
Engilmas professional bokschilarimiz Vetnamda ringga chiqishadi
Professional boksda muvaffaqiyatli yurishlarini davom ettirayotgan umidli bokschilarimiz Husniddin Po‘latov, Ravshanbek Shermatov va Abdurasul Ismoilov o‘zining navbatdagi janglarini 20 yanvar kuni Vetnamning Xoshimin shahrida o‘tkazadi. Bu bokschilarimizning barchasi "Cocky Buffalo" promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzolaganlar.
Mazkur boks kechasida WBA Asia chempionlik kamari sohibi Husniddin Po‘latov filippinlik Rodel Venkeslaoga (13-16-2) qarshi himoya jangini o‘tkazadi.
Vakillarimiz ishtirokidagi ikkinchi qarama-qarshilikda professional boks bo‘yicha ilk marta o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati g‘olibi (63,5 kg.da) Abdurasul Ismoilovga filippinlik tajribali bokschi Jaimi Barselona ringga chiqadi. Bu bokschi 1997 yilda faoliyatini boshlagan bo‘lib, shu vaqtga qadar ko‘p emas, oz emas 105 ta jang o‘tkazgan va shulardan 41 tasida g‘alaba qayd etgan bo‘lsa, yana 63 mag‘lubiyat va 1 durang mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Abdurasul yuqoridagi promouterlik kompaniyasi bilan 7 yillik shartnomaga imzo chekkan. Bu bokschimiz shu vaqtga qadar 2 ta jang o‘tkazib, ikkalasida ham zafar quchgan.
Yana bir jangda engilmas Ravshanbek Shermatov (2-0) professional ringdagi uchinchi jangini indoneziyalik Valdo Sabuga qarshi o‘tkazadi. Bu bokschi jami 26 ta jang o‘tkazib, 13 g‘alaba va 13 mag‘lubiyat qayd etgan.
Bokschilarimizga omad tilaymiz!
Fikrlar