
"Sherdor" murabbiyi: Oldimizga Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan edi...
Xabaringiz bor bundan biroz avval “Do‘stlik” stadionida Pro-liga pley-offidan o‘rin olgan dastlabki bahs bo‘lib o‘tdi. Unda “A” va “B” guruhlarida ikkinchi o‘rinni egallagan “Mash’al” va “Sherdor” o‘zaro kuch sinashdi. Qiziqarli kechgan uchrashuvda tajriba o‘z so‘zini aytdi va muborakliklar yirik 4:0 hisobida g‘alaba qozonishdi.
O‘yindan so‘ng samarqandliklar katta murabbiyi Baxtiyor Sattorov SPORTS.uz muhbiriga o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Bugungi bahsda raqibimizning bizga nisbatan ancha tajribali ekani yaqqol bilindi. Umuman olganda mavsum boshida oldimizga Superligaga chiqish vazifasi qo‘yilgan edi. Biroq, bu vazifani qay darajada uddalay oldik buni bugungi bahs ko‘rsatib qo‘ydi. Bir so‘z bilan aytganda vazifa bajarilmadi. Agar biz ushbu o‘yinda ham g‘alaba qozonib, keyingi bosqichda ham zafar quchganimizda vazifani bajardik deyishimiz mumkin edi.
Endi yo‘l qo‘ygan kamchiliklarimiz ustida astoydil ishlab, kelasi mavsumga bundanda jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz.
Shuni ham alohida aytib o‘tmoqchimanki, kubok 1/8 final bosqichiga qadar etib borishimiz va u erda amaldagi chempion bilan bahs yuritishimiz jamoadagi futbolchilarga katta tajriba bo‘lib xizmat qildi. Chunki, safimizdagi aksariyat futbolchilar o‘zimizning samarqandlik mahalliy yoshlar. Bunday katta jamoalarga qarshi o‘yinlar esa ularning kelajakdagi faoliyati uchun muhim omil bo‘ladi”, - deydi Baxtiyor Sattorov.
Fikrlar