Faxriddin Mardiev: Yakkakurashchilarimiz reyting ochkolarisiz hech qaerga bora olmaydi

CHERY AUTO

So‘nggi yillarda boks qatorida aralash yakkakurash jang san’atlarida ham bir qator sportchilarimiz xalqaro maydonlarda munosib ishtirok etib kelmoqda va chempionga aylanmoqda.

Tecno

Shu singari umidli sportchilarimiz biri Faxriddin Mardievdir. U bolaligidan o‘z omadini yakkakurashlarda sinab ko‘rishga qaror qilib, o‘z maqsadlariga erishmoqda.

Keling, yaxshisi SPORTS.uz internet portali navbatdagi mehmonidan bu haqda to‘liqroq ma’lumot olsak...

– Sportga kirib kelish va faoliyatning boshlanashi...

– Assalomu alaykum. Hech narsa o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi bu hayotda. Bu menda ham shunday bo‘lgan. Sportga ilk qadam qo‘yishimga otam, (ham murabbiyim hisoblanadi) sababchi bo‘lgan. U kishi aralash janglar bo‘yicha uch karra jahon chempioni bo‘lgan. Men ham buni davom ettirib, oldiniga O‘zbekiston chempioni, keyinchalik Osiyo va jahon chempioni bo‘ldim. Bundan buyog‘iga ham maqsadlarimiz katta va shunga harakat qilyapmiz.

– Aslida bu sport turiga qatnasha boshlagan vaqtimda onam qarshilik qilgan edi va hattoki qaytarishga uringan, ammo qiziqishim kuchli bo‘lgani uchun qolganman. O‘sha vaqtlarda men uchun Fyodor Emelyanenko, Jeff Monson singari jangchilar haqiqiy kumir edi. Mening bu sportga qiziqishim o‘z mevasini uzoq kuttirmagan. Ilk qatnashgan chempionatim aralash janglar bo‘yicha O‘zbekiston birinchiligi bo‘lgan va 6 yoshimda g‘olib bo‘lganman.

– Eshitishimizcha, boks bilan shug‘ullangan ekansiz?

– Odam ulg‘ayavergan sari ko‘p narsaga qodirman deb his qila boshlaydi o‘zini. 16 yoshda men boks mashg‘ulotlariga bora boshladim. “Dinamo” sport klubidagi murabbiylar esa meni bundan qaytarishgan. Sababi yoshligimda yakkakurashlar bilan shug‘ullanganim uchun bu sportga moslashish qiyin kechgan, ya’ni men boshqalarga nisbatan tajovuzkor va urushqoqroq bo‘lganman. Murabbiylardan jahlim chiqib buni tark etganman.

– Hozirda yakkakurashlarning qaysi yo‘nalishida faoliyat yurityapsiz?

Ko‘pchilik qatori MMAda o‘z omadimizni sinab ko‘ryapmiz. Mashg‘ulotlar asosan Moskva shahrida bo‘lib o‘tadi. Oldiniga ikki yil bu shaharda yashadim, keyin promouterlarim MMAda jang qilish taklifini berishdi va shundan boshlandi.

– Kombat aykido, kikboksing va boshqa yakkakurashlar... Bir sportchi uchun birvarakayiga shuncha sport turidan shug‘ullanish og‘irlik qilmaydimi?

– Hammasi bir-biriga bog‘liq sport turilari bo‘lgani uchun menga ko‘p qiyinchilik sezilmaydi. Faqat ularning ba’zi bir qoidalarini yaxshi bilib olsangiz kifoya qiladi deb o‘ylayman. Dastlab jangovar sambo bilan shug‘ullangan bo‘lsam, keyin kikboksing, universal jang va oxirida aralash yakkakurashlarga o‘tganman.

– Qaysi yakkakurashchimizni zo‘r deb bilasiz?

Aslida bizda kuchli yakkakurashchilar ko‘p, biroq O‘zbekistonda aralash yakkakurashlarni birlashtirib turuvchi tashkilot bo‘lmagani uchun hech qaerga chiqa olmaydi. Ko‘pchiligi chet el promouterlik kompaniyalari bilan ishlayapti, lekin ularni dunyo miqyosida tan olishmaydi.

– Sportchilarimizning xalqaro darajaga chiqa olmasligiga asosiy sabab nima?

– Bularni boshqarib boradigan xalqaro federatsiya bor. Ular har bir promouterlik kompaniyasi o‘tkazgan janglarni yozib boradi va shunga asosan reyting tuziladi. Rossiyada MMA Challenger, Fight Night, M-1, Belletor va shunga o‘xshash turnirlar ko‘p, ammo unda reytingsiz ishtirok etib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, kuchli sportchilarimiz ko‘p, lekin bu erda reyting ko‘p narsani hal qiladi. Ular borishadi, qabul qilishmaydi.

– Yakkakurashlarda raqibga zarar etkazmay g‘alaba qozonib bo‘lmaydi. Ularga rahmingiz kelmaydimi?

– Sirojiddin Eshonboev degan yakkakurashchimiz bor. U jangda qo‘l va oyoqlar bilan raqibni urishni o‘ziga ko‘p ham ep ko‘ravermaydi, iloji boricha kurash usullari (og‘rituvchi) bilan g‘alaba qozonishga harakat qiladi. Endi bu ring. Men qaysi qulay bo‘lsa o‘shalardan foydalanaman. Raqib ham shunday. U ham sizga qarshi tayyorgarlik ko‘rgan. Boshqacha aytganda sizni “sher” kutib turadi. Yo siz yutasiz, yo u yutadi. Sport xatoni kechirmaydi.

– Kelajakdagi rejalaringiz qanday?

– Nasib qilsa, yana 2-3 marta jahon chempionligini qo‘lga kiritib, keyin murabbiylikni boshlashni rejalashtirganman. Hozirda ham shogirdlarim bor. Ular O‘zbekiston chempioni va xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘lishdi. Ayniqsa, og‘ir vaznda Jasur Bebetovdan umidimiz katta.

– Ustoz-shogird haqida nima deya olasiz?

– Barcha shogirdlarning ustozlariga qo‘loq solishini istardim. Chunki shogirdning kamchiligini faqat ustozi ko‘ra oladi. Bekorga ustoz emas.

– Siz qo‘rqadigan sportchilar kimlar?

– Qiziq savol. Sportda qo‘rqish kerak emas. Qo‘rqish mag‘lubiyatning asosiy omili. Raqib kuchli bo‘lsada men urushishga harakat qilaman. Oliji boricha shunday raqiblarni tanlashni ma’qul ko‘raman. Lekin yuqorida aytganimdek, bizda reyting bo‘lmagani yoki kamligi uchun nomdor sportchilar bilan urusha olmaymiz. O‘ylaymanki, yaqin vaqtlarda bu hal bo‘ladi va o‘shanda o‘zbek yakkakurashchilari ham yirik turnirlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Nima bo‘lganda ham, raqibni mensimaslik katta xato!

– Faoliyatingizda nohaqliklar bo‘lganmi?

– Yoshligimda kikboksing bo‘yicha sport musobaqasida bir marta men bilan yuz bergan shunaqa voqea. 2012 yil O‘zbekiston chempionati doirasida Hindistondagi jahon chempionatiga saralashda barcha raundlarni o‘z hisobimga yozib qo‘ygandim, ammo yakunda raqibimni g‘olib deb topishdi. Aynan shu narsadan keyin men kikboksingni tark etganman.

– Yana bir necha kunlardan so‘ng yakkakurashlar bo‘yicha yilning eng shov-shuvli Xabib Nurmagomedov va Konor Makgregor jangi haqida nimalar deya olasiz. Jangchi sifatida qaysi sportchining imkoniyatini yuqori baholaysiz?

– Xabibning kuchli jangchi ekanligini bilamiz, ammo mening fikrimcha bu to‘qnashuvda Konor g‘alaba qozonadi. Makgregorning ajoyib zarbasini bor, Xabib esa ko‘proq kurashga asoslanib, ochiq jang qiladi. Bu irlandiyalik sportchiga qo‘l kelishi mumkin. Shunday bo‘lsada, barchasini bo‘lajak hal qiladi. Oldindan aniq biror narsa deyish qiyin.

– Suhbatingiz uchun tashakkur!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!