
«Siti» – «Liverpul» yoxud «titanlar jangi» (Erkinjon G‘aybullaev blogi)
Amaldagi chempion chempionlikka da’vogarga qarshi, Gvardiola Kloppga qarshi, eng yaxshi hujum eng yaxshi himoyaga, «ko‘klar» «qizillar»ga qarshi, pul intizomga, to‘pga egalik qiluvchi tizim qarshi-hujumga asoslangan tizimga qarshi «jang qiladi». Umuman aytganda bizni ajoyib o‘yin kutmoqda.
«Shaharliklar» bir oy avval ham turnir peshqadami edi. Biroq dekabr ularga og‘ir keldi va «Liverpul» katta sahnaga chiqib oldi. Ayni vaqtda ular eng yaqin ta’qibchisidan naq etti ochkoga ilgarilab ketgan. Mersisaydliklar hozir katta kuchga aylanib bormoqda va naq 30 yillik sovrinsiz mavsumiga nuqta qo‘yish uchun tarixiy mavsumga tayyorlanmoqda.
Ammo klub chempionlikni qo‘lga kiritish uchun g‘alabani qanday qilib ushlab qolishi kerak? «Siti» esa Klopp shogirdlarini engish uchun nimalar qilishi zarur? Quyida ana shu savollarga javob izlab ko‘ramiz.
«Etihad»da qanday qilib «Siti»ni yutish mumkin?
Faqatgina ikki jamoa «Manchester Siti»ni o‘z maydonida taslim qilishning uddasidan chiqdi. Bular «Lion» va «Kristal Pelas»! O‘tgan mavsumdagidan bittaga kam. Lekin hozir mavsumning endigina birinchi davrasi tugagan va hali oldinda uzoq muddat bor. «Liverpul» o‘tgan mavsumda «shaharliklar»ni o‘z uyida enggan jamoalardan biri. Biroq bu holat Chempionlar Ligasining javob o‘yinida sodir bo‘lgandi. Chempionat doirasida esa «Liverpul» Gvardiola kelmasidan oldin ham yuta olmagan.
Bu safar «qizillar» «Etihad» deb atalmish «qo‘rg‘on»ni buzishning uddasidan chiqa oladimi?
Javob ha. Agarda «Siti» o‘z uyida yutqazgan ikki uchrashuvdagi gollarning dastlabkisiga ahamiyat bersak, «ko‘klar» chapdan-o‘ng qanotga o‘tkazilgan uzatmadan keyin gol o‘tkazib yuborganiga guvoh bo‘lamiz. Maksvell Kornening goli Nabil Fekirning o‘ng qanotdan yurishi va keyin chap qanotga to‘p etkazib berilishi ortidan sodir bo‘lgan. Jeffrining goli ham huddi shu tarzda ro‘y berdi.
Ammo bu doim mag‘lubiyatlarga olib keladi degani emas. «Manchester Siti» «Nyukasl»ni 2-1 ga yutgan o‘yinda ham “qarg‘alar” huddi shu uslubda gol urishning uddasidan chiqqandi.
Bu vaziyatlarning asosiy qurboni Kayl Uolker bo‘lgan. Angliyalik futbolchi o‘tgan mavsumni a’lo darajada o‘tkazganiga qaramay yangi mavsumda raqibning bosimini qaytarishda sustkashlikka yo‘l qo‘ymoqda.
U vingerlarga yaqin o‘ynamayotgani sabab himoyadagi ishini munosib tarzda bajara olmayapti.
«Liverpul» uchun gol urishning yagona yo‘li bu Uolkerga hujum qilish. Sadio Mane va Robertsonlarning borligi sabab Klopp shogirdlari bu vazifani uddalashi mumkin. Salohning ham to‘p bilan ko‘proq bu qanotda o‘ynayotgani mehmonlarning imkoniyatlarini keskin oshirib yuboradi.
«Liverpul»ga qanday qilib gol urish mumkin?
«Liverpul» bu mavsumda atigi 8 gol o‘tkazib yuborgan. O‘z uyida birorta klub ularga bittadan ko‘p gol urmagan. Evropa yashil maydonlarida buni bajarishning iloji bo‘lmasada, ichki chempionatda Klopp shogirdlariga tengsiz keladigani yo‘q.
Chempionlar Ligasida ular tezkor hujum uyushtirishning ortidan gollar o‘tkazib yuborayotgan bo‘lsa, Premer Ligada nimani ko‘rishimiz mumkin? Klub o‘tkazib yuborgan gollarning yarmi quyidan o‘ynash ortidan kiritilmoqda. Gezzal, Paterson, Lingard va Meytland-Naylz huddi shu tarzda gol urishdi.
Havodagi kurashda Virgil Van Deykni dog‘da qoldirish imkonsiz. U har qanday ishni uddasidan chiqadi. Ammo erdan o‘ynashga kelganda gollandiyalik futbolchini ham aldab o‘tish mumkin.
Chempionlar Ligasida «Napoli» va «PSJ» bu ishni boshlab berdi. «Liverpul»ga qanotlardan tezkor hujum qilib, himoyachilarga yuzlanish va erdan o‘yin taklif qilish nafaqat himoyachilarni balki Alissonni ham sarosimaga tushishiga olib kelmoqda.
Alisson o‘tkazib yuborilgan ba’zi gollarda to‘liq aybdor. U Kariusning ancha yaxshilangan varianti bo‘lmoqda. Ayniqsa qisqa soch turmagi va soqolini aytganda. U jamoasining eng yaxshi himoya chizig‘iga egaligi tufayli yaxshiroq ko‘rinmoqda. Biroq u dunyoning eng yaxshi darvozaboni bo‘lishga loyiq o‘yin ko‘rsatmayapti.
«Manchester Siti» tezkor hujum tashkil qilib erlatib o‘ynagan taqdirda o‘z maqsadiga erisha oladi. Buni bajaradigan Mendi, Sane va Sterlinglar bor. Ammo buni amalda bajarish kerak. Qanchalik o‘xshashini esa vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar