
"Andijon" bosh murabbiyi jamoasining Superligaga chiqishiga ishonmoqda
Xabaringiz bor kecha Pro-liganing "A" guruhi jamoalari 27-tur o‘yinlarini o‘tkazishdi. Jumladan, “Dinamo” o‘z maydonida “Andijon”ni (0:0) enga olmadi. Uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Eldor Sakaev o‘yin borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Bugun ikki ochko yo‘qotdik desak ham, 1 ochkoni qo‘lga kiritdik desak ham bo‘ladi. Sababi, ikki tomonda ham gol urish imkoniyatlari bor edi. Natija nursiz bo‘lsada, jangovar durang qayd etildi, degan bo‘lardim. O‘yin oxirida bir kishi kam bo‘lib qolganimiz ham zararimizga ishladi. Maydonda biz peshqadam ekanligimiz, “Dinamo”ning 5-o‘rinda ekanligi bilinmadi, sababi Superliga uchun imkoniyat ikki klubda ham saqlanib qolindi.
- Chindan ham “Andijon”ning so‘nggi o‘yinlarda g‘alaba qozona olmayotgani yigitlarimizga ham ruhiy jihatdan bosim o‘tkazmoqda, ta’sir qilmoqda. Bugun jamoa oxirigacha kurashdi, irodasini namoyish etdi.
- Shunday o‘ynashda davom etsak tez orada g‘alabalar ham keladi. Bugun jamoamizni qo‘llab-quvvatlab turgan andijonlik muxlislarga ham minnatdorchilik bildiraman.
Maqsadimiz Superligaga 1-o‘rin bilan chiqish. Aynan shu vazifa uchun kurashayapmiz. Oxirgi o‘yinlardagi omadsizliklar bois, yigitlar biroz tushkun kayfiyatda edilar. Qolaversa, kubok doirasida “Bunyodkor”ga qarshi katta kuchni sarf etganimiz ham ta’sirini bildirmay qolmadi.
- Navbatdagi turdan boshlab 4-davra boshlanadi. O‘ylaymanki, 1-5-o‘rinlarni egallab turgan jamoalarning barchasi yakuniy o‘yinlarda maqsadi uchun bor kuch va imkoniyatini ishga soladi. Endi “Dinamo”ni o‘z uyimizda qabul qilamiz. Faqat g‘alaba uchun kurashamiz.
Eslatib o‘tamiz, "Andijon" ayni damda peshqadam "Mash’al"dan bir ochko kam jamg‘argan holda musobaqa jadvalida 2-o‘rinni egallab turibdi.
Fikrlar