Yozgi transferlar oynasining so‘nggi oyida taqdiri hal bo‘ladigan futbolchilar!

  • 8 avgust, 2023, 17:20
  • Suhrob Xolbekov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Evropa transfer bozori yopilishiga ham bir oydan kam vaqt qoldi. Ayrim klublar o‘z tarkibini sezilarli tarzda kuchaytirib oldi, lekin hali xaridlarga "to‘ymaganlar" ham bor. Misol uchun, "Barselona" klubi yaqin kunlar ichida bir nechta futbolchilarni o‘z tarkibiga qo‘shib olishi mumkin. Bundan tashqari, Xarri Keyn va Neymarning ham taqdiri hal bo‘lish ehtimoli bor. "Manchester Yunayted" esa katta yo‘qotish ostonasida turibdi. Keling, bularning barchasini birma-bir ko‘rib chiqamiz. 

Tecno

Bernardu Silva - "Barselona". 

Usmon Dembele ketganidan keyin uning o‘rnini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan futbolchilar orasida Bernardu Silva favorit bo‘lib turibdi. Ammo inglizlar futbolchi klubni tark etmasligi uchun jiddiy harakat qilmoqda. Dastlab, "Manchester Siti" portugal uchun kamida 80 million evro talab qilishini bildirib qo‘ydi. Ammo ispan grandiga bu ta’sir qilmadi. Klub uni sotib olish sharti bilan ijaraga olmoqchi bo‘layotgani haqda mish-mishlar bor. Shu bilan birga, Xavi Silva bilan bog‘lanib, uni o‘z jamoasiga o‘tishga ko‘ndirishga harakat ham qilmoqda. Bundan jahli chiqqan "Manchester Siti" rahbariyati "Barselona" va PSJga rasmiy xabar yo‘lladi. U erda yozilishichaBernardu sotilmaydi va u bozorda mavjud emas. Yarim himoyachiga tez orada "shaharliklar" shartnomani uzaytirish taklifini bermoqchi. 

Image

Neymar - "Barselona".

Bir necha oy oldin Fabritsio Romano Neymar uchun avgust oyi muhim bo‘lishini ta’kidlab o‘tgandi. Shunday ham bo‘ldi. U kelajagini hal qilganga o‘xshaydi. Frantsiya nashrlari braziliyalik hujumchi PSJ rahbariyatiga ketmoqchi ekanligini ma’lum qilgani haqida xabar bermoqda. Futbolchi "Barselona"ga qaytishni istayapti. Joan Laporta ham uni qaytarish niyatida. Ammo Xaviga bu transfer kerak emas, degan mish-mishlar mavjud. Ma’lum bo‘lishicha, murabbiylar shtabi Neymar ichki muhitni buzib qo‘yishi mumkin, deb hisoblaydi va uni jamoaga kelishini istamaydi. "Barsa" 31 yoshli futbolchini sotib olish sharti bilan ijaraga olmoqchi. "RMC Sport" nashrining xabar berishicha, Neymarga "Chelsi"dan ham qiziqishlar bor. 

Image

Xarri Keyn - "Bavariya". 

Xarri Keyn uchun anchadan beri kurashib kelayotgan "Bavariya" uni qo‘lga kirita olmaslik ehtimoli ayni paytga kelib ancha oshdi. Klubning 100 million evrolik taklifi ham "shporlar" tomonidan rad qilindi. Mana shu voqeadan keyin Germaniya klubi rahbariyati kurashdan chiqish borasida o‘zaro muzokara o‘tkazadi. Shundan so‘ng Keynning taqdiri hal bo‘ladi. Sababi, u "Tottenxem"da qolishga ham qarshi emas. Agarda boshqa yaxshi taklif kelmasa, futbolchi Londondagi so‘nggi mavsumini o‘tkazib, jamoasi bilan keyingi yil xayrlashmoqchi. "Tottenxem" esa straykerning transferidan kamida 120 million evro ishlab olishni maqsad qilgan. 

Image

Xarri Maguayr - "Vest Xem". 

"Manchester Yunayted" chiqish eshiklarini ko‘rsatgan yana bir futbolchi bu - Xarri Maguayr. Himoyachini qo‘lga kiritish uchun "Vest Xem" jiddiy harakat qilmoqda. Ayni paytda boshqa klubdan qiziqish yo‘q. Himoyachi uchun yuborilgan birinchi 20 million funtlik taklif rad qilinganidan keyin "bolg‘achilar" narxni 10 million funtga oshirdi. Klub 30 million funtlik taklifni manchesterliklarga yuborgan. Avvalroq, MYu 40 million funt istayotgani haqda mish-mishlar bor edi. Ammo endi tomonlar muzokaralarga kirishgan. Agarda ushbu transfer amalga oshsa, "Manchester Yunayted" yangi himoyachi sotib oladi. Variantlar orasida "Nitstsa"dan Jan-Kler Todibo ham bor. 

Image

Avgust oyida amalga oshishi mumkin bo‘lgan transferlar ko‘p, lekin ayni damda ushbu futbolchilarning yangi klubga ko‘chib o‘tish ehtimoli yuqori. Kilian Mbappe ham ular orasida bo‘lishi mumkin edi. Ammo u umuman boshqa mavzu. Transfer bozorining so‘nggi oyi, so‘nggi kunlarida ham qandaydir kutilmagan voqealar sodir bo‘ladi. Shunday ekan, bu jarayonni oxirigacha kuzatib borishni maslahat beramiz. 

Suhrob Xolbekov

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!