"Manchester Siti" - MYu. Gvardiola bu safar ham Mourinoni enga oladimi?

  • 7 aprel, 2018, 16:57
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu hafta APL da bizni ajoyib uchrashuv kutib turibdi. Shu munosabatlar bilan ba’zi fikr mulohazalarni havola etishni joiz deb bildik.

Tecno

Angliya Chempionatining 33-turidan o‘rin olgan bahsda Gvardiola «Manchester Yunayted»ni mag‘lub etib chempionlikni rasmiylashtirishi mumkin. Ayniqsa, «Liverpul»dan uchralgan mag‘lubiyat sabab hozirda «qizil iblislar»ga havas qilish qiyin.

«Siti»ning derbi uchun rejalari o‘zgarganmi?

“Tajribali murabbiy «Liverpul» ga qarshi o‘yinlar o‘rtasida o‘yinchilarni qiynab qo‘ymaydi. Ularning hordiq olishi uchun sharoit yaratib beradi, ajoyib «derbi»ni ko‘rmaymiz”-deb o‘ylashgan edi mutaxassislar. Ammo «Enfild»dagi yirik mag‘lubiyat bugungi o‘yin uchun rejalarni o‘zgartirib yubordi.

Nazarimizda, bugun Gvardiola o‘sha mag‘lubiyat tasodif ekanligini isbotlash, futbolchilarda g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqni uyg‘otish uchun maydonga asosiy tarkibni tashlaydi. «MYu» va Mourino kutgandek sokin o‘yin bo‘lmaydi.

Chempionlar Ligasidagi javob o‘yini oldidan raqib ustidan g‘alaba qozonish zarur.

Taktika qanday tanlanishi mumkin?

«Siti» da turli variantlar mavjud. Ular «3-5-2» yoki «4-3-3» variantida maydonga tushishi mumkin. «Manchester»da bir hujumchiga asoslangan «sxema» tanlanadi” «4-1-4-1» yoki «4-2-3-1»

Taktikadan shuni anglashimiz mumkinki, Gvardiola asosiy e’tiborni hujumga qaratadi hamda gol urish yo‘l va usullarini qidiradi. Mourino esa 3 qatorli himoya va yarim himoyachilar bilan qarshi hujumga o‘tishga harakat qiladi.

Taxminiy tarkiblar:

“Manchester Siti” (4-3-3): Ederson – Uoker, Stounz, Otamendi, Lyaport (Zinchenko) – Fernandino, De Bryuyne, Silva (Gyundogan) – Sterling, Sane – Aguero (Jezus).

«Manchester Yunayted» (4-1-4-1): De Xea – Valenciya, Bayi, Smolling, Yang – Matich – Mata (Reshford), Lingard, Pogba, Sanches – Lukaku.

Rekord takrorlanadimi?

Agar Aguero jarohatidan forig‘ bo‘lib, shu bilan bir qatorda ajoyib o‘yin ko‘rsatib 3ta gol ursa, eski rekord takrorlanishi mumkin. «Siti» hujumchisi “derbi“da 8ta golga mualliflik qilgan. Bu borada u Erik Kontana bilan bir xil natija ko‘rsatib turibdi. Birinchi o‘rinda borayotgan Runida 11 gol mavjud. Mourino tanlagan tarkib va darvozabon bunga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiladi, albatta

Qarama-qarshiliklar

Lukaku-Otamendi va Stounz

«Manchester Siti» himoyaviy o‘yin ko‘rsatishga harakat qilgan o‘yinda Mane va Salahga «dosh» bera olishmadi. Shuning uchun murabbiy Kompani o‘rniga Otamende va Stounz juftligini tushirishi maqsadga muvofiq. Lukakuning kuchli raqiblar bilan omadi unchalik yurishgani yo‘q. Bugun u buning aksini isbotlashi shart.

Fernandino-Matich

Fernandinoni to‘xtatish qanchalar mushkul ekanini «Special One» yaxshi tushunsa kerak. U ajoyib o‘yin ko‘rsatmoqda. Matichning ishonchli o‘yini orqali «qizil iblis»lar o‘z maqsadlariga erishishga harakat qilishadi. «Chelsi»dan qabul qilib olingan, asosan, himoyaga yordam beradigan yarim himoyachining asosiy «nishon»i Fernandinio bo‘lishi aniq.

De Bryuyne-Yang va Valenciya

Yana bir sobiq «ko‘klar» a’zosi De Bruyne bugungi kunda yarim himoyachilar orasida eng kuchlilardan biriga aylandi. Pogba va Lingardning ko‘proq hujumga yordam berishini hisobga olsak, De Bryuyne, bemalol, raqib jarima maydonigacha kirib borishini taxmin qilish qiyin emas. Shuni hisobga olgan holda belgiyalik yarim himoyachiga bitta yaqqol futbolchini biriktirib qo‘yish kerak, nazarimizda.

Aguero- Smolling

Gvardiolaga Agueroning o‘yinlari juda ham yoqadi. Jarohatini tuzata olmasa, uning o‘rnini egallashi kutilayotgan Jezus yorqin o‘yin ko‘rsata olmasligi mumkin. «Liverpul» bilan o‘yinda birorta aniq zarba bera olmaslik futbolchiga bo‘lgan ishonchni pasaytirib yubordi. Bo‘lajak o‘yinga to‘liq tayyor bo‘lmasada maydonga tushishi kutilayotgan o‘yinchining tajribasi o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin. Uni Smolling yoki Bayi qo‘riqlashi ehtimoli bor.

Gvardiola-Mourino

O‘zaro o‘yinlarda Gvardiola 10 bora g‘alaba qozongan, Joze 4 marta. 6 o‘yinda tomonlar murosa yo‘lini tanlashgan. Mourino bu borada «mum tishlab qoladi» Uning tajribasi juda yuqori bo‘lsada, Gvardiola bilan omadi yurishmaydi. To‘plar nisbati 32:20. Bu murabbiylar maydonga olib tushgan jamoalar qarama qarshiligida doimo gollar mavjud bo‘ladi.

Kerakli statistika

-“Manchester Siti’ APLning 29 o‘yinidan 26tasida g‘alaba qozondi. Faqatgina «Liverpul»ga mag‘lub bo‘ldi. Ajoyib o‘tgan o‘yinda 7ta gol urgan edi. Derbida buncha gol ko‘rish ehtimoli juda kam. Chunki “derbi“larning so‘ngi uchtasida «shaharliklar» 2 boragina gol urishgan.

_”Siti” urilgan gollar bo‘yicha birinchi o‘rinda turibdi. Ular 88 bor raqiblarini ranjitishgan. To‘p oshirishdagi aniqlik 88.9 %ga teng. Har o‘yinda o‘rtacha 7 bor aniq zarba berishmoqda.

-Mourino orqaroqda o‘ynashni boshladi. Raqibni erta kutib olmayapti. Shuning hisobiga zarbalar soni o‘tgan yilning shu paytigacha hisoblangan statistikaga qaralsa, 526tadan 425taga kamaygan. Ammo aniqlik biroz yuqorilagan. Hozirdagi «Manchester Yunayted» oldingidek kuchli emasdek, ammo biz markaziy o‘yinda o‘zlarini ko‘rsata olishlariga ishonamiz.

«Siti» chempion bo‘ladimi?

Angliyada Ispaniya davlatidek «chempionlik yo‘lagi» qilinmaydi. Biroq Gvardiola bu o‘yinda g‘alaba qozonmasa, «Livepul»ga qarshi javob o‘yinidan oldin muxlislardagi eng so‘ngi umidni ham qoldirmagan bo‘ladi. «Siti» futbolchilari «qizil»larga qarshi «kambek»ga ishonishmoqda. Lekin xuddi shu rangdagi futbolkada o‘ynovchi hamshaharlarimizni mag‘lub eta olmasak, bunday balandparvoz gaplarni aytishimizdan foyda bo‘lmaydi”-deydi «Siti» himoyachisi Kompani

Bu o‘yinda asosiy ishni futbolchilarning individual harakatlaridan ko‘ra murabbiy «imzo»si hal qilib qo‘yishi mumkin. Portugaliyalik mutaxassis ustozining jamoasini qabul qilib olgach, xuddi o‘z uslubiga mos jamoani yarata oldi. Ikki hamshaharlar uchrashi doim APLning bezagiga aylanadi.

Bizning taxmin

Gvardiola oldinda turgan o‘yinlar mas’uliyatini chuqur his qilgan holda futbolchilarning imkoniyati nimalarga qodir ekanligini isbotlashga harakat qilishini taxmin qilish qiyin emas. Mourino qo‘ygan «avtobus» ga biroz zarar etsa, harakatdan to‘xtashi mumkinligini inobatga olib, bu o‘yinda shaharliklarni ikki to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishini taxmin qilishimiz mumkin.

 Erkin G‘aybullaev tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!