
Levining “Tottenxem”dagi eng yaxshi va eng yomon transferlari
“Tottenxem”ning transfer bozoridagi siyosati yana bir bor ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda. Bu holat klub muxlislarining hayratiga sabab bo‘layotgani ham bor gap.
Klub xo‘jayini Daniel Levi transfer bozori nihoyasida o‘zini ko‘rsatishga urinib ko‘rishi mumkin. Maurisio Pochettino bozor yopilishiga qolgan so‘nggi kunlarda to‘rtta transferni amalga oshirish kerakligini aytmoqda, shuningdek “taqachilar” birorta futbolchini olib kelmasligini ham ochiq-oydin tilga oldi.
2001-yilda Levi klub boshqaruviga kelganidan beri so‘nggi pallalarda amalga oshirgan eng yaxshi va eng yomon transferlarini yodga olish zarur. Quyida ular bilan tanishing.
Eng yaxshilari
- Mussa Dembele, 2012-yil yozi. Narxi: 15 million funt
2010-yilda Angliyaga ko‘chib o‘tgan Dembele “Fulxem” safida mahoratli hujumchi ekanini isbotlay oldi. 2012-13-yilgi mavsumdan boshlab u “taqachi”ga aylandi.
“Manchester Yunayted”ga qarshi “Old Trafford”da ko‘rsatgan o‘yini tufayli yozgi transfer bozorining so‘nggi daqiqalarida belgiyalik futbolchini “Tottenxem” o‘z safiga qo‘shib oldi. Londondagi faoliyati debyuti jarohatlar bilan kechgan bo‘lsada, Dembele Pochettino qo‘li ostida o‘zini qayta topishga erishdi va Premer Liganing eng yaxshi yarim himoyachilaridan biriga aylandi.
- Jonatan Vudgeyt, 2008-yil 28-yanvar. Narxi: 8 million funt
Shimoliy Londonda ko‘p vaqtini jarohatlar bilan o‘tkazgan bo‘lsada, Vudgeyt safda ekanligida Ledli King bilan ajoyib himoya juftligini hosil qildi. Aksiga olib King ham jarohat olishga moyil edi.
Vudgeyt 2008-yilda “Tottenxem”ning yagona sovrini bo‘lib turgan Liga Kubogi finalidagi goli bilan ham yodda qolgan.
- Robbi Kin, 2002-yil 31-avgust. Narxi: 7 million funt
“Taqachilar” 2002-yilda “Lids”dan Kinni olib keldi va u Martin Yol qo‘li ostida “Uayt Xart Leyn”da hal qiluvchi futbolchiga aylandi.
Irlandiyalik hujumchi Kingning yo‘qligida jamoani sardor sifatida maydonga olib tushdi va 2008-yilgi Liga Kubogida g‘alaba qozonishiga katta hissasini qo‘shdi. O‘shanda u Dimitar Berbatov bilan hamkorlikda ajoyib juftlikni yaratgan edi.
“Tottenxem” uni boshqa transfer bozorida qayta jamoaga olib keldi. 2009-yil yanvarida “taqachilar” safiga qaytgan Kin oldingi sport formasida emasligi ma’lum bo‘ldi.
- Dele Alli, 2015-yil 2-fevral. Narxi: 5 million funt
Alli “Tottenxem”ning asosiy tarkibiga 2015-16-yilgi mavsumning dastlabki bosqichida kirib bordi. Angliyaning kelajagi sifatida ko‘rila boshlangan yosh iqtidor egasini 5 millionga sotib olgan “Tottenxem” rahbariyatiga bir qancha grandlardan jiddiy takliflar kelib tusha boshladi.
22 yoshli Alli qanday futbolchiga aylanishga erishganini aytish mumkin. Uning katta o‘yinlarda muhim gollarni kiritish qobiliyati borigi u hozirgidan ham jiddiyroq darajaga erishishiga imkon beradi.
- Rafael Van Der Vart, 2010-yil 1-sentyabr. Narxi: 8 million funt
Bundan sakkiz yil avval Levi va Rednapp “taqachilar” muxlislarining ko‘nglidan joy olgan transferni amalga oshirishgan edi.
Gollandiyalik futbolchi klubning Chempionlar Ligasidagi debyutida muhim qismga aylangan edi. Uning tajribasi Rednapp jamoasiga chorak finalga qadar etib borishiga yordam bergan edi.
Ammo bir necha jiddiy jarohatlar uning klubdagi ikki yillik faoliyatiga nuqta qo‘yishiga sabab bo‘ldi. Shunga qaramay Van Der Vart klub muxlislarini qalbidan joy oldi. So‘nggi lahzalardagi transferlar ham ba’zan ijobiy bo‘lishi mumkinligiga yaqqol dalil.
Eng yomon transferlar
- Jorj-Kevin Nkudu, 2016-yil 31-avgust. Narxi: 11 million funt
Pochettino Londonga kelganida tarkibga mahoratli vinger kerak degan fikrda edi. Garchi ayni vaqtda buni Lukas Moura ajoyib tarzda bajarayotgan bo‘lsa, o‘z vaqtida Pochettino Nkudu bilan tajriba o‘tkazib ko‘rgan edi.
Ish ko‘ngildagidek ketmaganini aytish oson. 23 yoshli futbolchi asosiy tarkibga kirishi uchun 18 oy muxlat berildi. O‘zgarish bo‘lmagandan keyin klub Nkuduni “Byornli”ga ijaraga berib yubordi. Futbolchi u erda ham qiyinchilikka uchramoqda.
- Fernando Lorente, 2017-yil 1-sentyabr. Narxi: 12.1 million funt
“Tottenxem” yozgi transfer bozorini so‘nggi daqiqasida uning tajribasidan foydalanishi mumkinligiga ishonib buni amalga oshirgan edi. 33 yoshli ispaniyalik hujumchi yangi jamoasidagi debyut mavsumida barcha musobaqalarda atigi 5 gol urdi. Premer Liga doirasida esa bitta gol bilan chegaralandi.
Uni Xarri Keynga munosib o‘rinbosar bo‘lishini kutishgandi. Biroq so‘nggi daqiqadagi harid o‘zini oqlamadi.
- Gjegoj Rasyak, 2005-yil 1-sentyabr. Narxi: 3 million funt
Klubning eng omadsiz transferlari haqida gap ketganda bu nomni eslamaslikning iloji yo‘q. Polshalik hujumchi Rasyak klub uchun atigi 8 o‘yinda ishtirok etgan va birorta gol urmagan.
- Jilberto, 2008-yil 31-yanvar. Narxi: 1.9 million funt
Agarda braziliyalik chap qanot himoyachisi “Tottenxem” uchun qanday qilib omadsiz transfer bo‘lganini so‘rasangiz, uning statistikasiga nazar soling. U klub uchun o‘tkazgan 11 o‘yinining 3 tasida zaxiradan maydonga tushgan. Bundan ham battari bo‘lmasligi aniq.
- Luis Saa, 2012-yil 1-2-fevral. Narxi: erkin agent
“Tottenxem” muxlislari orasida tanilmagan Saa Rasyaka bilan klubning eng omadsiz transferini tashkil qiladi.
Chempionat sovrini uchun kutilmagan kurashda Rednapp jamoasini nomdor futbolchi bilan to‘ldirmoqchi bo‘ldi. Biroq Saa transferi o‘zini umuman oqlamadi. O‘z davrini o‘tab bo‘lgan frantsuz hujumchisi “taqachilar”ga borini bera olmadi. Oqibatda klubdan Rednapp ham ketdi, Saa va u bilan birga kelgan Nelson ham olti oylik shartnomadan keyin “Tottenxem” bilan xayrlashdi.
Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.
Fikrlar