
Dzyudochilarimiz bugungi bahslarni erta tugatdi
Musobaqada yurtimiz sharafini himoya qilayotgan dzyudochilarimizdan uch nafari bugun g‘oliblik uchun kurashga kirishgan edi.
Ozarbayjonning Boku shahrida dzyudo bo‘yicha davom etayotgan “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi halqaro turnirda dunyoning 30 dan ziyod mamlakatidan 200 nafarga yaqin dzyudochi ishtirok etmoqda.
73 kilogramm vazn toifasida yosh sportchimiz Jahongir Aliamardonov birinchi uchrashuvdayoq London olimpiadasi kumush medal sovrindori vengriyalik Miklosh Ungvariga yutqazdi.
Shu vazndagi yana bir polvonimiz - o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi g‘olibi Hikmatilloh To‘raev qirg‘izistonlik dzyudochi Ishen Amanovni chiroyli usulda engdi. Biroq Hikmatilloh ikkinchi bahsda ozarbayjonlik Hidoyat Haydarovga yutqazib qo‘ydi.
Vazni 81 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar musobaqasida jahon kubogi finalchisi Sunnatillo Azimov mezbonlar vakili Rufat Ismoilovdan mag‘lubiyatga uchradi va turnirni tark etdi.
Fikrlar