
«El Klassiko»dek mashhur derbi borligini bilasizmi?
Buenos-Ayres grandi Janubiy Amerikaning eng mashhur derbisida ikki o‘yin o‘tkazadi. Bunday spektaklni o‘tkazib yubormaslik kerak. Janubiy Amerika grandlari o‘rtasidagi o‘yin «Real» - «Barselona» o‘rtasidagi uchrashuvdek muhim ahamiyatga ega.
Bunday muhim derbilar bormi? «Liverpul» – «Manchester Yunayted»? Yoki «El Klassiko»? «Bavariya» – «Borussiya D», «Milan» – «Inter»? Evropaning ushbu derbilari albatta muhim, biroq yakshanba boshlanadigan «River Pleyt» va «Boka Xuniors» o‘rtasidagi derbi ham ulardan qolishmaydi.
Mashhur «superklassiko» bu safar o‘zining yuqori notasida bo‘lib o‘tadi. Ikkala jamoa Libertadores Kubogining finalida to‘qnash kelishadi. Janubiy Amerikaning birinchi raqamli musobaqasi bu safar har qachongidan ham ancha shiddatli, tomoshabop va qiziqarli kechishi kafolatlangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Okean ortidagi turnirning Evropadagi muqobil variantini topish qiyin. Bu derbi Argentina uchun ko‘p narsani anglatadi. Ispaniyaning ikki gegemon klublari orasidagi azaliy raqobat bunga yaqinroq namuna bo‘la olishi mumkin. Biroq Lotin Amerikasidagi derbi faqatgina sport nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.
Avvallari «Manchester Siti»ning o‘rtamiyona klub ekanligi sababli «Liverpul»ga qarshi uchrashuvlar «qizil iblislar» uchun hayot-mamot o‘yiniga aylanib ketardi. Biroq bu vaziyat so‘nggi o‘n yillikda o‘zgargan. Abu Dabidan pullarning oqib kelishi ortidan «shaharliklar» MYuning jiddiy raqibiga aylanib bormoqda va bu derbining ham nomi chiqib bormoqda. Bundan tashqari, Milan derbisi, «Chelsi» – «Vest Xem», Madrid derbisi, «Benfika» – «Sporting» kabilar ham bor. Ammo Buenos Ayres ko‘chasidagi ziddiyat bulardan ancha shiddatliroq kechadi. Janubiy Amerikaning eng nomdor klublari nimalar tayyorlab qo‘yganini o‘tirib tomosha qilgan ma’qul.
Ikki jamoa bir vaqtlar qo‘shni edi. 20 asr boshida La Boka portiga Ispaniya va Italiyadan kelgan immigrantlar yaxshiroq hayot izlab bu joylarda o‘rnashib qoladi.
«River Pleyt» 1923-yilda shaharning shimolidagi tuman - Nunesga borib joylashadi. Genuyaliklar esa (immigrantlarning ko‘pchiligi Genuyadan kelgani sababli shunday atalgan) o‘z joyida qoldi. O‘shanda boshlangan raqobat tobora yiriklashib bordi va nihoyat bu derbi ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyat kasb etdi. «River Pleyt»ni o‘sha vaqtlarda asosan o‘rta va yuqori tabaqa qo‘llab-quvvatlagani bois ularni «millionerlar» deb atashgan. Klub ham o‘z navbatida yulduzlarni o‘z safiga qo‘shib olavergan. «Boka Xuniors»da esa asosan immigrantlar, qora ishchilar, xullas kunini zo‘rg‘a ko‘radiganlar klub sharafini himoya qilishgan.
Yillar o‘tib ikkala jamoa ham Argentinaning eng kuchli va nomdor jamoalariga aylanib bordi. «Boka» hozirgi kunga kelib muxlislari soni bilan maqtansa arziydi. Butun Argentinada Superklassikoning 40 % muxlislari aynan shu klub tarafdorlari hisoblanishadi. «River Pleyt» esa 26 % dan sal ko‘proq muxlislariga ega.
Xuan Roman Rikelme birvaqtlar «dunyoning eng chiroyli o‘yini» deya ta’riflagandi. U bunday derbida ishtirok etgan superyulduzlardan biri hisoblanadi. Bir asrdan ortiq vaqt davomida 246 dan ko‘p o‘ynalgan davr ichida Diego Maradona, Ariel Ortega, Gabriel Batistuta, Daniel Passarella, Omar Sivori, Antonio Ratten va boshqa ko‘plab jahon tanigan yulduzlar Superklassikoning atmosferasidan nafas olgan. “Boka Xuniors” 246 uchrashuvning 88 tasida g‘alaba qozongan bo‘lsa, raqibi hisobida 81 g‘alaba bor.
Millionlab odamlar Libertadores finalida istiqbolli janjallar bilan to‘qnash keladi. Ikki jamoa ishtirokidagi so‘nngi Kubok finalida «River»ning bir necha futbolchilari muxlislarning hujumidan keyin shifoxonaga yotqizilgan.
Ikki o‘yindan iborat o‘yinda har safar mezbon jamoa muxlislari mehmonlarni yaxshigina «siylab» kutib olishgan. Bunga Argentina prezidenti va «Boka» xo‘jayini Maurisio Makrining aralashuvi bilan ikkala klub muxlislari mehmonlarni futbol fesvalida tinchigina kutib olish chaqiruvigacha borib etgan.
Mana shunday tarixga ega derbi 10 va 24-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. «River» tarkibida Palasios kabi 20 yoshli iqtidor vakili bor. Uni «Real» bilan bog‘lashmoqda. Bundan tashqari tarkibda Gonsalo Martines, Migel Almiron kabi Janubiy Amerikaning bo‘lajak yulduzlari bor. Jahon Chempionatida o‘zini ko‘rsatgan darvozabon Franko Armanini ko‘rish ham qiziq bo‘ladi.
«Boka»da ham iste’dod vakillar talaygina. «Arsenal» nishoniga aylangan Kristian Pavon yoki urugvaylik Naxitan Nandeslar bor. Bundan tashqari dunyo tanigan veteranlar – Karlos Teves va Fernando Gagolar zaxiradan tushib o‘zlarini ko‘rsatishi mumkin.
Libertadores va Janubiy Amerika futboli boy bo‘lmasligi mumkin, biroq iqtidorlar bo‘yicha ular Evropadagilardan mutlaqo qolishmaydi. Ushbu derbi qiziqarli kechishi va muxlislarga olam-olam zavq ulashishi turgan gap.
Fikrlar