
Yaxshiboevga jiddiy raqobatchi paydo bo‘ldi. Endi kurash qizg‘in kechadi!
Belarus chempionatining 23-turidan so‘ng, chempionlik uchun asosan ikki jamoa – Soligorskning “Shaxtyor” va Borisovning BATE klubi da’vogarlik qilishi aniq bo‘lib ulgurdi. Musobaqa yakunlanishiga etti tur qolgan ayni paytda har ikki jamoa 46 tadan ochko jamg‘arib, jadvalning dastlabki ikki qatorini band etib turibdi.
Uchinchi o‘rindan joy olgan “Nyoman” peshqadamlardan besh ochkoga ortda qolmoqda va chempionlik uchun da’vogarlik qilolmasligi haqiqatga yaqin. Bu jamoa joriy mavsumda “Shaxtyor” bilan ikki bor durang qayd etib, BATEga qarshi uy va safar uchrashuvida imkoniyatni boy bergan.
Aytish joizki, Belarus chempionatida to‘purarlar bahsidagi kurashga ham intriga qaytdi. Hozircha, birinchi o‘rinni egallab turgan hamyurtimiz Jasur Yaxshiboev 23-tur uchrashuvida “Vitebsk” darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasining 5:0 hisobidagi g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi. Shu gol bilan o‘zbekistonlik futbolchining hisobidagi aniqlar zarbalar soni 13 taga etdi.
Jasur Yaxshiboev “Energetik-BGU”dan “Shaxtyor”ga o‘tganidan keyin, qisqa fursat ichida asosiy tarkibga kirish barobarida, jamoa etakchiligini qo‘lga olgan bo‘lsa-da, gol urish bo‘yicha barqarorlikka erisha olgani yo‘q. O‘zbekistonlik hujumkor futbolchi soligorsklar tarkibida ettita uchrashuvdan uchtasida to‘rtta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Ayri uchrashuvlarda maydonni quruq tark etishga majbur bo‘ldi.
Yaxshiboev raqobatchilaridan o‘zib ketgan bo‘lsa-da, o‘zini xotirjam his qilishi uchun hali erta. To‘g‘rirog‘i, bu yog‘iga muntazam ravishda raqib darvozasiga yo‘l topmasa bo‘lmaydi. Chunki Belarus chempionatining so‘nggi uchrashuvlarida uzluksiz gol urayotgan hujumchi paydo bo‘ldi. BATEning tajribali futbolchisi Maksim Skavish ketma-ket oltita uchrashuvda raqiblar darvozasini sakkiz marotaba aniq nishonga oldi va gollari sonini 11 taga etkazib oldi. Agar bu hujumchining golli seriyasi shu tariqa davom etadigan bo‘lsa, tez orada Jasurni quvib o‘tishi mumkin.
To‘purarlar bahsi haqida gap ketganda BATEning yana bir tajribali futbolchisi Pavel Nexaychikning ko‘rsatkichlari o‘sib borayotganiga e’tibor qaratish lozim. Bu futbolchi ham barqaror o‘yini bilan gollari sonini 9 taga etkazib oldi va to‘purarlar bahsida Yaxshiboev bilan raqobatga kirishgan.
Shuningdek, “Torpedo-BelAZ”ning braziliyalik legioneri Gabriel Ramos ham ikkinchi davradan ko‘p gol ura boshladi va hozircha o‘z hisobiga 9 ta aniq zarba yozib qo‘ydi. “Vitebsk”ning moldovalik hujumchisi Ion Nikolaesku esa, birinchi davradagi sermahsulligini namoyish eta olmayapti. Chempionatning ikkinchi yarmida sakkita o‘yinda atigi ikkita gol urdi. Shunday bo‘lsa-da, u ham hozirgacha to‘qqizta gol muallifiga aylangan.
O‘z navbatida, Jasur Yaxshiboev Belarus chempionatidagi o‘yini bilan xorijiy mutaxassislar e’tiboriga tushganini alohida ta’kidlash lozim. Xususan, yosh futbolchimizni Kievning "Dinamo" jamoasi kuzatuvga olgan.
Fikrlar