Alamzada futbolchi “Barsa”ni bir chaqasiz qoldiradi
“Barselona”ning zaxira darvozaboni Inyaki Penyaning Kataloniyadagi ishlari tugagan ko‘rinadi. Uning klub bilan yana bir yillik shartnomasi borligiga qaramay, u “Barsa”da qolmoqchi emas.
Joriy mavsum davomida kataloniyaliklarning asosiy golkiperi Mark-Andre ter Shtegen jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqqanida darvozani qo‘riqlash Inyaki Penyaga topshirildi.
Biroq keyinchalik bosh murabbiy Xans-Diter Flik Inyaki Penya o‘rniga maydonga Voytsex Shchesnini tushirdi. Bu holat Inyakiga yoqmadi va bu tanlov uchun germaniyalik mutaxassisdan izoh so‘radi.
Oqibatda bosh murabbiyning futbolchiga munosabati o‘zgardi.
Sport nashrining yozishicha, Inyaki Penya yozda klubdan transfersiz ketadi. Kataloniyaliklar uning ketishidan biror chaqa pul ishlay olmaydi. Klub mutasaddilari mavsum yakunlangach, uni boshqa klubga transfer qilib, g‘aznaga mablag‘ tushirmoqchi edi.
Xans-Diter Flik kelasi mavsum birinchi raqamli posbon Mark-Andre ter Shtegen bo‘lishini, Voytsex Shchesni zaxira darvozaboni vazifasini bajarishini aytdi. “Barselona” yozda Inyaki Penya o‘rniga uchinchi golkiper qidiryapti.



Fikrlar