
"Paxtakor"da nima gaplar?
Shota Arveladze ustozligidagi «Paxtakor» klubi yana hammasini boshidan boshlamoqda. «Mavsum-2019»da «sherlar» o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan va shunga monand tayyorgarlik ham jiddiy tarzda olib borilyapti. Tarkibda ham shunga yarasha o‘zgarishlar yuz beryapti.
«Paxtakor» klubi 25 yanvardan boshlab BAAning Abu-Dabi shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga kirishdi. Ma’lumki, O‘zbekistonning vitse-chempioni 12 fevral kuni Osiyo Chempionlar ligasining pley-off bosqichida Iroqning «Eyr Fors» jamoasi bilan bellashadi. «Paxtakor»ning asosiy maqsadlaridan biri esa Chempionlar liganing guruh bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdan iborat. Shunday ekan, «Paxtakor»ning oldida ikkita o‘ta jiddiy o‘yin turibdi. Agar «Eyr Fors» to‘sig‘idan o‘tsa, yana bir pley-off uchrashuvi o‘tkaziladi. Xullas, Arveladze qizg‘in ish jarayonida va u jamoasini yangi mavsumga har tomonlama puxta tayyorlashga harakat qilmoqda. Ma’lumki, o‘tgan yili uning jamoasi «Al Garafa» to‘sig‘idan o‘ta olmay, OChL guruh bosqichidan quruq qolgandi. Bu safar yana o‘sha manzara takrorlanashiga endi yo‘l qo‘yishmasa kerak.
Ayni paytda klubda selektsiya ishlariga ham jiddiy ahamiyat qaratilmoqda. Ma’lumki, yaqinda «Paxtakor»ning bir qator futbolchilar bilan shartnomalar imzolangani haqida ma’lumotlar tarqalgandi. Klubdan olingan ishonchli xabarlarga qaraganda, hozirga kelib O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan Osiyo Kubogida ishtirok etgan o‘yinchilar – Sanjar Quvvatov hamda Doston Hamdamov bilan rasman shartnomalar imzolangan. Shuningdek, hujumchi Marat Bikmaev bilan ham kelishuvga erishilganligi haqidagi xabarlar tarqalgandi. Ammo u bilan bog‘liq aniq ma’lumot shundaki, hozirgi paytda Bikmaev «Paxtakor» bilan rasman shartnoma imzolamagan, faqat tomonlar o‘rtasida muzokaralar jarayoni davom etayotganini aytishimiz mumkin. Shu sababli hozircha Bikmaevni to‘laqonli ravishda «Paxtakor»ning futbolchisi deyishga shoshilmay turamiz.
Bundan tashqari, klubni tark etgan o‘yinchilar ham talaygina. Kamoliddin Tojiev, Stanislav Andreev, Jasur Hakimov, Akbar Ismatullaev kabi futbolchilar «Paxtakor» bilan to‘laqonli ravishda xayrlashishgandi. Shuningdek, darvozabon Aleksandr Lobanov ham o‘ziga boshqa jamoa qidirmoqda. Eng oxirgi ma’lumot shundan iboratki, jamoaning asosiy o‘yinchilari – himoyachi Akmal Shorahmedov hamda hujumchi Ismoil Gonsalvesh ham «Paxtakor»ni tark etishdi. Shorahmedovni katta ehtimol bilan OKMK jamoasida to‘p surishi kutilmoqda. Gonsalvesh esa Eronga yo‘l oldi. Shuningdek, Jaloliddin Masharipov haqida ham oxirgi paytlarda turli xabarlar tarqalmoqda. Shunisi aniqki, uning «Paxtakor» bilan tuzgan shartnomasi yakuniga etgan va futbolchiga chindan ham xorijdan takliflar bor. Lekin o‘z navbatida «Paxtakor» ham ushbu o‘yinchini o‘zida saqlab qolish uchun kurashmoqda va bu borada muzokaralar ham davom etyapti. Shu bois Masharipov hozircha «Paxtakor» bilan yangi shartnomaga imzo chekkani yo‘q. Darvoqe, himoyachi Egor Krimets bilan yangi shartnoma imzolandi.
Ayni paytda «Paxtakor» klubi chempionatimizda ko‘zga ko‘ringan ayrim futbolchilar bilan ham muzokaralarni olib bormoqda va yana tez orada bu boradagi xabarlar e’lon qilinishi kutilmoqda. Hozirda esa klubda ikki nafar legioner – Marko Simich bilan Dragan Cheran qolgan. Ma’lumki, PFL reglamentiga ko‘ra 4+1 ko‘rinishida legionerlar limitidan foydalanish mumkin. «Paxtakor»da Simich bilan Cheranni hisobga olsak, yana boshqa o‘rinlar uchun legionerlar limitidan foydalanish borasida klubda imkoniyat bor.
«Paxtakor» klubi BAAda bir qator xorij klublari bilan nazorat uchrashuvlarini ham o‘tkazadi. Aytish mumkinki, 12 fevral kuni bo‘ladigan OChL pley-off o‘yini oldidan ushbu yig‘in muhim ahamiyatga ega.
Fikrlar