
Povetkin uchun so‘nggi imkoniyatmi yoxud bugun Londonda superjang
Bugun, 22 sentyabr kuni Londondagi (Buyuk Britaniya) afsonaviy “Uembli” stadionida katta boks kechasi bo‘lib o‘tadi. Kechaning asosiy jangida ko‘pchilik sabrsizlik bilan kuchtgan super og‘ir vazn toifasida WBA/IBF/WBO/IBO chempionlik kamarlari sohibi Entoni Joshua (21-0, 20 KO) va Aleksandr Povetkin (34-1, 24 KO) o‘zaro to‘qnash keladi.
Deontey Uaylder va Tayson Fyuri qarama-qarshiligi bu jangga bo‘lgan qiziqishni to‘smoqchi bo‘lmoqda, ammo bu erda asosiy favorit bor. Muxlisu mutaxassislar Joshuaning imkoniyatlarini yuqori baholamoqda, ammo bu oson bo‘lmasa kerak.
28 yoshli Entoni Joshua (21-0, 20 KO) raqiblariga hali yutqazmagan. Unda tezlik, chidamlilik va jiddiy janglardagi tajriba hamda eng muhimi texnika, kuchli zarba bor. Povetkin bilan bo‘ladigan jangda britaniyalik bokschi uchun WBA chempionlik kamarini himoya qiladi. 2017 yil dekabr oyida Ekaterinburgda Povetkin (34-1, 24 KO) Kristian Xammerni mag‘lub qilib, ushbu kamarga rasman da’vogarga aylangan edi.
Aleksandr tezda titul uchun jang qila olmadi, sababi Joshua Jozef Parker bilan kamarlarni birlashtiruvchi jangga o‘tkazishga kelishib oldi va o‘z kollektsiyasiga WBO kamarini qo‘shib qo‘ydi. Povetkin esa bu orada Joshua – Parker to‘qnashuvining andekart jangida Devid Prays bilan jang qilishga erishdi va 5-raundda rossiyalik bokschi Prays og‘ir nokautga uchratdi.
Aslida bu jang o‘tkazilmasligi ham mumkin edi, biroq Joshua jamoasi WBC chempioni Deontey Uaylder bilan kamarlarni birlashtiruvchi jang o‘tkazmoqchi bo‘lishdi, afsuski, tomonlar kelisha olishmadi. Endi bu kelasi yilning 13 apreliga qoldirildi. Ungacha Joshua “Uembli”da yana bir jagng o‘tkazadi. Bu Povetkinning barchada taassurot qoldirishi uchun asosiy imkoniyat.
Yana shuni unutmaslik kerakki, 39 yoshli Povetkin uchun chempionlikni qo‘lga kiritish uchun so‘nggi imkoniyat bo‘lishi mumkin va u bunga tavakkal qildi. Uzoq masofada 12 raund ushlab turib, ochkolar bo‘yicha g‘alaba qozonishda Povetkinda imkoniyat yo‘q. Shuning uchun u muddatidan oldin raqibini ringga qulatishi kerak. Atigi birgina aniq harakat barchasini hal qilishi mumkin.
Ushbu jang kechasining ochilish to‘qnashuvida umidli bokschimiz Shahram G‘iyosov nikaragualik engilmas bokschi Xulio Lagunaga qarshi ringga chiqadi.
UZREPORT TV telekanali esa yilning eng shov-shuvli jangini jonli efirda 22:00 dan boshlab namoyish etadi.
Fikrlar