
Erkin G‘aybullaev blogi: Messi qanday qilib eng yaxshi ijrochiga aylandi?
«Barselona» yulduzi Lionel Messi La Liganing so‘nggi turida «Espanol» darvozasiga jarima zarbasidan ikki golni kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Uning barcha zarbasi benazir bo‘ldi va Diego Lopes hech narsa qila olmadi. «Kornelya El Prat»ga yig‘ilganlar ham jim qolishdi.
Ushbu gollari bilan argentinalik yulduz so‘nggi to‘rt yil ichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarima zarbalaridan kiritgan gollari soni 20 taga etdi va bu bilan u «Yuventus» (18), «Real» (14), «Bavariya» (13), «Chelsi» (11) va «Liverpul» (11) kabi grandlardan ham ko‘p gol urgan. Bu raqamlar shuni ko‘rsatmoqdaki, besh karra «Oltin to‘p» sohibi jarima zarbasida kamroq xatoga yo‘l qo‘ymoqda va bunda chap oyog‘i juda asqotmoqda.
Ammo u bunday natijalarga qanday qilib erishdi? Quyida u haqida bildirilgan fikrlar bilan birga muhim statistikalarni tahlil qilamiz.
Faoliyatining ibtidosi
«La Masiya» akademiyasidan chiqib Frank Raykard qo‘li ostida asosiy jamoaga qo‘shilgan bolakay Ronaldino va Deku kabi mohir ustalarning borligi sabab jarima zarbasini yo‘llashda unga yo‘l yo‘q edi.
Ammo yulduzlar jamoani tark etgach, Messi kataloniyaliklarning asosiy quroliga aylandi. Ammo u 2008-yilgacha jarima zarbasidan gol ura olmadi. Aynan shu yili «Atletiko»ga (6-1) qarshi o‘yinda Messi Gregori Kupe darvozasiga uzoqdan yo‘l topa oldi. Garchi bunda Kupening yo‘l qo‘ygan xatosi bo‘lsada, gol ham chiroyli chiqqandi.
Bu uning 2008/09-yilgi mavsumdagi yagona jarima zarbasi bo‘lib qoldi. Keyingi mavsumda ham raqiblarni jarima zarbasidan turib jazolashda biroz qiynaldi. U mavsum mobaynida ikki marta – La Liga doirasida «Almeriya»ga va EChLda «Dinamo Kiev»ga qarshi o‘yinlarda jarima zarbalarini gol bilan yakunlashga erishdi.
O‘sha yili Messining bu boradagi mahorati ham istiqbolli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Argentinaning sobiq fitness murabbiyi Fernando Sinorini Diego Maradona Messini ilhomlantirganini ta’kidladi. «Messi uchta jarima zarbasini tepdi, barchasi xato ketdi va bizga qaradi. Shunda Maradona uning oldiga borib gaplashdi. U to‘pni boyagi nuqtaga qo‘ydi va ba’zi ruxlantiruvchi so‘zlarni aytdi.»
Biroq bu ham tezkor o‘zgarishga olib kelmadi. Argentinalik futbolchi 2010/11-yilgi mavsumda 53 gol urgan bo‘lsada, shundan atigi bittasin – «Deportivo» darvozasiga jarima zarbasidan gol urdi.
Maradonaning maslahati baribir o‘z ta’sirini o‘tkazdi shekilli, keyingi mavsumlardan boshlab Messi o‘zida Ronaldino kabi his qila boshladi.
2011/12 – 2014/15 – o‘zgarish davri
Messiga balki Maradonaning texnik maslahatlari yordam bergan bo‘lishi mumkin, ammo argentinalik futbolchiga olib borgan mashqlari katta yordam berdi.
Buni Ernesto Valverde ham tilga oldi: «Ha. U doim mashq qiladi va doim gol uradi.» Biroq bu xususiyat har doim u uchun asosiy reja bo‘lmagan. «La Masiya»ning sobiq direktori Albert Benaiges akademiya bu sifatga unchalik e’tibor bermagan: «Biz ozgina maslahat berishimiz mumkin, ammo biz ishlaydigan o‘yinning qismi emas.»
Tinmay olib borgan mashqlari Messiga 2011/12 – 2014/15-yilgi mavsum oralig‘ida foyda keltira boshladi. U bu vaqt ichida 12 marta gol urdi.
2012-yilda ikki marta «Real» darvozsiga, EChLda «Ayaks»ga va boshqa jarima zarbalari sabab kataloniyaliklar ikki marta La Liga va bir marta EChLni yutib olishga erishdi.
2015-yildan hozirgacha - mohirlik
Yuqorida tilga olganimizdek, Messi to‘rt mavsumi ichida 20 marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarima zarbalaridan gol kiritgan. Shundan to‘rttasini Messi joriy mavsumda kiritgan. «Alaves», «PSV» va «Espanol» jabrdiydalar qatorida.
Uning jarima zarbalarini mohirlik bilan golga aylantirishini Ivan Rakitich hazilomuz izohlagandi: «Jarima zarbasi ishlab olganimizda, biz golni nishonlash haqida o‘ylay boshlaymiz» – degandi xorvatiyalik futbolchi Daily Mail ga bergan intervyusida.
2015/16-yilgi mavsumda Messi 7 marta gol urdi. Keyingi mavsumda esa to‘rtta golgacha kamaydi. Shundan uchtasini «Atletik» qabul qilib olgan bo‘lsa, «Vilyarreal» boshqa bir jabrdiyda bo‘ldi.
Uning bunday natijalarga erishishini Andrea Pirlo yuqori baholadi. U Messini jarima zarbalarini tepish bo‘yicha dunyoning eng yaxshi uch futbolchisidan biri, deb atadi.
Messi faoliyati davomida jarima zarbasidan yo‘llagan sakkiz goli jamoasiga g‘alaba keltirgan. Shundan o‘ntasi 2018-yilga to‘g‘ri keladi. Ehtimol biz jarima zarbasi ustasi bo‘yicha eng buyuk futbolchini ko‘rayotgandirmiz, kim bilsin!
Fikrlar