
"Yuventus" va "Inter" bir futbolchini ko‘zlamoqda
"Yuventus" va "Inter" klublari "Latsio" yarim himoyachisi Sergey Milinkovich-Savichni o‘z safiga qo‘shib olishni reja qilgan. Bu haqda Calcio Mercato nashri xabar bermoqda.
Yuqoridagi manbaga ko‘ra, turinliklar ham, milanliklar ham 26 yoshli serbiyalik futbolchini joriy yozgi transferlar davrida o‘ziniki qilib olmoqchi. Aytish kerakki, o‘tgan yilning yozida rimliklar Savichning transferini 150 million evroga baholagan edi. Ammo o‘tgan vaqt mobaynida uning narxi sezilarli darajada pasaygan.
Milinkovich-Savich joriy mavsum "Latsio" safida 35 ta o‘yinda maydonga tushdi. U ushbu o‘yinlarda o‘z hisobiga 7 ta gol hamda 10 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Uning rimliklar bilan amaldagi shartnomasi 2024 yilga qadar imzolangan.
“Latsio” ayni damda Italiya A Seriyasida 55 ochko bilan 6-o‘rinda bormoqda. Ular navbatdagi uchrashuvini 18 aprel kuni o‘z maydonida “Benevento”ga qarshi o‘tkazishadi.
Fikrlar