Raneri: Hech qachon mening gaplarimga quloq solma. Men nima deyayotganligimni o‘zim ham bilmayman

  • 28 aprel, 2017, 21:00
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Mavsumning MVPsi rolida Kanteni ko‘rishga hamma ko‘nikib qoldi. Ngolodan bu mavqeni tortib olishi mumkin bo‘lgan yagona da’vogar bu – Eden Azar edi, ammo ovoz berish natijalari Kantening ustunligini tasdiqladi. Angliyada o‘tkazilgan ikki mavsum ichida Kantening biografiyasi ipidan-ignasigacha o‘rganildi. Tabiatan kamtarligi va kamgapligi tufayli futbolchining o‘z tilidan hayoti haqidagi so‘zlarni eshitish amri mahol. Shunga qaramay, ancha-muncha ma’lumotlar ma’lum.

Tecno

Kante haqida bilmaydigan faqat siz emas.

Qiyofasi yosh bolalarnikiga o‘xshaydigan, ustiga-ustak aybdorlarcha tabassum hech qachon yuzidan arimaydigan bu yigitning premer-liga yulduziga aylanishi “Bulon” direktorining xayoliga ham kelmagan bo‘lsa kerak. Sipo kiyim va bosiq xulq istalgan kishini sotib qo‘yishi mumkin, lekin Match of the Day dasturi efirlarida bir necha oylardan buyon ishtirok etayotgan odamni emas, deya muhokama qilishadi Lineker va Shirer.

-Ma’zur tutasiz, kimsiz? Bu erda nima qilyapsiz?

-Ngolo Kante, Frantsiya terma jamoasi va “Lester” o‘yinchisi.

O‘zining sobiq klubiga yo‘l-yo‘lakay ko‘rishib ketish uchun kirgan Kanteni hech kim taniy olmadi. Angliyada “Lester” mashg‘ulotlar kompleksida ham dastlabki kunlarda xuddi shunday holat ro‘y bergan edi. Boshdan-oyoq o‘zgargan futbolchini hatto “O‘g‘lim, bu erda nima qilib yuribsan? Oyingni izlayapsanmi?” kabi savollar bilan mazax ham qilishgan.

Kantening ilk o‘yinidagi hayratlanarli gol

Professional futbolga Kante 2012 yil may oyida kirib keldi. “Bulon” uchinchi divizionga o‘tishi aniq edi. Ngologa “Monako” bilan bo‘layotgan bahsda o‘n bir daqiqa o‘ynashga imkon tegdi. “Bulon”ning har doimgi stsenariysi takrorlandi: Tezkor gol, ammo mag‘lubiyat...Keling shuning uchun qiziqroq narsa haqida gaplashamiz.

Yo‘q, to‘xtang. Hammasi siz o‘ylaganchalik silliq kechgani yo‘q. Aks holda bu o‘yin YouTubeni larzaga solmas edi.

Ishonmasligingiz mumkin, lekin o‘sha o‘yinda to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarima to‘pidan darvozabon Daniel Subashich naq “Monako” darvozasiga gol kiritgan edi. Ajoyib-a?!

Kantening muvaffaqiyati sobiq klubiga mikroavtobus keltirdi.

Syuren Parijdan atigi to‘qqiz kilometr uzoqda joylashgan, u poytaxtga eng yaqin shaharcha. Bu erdagi kichkina klubda o‘n yoshli Kante o‘z ish faoliyatini boshlangan. Bu jamoadagi an’analar 80 yildan beri mavjud bo‘lsada, muvaffaqiyatlar barmoq bilan sanarli darajada edi. Uning bolalikdagi murabbiysi Petr Voytina: “Bizning jamoadan professionalar orasiga o‘tish bu-xuddi lotoreyada yutuq chiqqandek gap edi. Klubda hozirgacha ishlab kelayotgan Voytina va Tomash Bjimek Ngoloning tirishqoqligi haqidagi voqeani ommaga taqdim qilishgan edi. Ta’tilga chiqishdan oldin ular Ngologa o‘yinda unga chap oyog‘i va boshi pand berayotganligi, o‘z ustida ishlashi kerakligini aytishadi. Ikki oydan so‘ng bolakay to‘pni boshi va chap oyog‘ida ellik marta urishga erishadi.

Havaskor klubning kichkina kiyinish xonasi Kantening suratlari va u haqida maqolalar chop etilgan gazetalar bilan to‘lib ketgandi. “Syuren” uchun u faxr timsoli edi. Kantening”Kan” ga o‘tishi jamoaga 8 ming evro, “Lester”ga o‘tishi esa 240 ming evro keltirdi. Rahbariyat bu borada hatto majlis ham o‘tqazdi, axir shu paytgacha klub hisobiga bunchalik katta mablag‘ tushmagandi-da. Mablag‘ni ikkita mikroavtobus sotib olishga va murabbiylar shtabiga bir necha odamni qabul qilishga kelishildi. Ngoloning “Chelsi” va “Syuren”dagi transferlari oldida kirimlarni nimaga sarflash masalasi turardi. Kantening pulga bo‘lgan munosabati haqida Djeymi Vardi o‘z kitobida aytib o‘tgan. Kante mashg‘ulotlarga kech qoladi va qoidaga ko‘ra klubga 100 funt jarima to‘lashi kerak edi. U jarimani to‘lash borasida uzoq tortishadi, axiri atrofdagilarga shunday deydi: “Afrikada odamlar ocharchilikdan qiynalayotgan bir paytda, qanday qilib men shunday arzimas narsaga pul sarflashim mumkin?” Shu orqali pul xayriyaga ajratiladigan buldi.

Kante va qimmatbaho mashinalar

Vardining eslashicha, dastlab Kante mashg‘ulotlarga piyoda qatnashni xush ko‘rar va avtomobilga ehtiyoj sezmas edi. Premer-ligada bunaqasi ketmasligini unga tushuntirishgach, u Mini sotib oladi. “Kann”dagi vaqtlarida sheriklari mashg‘ulotlarga qimmatbaho mashinalarda qatnab yurishganida, Kante narsalari solingan ryukzak va skuter bilan kifoyalanib qo‘ya qolardi. Onasi unga bunaqa yurish yarashmasligini uqtirgachgina, minilgan Renault markali mashina sotib oladi.

Ngolo o‘n bir yoshdaligida otasi vafot etgan edi. Onasi farroshlik qilib, to‘qqiz farzandni voyaga etkazdi. Balki, harakatchanlik va mehnatsevarlik unga onasidan o‘tgandir.“U o‘yinda ishtirok etar, uyga borayotib marafonda yugurar, keyin do‘stlari bilan to‘p tepishga ham ulgurar edi”, deb eslaydi uning do‘stlaridan biri.

Vardi: “Mashg‘ulotlarda to‘pni saklab kolishni mashq qilarkanmiz (kvadrat 11 kishi 2 kishiga karshi),  Ngolo qayta va qayta to‘p oshirishda ataylab xato qilayotgandek tuyulardi ba’zida, o‘rtaga kirib to‘pni oluvchilarga qo‘shilish uchun. To‘p olishdan hech charchamasdi. U bundan zavq olardi”, deb eslaydi.

Uning bu qiliqlari “Lester”da “tomi ketgan” (rash) laqabini olishiga sabab bo‘ldi. Raneri unga bunaqa qilmaslikni, kuchini saqlashi kerakligini  uqtirardi. Ngolo boshi bilan “xo‘p” ishorasini qilar va darhol hammasini unutib o‘z bilganidan qolmasdi.

“Kan”da ham xuddi shu holat bo‘lgan. Sobiq safdoshlaridan biri buni shunday xotirlaydi:” U hammadan oldin, ertalab sakkizdayoq mashg‘ulotga kelar va hammadan kech chiqib ketardi. Bu uning qonida edi. U hech qachon o‘zgarmaydi... U juda kam gapiradi, o‘z qobig‘iga o‘ralib olgan. Biroq uning ichki dunyosi yuzida aks etib turadi. Angliyada u o‘zidan qanday taassurot qoldirgan bo‘lsa, hayotda ham xuddi shunaqa. U juda yaxshi inson”.

Professionallik, ma’suliyat - oddiydek ko‘ringani bilan hamma ham buning uddasidan chiqa olmaydi.  “Syuren”dagi safdoshi ikki haftaga Kantenikiga mehmonga borganida, hech qachon bunchalar zerikmaganligini aytadi. Ngolo mashq qilar, uxlar va yana mashq qilardi. Sayr-u sayohat, ko‘ngilxushlik unga yot edi.

Har doim Kanteni jamoangizga oling, ayniqsa FIFAda

“Chelsi”da FIFA o‘yiniga uxshab virtual mashqlarni real hayotda ikkiga bo‘linib o‘ynashga qaror qilishadi. Kurtua, Azar, Batshuaydan iborat guruh va Kante, Chaloba, Zuma uchligi savatga to‘p kiritishga bellashishadi. Bu o‘yinda ham Kantening omadi chopadi. Ishi yurishmayotgan Batshuay bilan o‘rin almashishganda esa, yana Kante ishtirok etayotgan jamoa g‘alaba qiladi. Haqiqatan ham, g‘alaba har doim u bilan edi.

Kante o‘zini Frantsiya terma jamoasiga noloyiq deb bilardi

Frantsiya terma jamoasi tarkibida u ilk bor 2016 yil 29 martda, tug‘ilgan kunida ishtirok etdi. Sovg‘a chakki bo‘lmadi: Rossiyani 4:2 hisob bilan mag‘lub etishdi, Ngoloning o‘zi ham gollardan biriga mualliflik qildi.

Dastlab u Malida o‘ynamoqchi edi, bu istagini qarindoshlik aloqalari bilan izohlardi. “Lester”da terma jamoadan voz kechish ahmoqlik ekanini, u erda imkoniyatlar kengligini tushuntirishganida, o‘zini Desham talablariga o‘zini noloyiq deb bilishni izhor qildi.

Kante timsolida orzular ro‘yobga chiqishining amaldagi isbotini ko‘rish mumkin. Birinchi xalqaro bahsda har doim taqlid qilib, havas qilib yurgani-Lassana Diarraning (eks-“Chelsi”, “Arsenal”, “Real”, “Lokomotiv”) o‘rniga o‘yinga kirdi.

Kantega shubha bilan qarashardi. Uning o‘z-o‘ziga shubhasi bundan ham kuchli edi.

Tirishqoqligi uni bunday yuqori cho‘qqilarga olib chiqishini xayoliga ham keltirmagan edi. “Bulon”dagi do‘sti Erik Vandenebel bir holatni doim zavq bilan eslaydi:” Ngolo bilan Evropa Ligasi bahslarini televizorda tomosha qilib o‘tirardik. Kuni kelib sen ham shunaqa o‘yinlarda qatnashasan, dedim unga. Qo‘ysangchi, buni orzu qilmasam ham bo‘ladi...”

Kelasi kuzda do‘stining mana shu bashorati amalga oshadi. Bunga u beshta frantsuz klublarining rad etishlari, kishilarning “bunaka bo‘yi bilan futbolda natijaga erishib bulmaydi” deb bildirgan shubhalariga qaramay erishdi. Klaudio Raneri ham uni premer-ligaga tayyor emas, deb hisoblardi. Riyad Marez va Djeym Vardini “erning tagidan sug‘urib olgan” skaut Stiv Uelsh o‘zini gapida qattiq turdi. Ngoloning bir necha kunlik mashg‘ulotlaridan so‘ng Raneri Uelshga shunday dedi: ”Hech qachon mening gaplarimga quloq solma. Men nima deyayotganligimni o‘zim ham bilmayman...”

Saodat Abduraxmanova tarjimasi

Manba: sports.ru

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!