Yurtimizga ishqi tushib qolgan serbiyalik mutaxassis yana Superligamizda ishlash niyatida

  • 25 iyul, 2020, 00:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Chempionatimizda xorijlik bir qator murabbiylar ishlab ketgan va hozirda ham ayrimlari Superligamizda faoliyatini olib bormoqda. Kimdir eslashga arzigulik ishlarni amalga oshirgan bo‘lsa, yana ayrimlari o‘zidan hech qanday iz qoldirmagan.

Tecno

Mamlakatimizning eng nomdor klubi – “Paxtakor”da ham turli yillar davomida ko‘plab chet ellik murabbiylar ishlagan. Mana, hozirda ham “sherlar” an’anasiga sodiq qolib, bosh murabbiylik lavozimini gruziyalik Shota Arveladzega topshirgan. U haqida ortiqcha gapirish shart emas, negaki murabbiy o‘zidan yaxshi taassurot qoldiryapti.

Agar “Paxtakor”da murabbiylik qilgan avvalgi xorijliklarga e’tibor qaratsak, aytishga arziydigan mutaxassislar ko‘p bo‘lgan. Ulardan biri serbiyalik Drajen Dukich. 2014 va 2015 yilgi mavsumlarda u “Paxtakor” klubida ishlagan. Shuningdek, 2018 yilda “Qo‘qon-1912”da No‘’mon Hasanovga ham yaqindan yordam bergan. Kuni kecha ushbu mutaxassis bilan aloqa o‘rnatdik. E’tiborlisi, unga O‘zbekiston chempionatida ishlash yoqib qolgandi. Dukich esa Sports.uz muxbiri bilan muloqotda dastlab yurtimizdagi faoliyatini eslab quyidagilar haqida gapirdi:

O‘zbekistonda yashayotgan barchaga alangali salom. Covid-19 pandemiyasi yuz berayotgan  mahalda barchaga sabr-toqat tilayman. Ishonamanki, covid-19 albatta daf bo‘ladi!

Ha, men o‘zbek futbolida uch yil ishladim, ikki yil “Paxtakor”da va bir mavsum “Qo‘qon-1912”da. Murabbiy sifatida O‘zbekistondagi faoliyatim men uchun juda yaxshi tajriba maktabi bo‘lib xizmat qildi. Shu bilan birga “Paxtakor” bilan ikki bor – 2014 va 2015 yillarda O‘zbekiston chempioniga aylanganim menga o‘zgacha faxr bag‘ishlaydi.

Hozirda esa men Serbiya futbol federatsiyasida ishlayapman. “V”, “A” va “Pro” litsenziyalarini beradigan bo‘limning rahbari va professori sifatida faoliyat ko‘rsatib kelyapman.

Ko‘rib turganingizdek, Dukichning futbolimizga bo‘lgan e’tibori doimo yuqori. Bizni ushbu murabbiy bilan bog‘liq yana bir holat o‘ziga tortdi. Futbolning ichida yurgan tanishlarimizning aytishicha, chempionatimizda to‘p surayotgan aksariyat serbiyaliklar Drajen Dukich orqali kelgan ekan. Ya’ni, uning O‘zbekiston klublariga hamyurtlarini yuborish bilan ham shug‘ullanishi nazarda tutilmoqda.

-  O‘zbekistonlik murabbiy No‘’mon Hasanov bilan yaxshi tanish bo‘lganim sababli Serbiyada o‘zim yaxshi bilgan futbolchilarni yurtingizga yuborganman, - deydi Dukich. - Ayniqsa, Hasanov “Qo‘qon-1912”da ishlagan paytida serbiyalik besh nafar legionerning to‘p surishida mening hissam bor. Ular o‘yin sifati va tajribasini namoyish etishgan. Aniqrog‘i, Darko Gojkovich, Filip Rayevats, Nikola Valentinch, Marko Milich va Milan Spremo kabi futbolchilarning Qo‘qonda o‘ynashlariga yordam berganman.

Yana bir gap: Superligamizda bugungi kunda kim eng yaxshi legioner? Bu savolga deyarli barcha ikkilanmasdan “Paxtakor”dagi Dragan Cheranni tilga olmoqda. U ham Dukich singari serbiyalik ekanligini muxlislar yaxshi biladi. Mutaxassis esa sobiq jamoasida hamyurtining qanday karomatlar ko‘rsatayotganidan xabari borligini aytgan holda shunday dedi:

-  Cheran haqida ko‘p gapirish shart emas. Shundoq ham uning qanday futbolchi ekanligini maydonda amalga oshirayotgan ishlari tasdiqlab turibdi. Mana shunday o‘yinchining “Paxtakor”da to‘p surayotganida hissam borligidan juda xursandman. Qolaversa, “Paxtakor” juda yaxshi jamoa. Har doim ushbu klubga muxlislik qilaman. Lekin sizlarda yana boshqa bir qancha yaxshi klublar ham bor.

O‘ziga yarasha tajribali hisoblangan murabbiyning yana O‘zbekistonga qaytib ishlash niyati bormi? Harqalay Dukich yurtimizda ishlagan yillarida o‘zidan yomon taassurot qoldirmangandi.

-  Albatta, yana o‘zbek futbolida ishlash niyatim bor. Chunki O‘zbekistondagi faoliyatim davomida yurtingizni yoqtirib qolganman. U erda insonlar samimiy. Menga O‘zbekiston xuddi o‘z uyimdek bo‘lib qolgan. Xalqingiz nihoyatda mehmondo‘st va taomlaringiz juda mazali. Madaniyatingizga esa ishqim tushgan. Agar imkon tug‘ilsa yana jon deb O‘zbekistonda ishlayman. O‘zbek muxlislari futbolni juda yaxshi ko‘rishadi va uning ashaddiy ishqibozlaridir, - deya munosabat bildirdi Drajen Dukich.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!