
Toshkentda Georgiy A’zamov xotirasiga bag‘ishlangan Xalqaro shaxmat turniri yakunlandi (To‘liq sharh)
Bugun birinchi o‘zbek grossmeysteri Georgiy A’zamov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan 11-xalqaro musobaqa o‘z yakuniga etdi.
Kuchli shaxmatchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ushbu musobaqada chempionlik ukrainalik grossmeyster Aleksandr Bartnyakka nasib etdi. U 9 imkoniyatdan 7,5 ochko jamladi va reytingdagi o‘rnini yaxshilab olish uchun qulay imkoniyatga ega bo‘ldi. Ahamiyatli jihati shundaki, turnir davomida hech bir raqibiga mag‘lub bo‘lmagan Aleksandr 4-turda o‘zbekistonlik yosh shaxmatchi Nodirbek Abdusattorovga engilgan edi. Shunga qaramasdan, ukrain shaxmatchisi qolgan barcha raqiblarini qiyin vaziyatda qoldirib, turnir g‘olibiga aylandi.
Ikkinchi o‘rin esa 7,5 ochko jamg‘ara olgan beloruslik Kirill Stupakka nasib etdi. Kuchli uchlikni 6,5 ochkoga ega bo‘lgan arman grossmeysteri Tigran Kotanjian yakunlab bergan bo‘lsa, qozog‘istonlik Pavel Kotsur musobaqa jadvalining to‘rtinchi o‘rindan joy oldi.
Hamyurtimiz Bobur Sattorovga beshinchi o‘rin nasib etdi. Bobur ham uchinchi 6,5 ochko jamg‘ara olgan. Yosh shaxmatchimiz faqatgina ikkinchi o‘rin sohibi, Krill Stupakka mag‘lub bo‘lgan, ammo u grossmeystrlardan Vasiliy Papin va Merab Gagunashvililarni, shuningdek, xalqaro master Muhammad Husenxo‘jaevni engishga muvaffaq bo‘ldi. Qozog‘istonlik yana bir grossmeyster Murtas Kazgaleev hamda hindistonlik xalqaro master Lutfiy Ali Muhammad o‘rtasida bo‘lgan partiyalarda esa kuchlar teng keldi va tomonlar ochkolarni bo‘lishib olishdi.
Turnir davomida faqatgina Bobur Sattorovga imkoniyatni boy bergan Merab Gagunashveli oltinchi o‘rinni egalladi. Hali yosh bo‘lishiga qaramay, ikki grossmeysterni mag‘lub qilgan yurtdoshimiz, Nodirbek Abdusattorovga bu gal ettinchi o‘rin nasib etdi.
Shuningdek, hamyurtlarimiz Ulug‘bek Tillaev 6,5 ochko, Javohir Sindarov, Ortiq Nig‘matov, Akmal Fayzullaev, Elbek Jumanov, Nodirbek Yoqubboev va Abdumalik Abdusalimovlar esa 6 ochkodan jamlab “A” guruhida 95 ta ishtirokchilar orasidan kuchli yigirmatalikka kirishga muvaffaq bo‘lishdi.
“B” guruhda birinchi o‘rinni 7,5 ochko jamg‘argan Islombek Sindarov band etgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Olmos Rahmatullaevga nasib etdi, uning hisobida esa 7 ochko mavjud. Kuchli uchlikni 6,5 ochko bilan Javohir G‘ulomov yakunlab berdi.
Irodabonu AVVALBOEVA tayyorladi
Fikrlar