
17 ta o‘yinda 18 ta gol urgan tojikistonlik to‘purarga Superligamiz klublari ko‘z tikishmoqda
Yaqinda Tojikiston chempionati yakuniga etdi. Unga ko‘ra, “Istaravshan” jamoasining sardori Ilhom Barotov eng yaxshi to‘purarga aylandi.
Qizig‘i, u yarim himoyachi bo‘la turib, 17 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 18 ta gol urdi. Bu albatta ajoyib natijadir. Shuningdek, u mavsumning eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etildi.
Tojikiston milliy terma jamoasining ushbu o‘yinchisiga o‘zimizning Superliga klublaridan ham qiziqishlar bo‘layotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqida Tojikiston terma jamoasi ustozi Usmon Toshev shunday dedi:
- Ilhom Barotov juda yaxshi bola. Uni terma jamoaga chaqirgan paytimda boshqalar bu futbolchi to‘g‘ri kelmaydi, deb aytishgandi. Lekin uni olganimdan keyin bir yil o‘tmasdan, faoliyatida ancha o‘sish kuzatildi. Oldinlari ham ba’zi-ba’zida termaga chaqirilgan, lekin qolib ketgandi.
To‘g‘risi, Tojikistonda ish boshlagach, menga birinchi yoqqan futbolchi ham Barotov edi. Toshkentga kelganimizda ham u biz bilan edi, zaxirada qolgandi, maydonga tushirishga vaziyat bo‘lmadi.
Ushbu hujumkor futbolchiga O‘zbekistondan to‘rtta klub taklif bilan chiqyapti. Tojikistonga borganimdan keyin bu haqida gaplashamiz. Ilhomga xorijdan ham chaqiruv bor. Menimcha, Tojikistondan tashqariga chiqmoqchi emas. Chunki uning futboldan tashqari yana boshqa ishlari ham bor. Pulga muhtoj emas. Shunga qaramay, nima qilay, deb meni kutyapti. Chunki unga imkoniyat berdim va o‘z so‘zini ayta oldi. O‘zimga qolsa, boshqa klubda o‘ynagani yaxshi. Bu o‘zim uchun ham qiziqarli bo‘ladi. Terma jamoa uchun ham foydali bo‘lardi, - dedi Toshev.
Fikrlar