaytadi. Ungacha bizning asosiy e’tiborimiz UEFA turnirlari va Superliga bahslariga qaratiladi.

12_1

Javohir Azimov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!