Xayrullo Bozorov: "Farg‘onani – O‘zbekistonning futbol poytaxti qilamiz"
"Neftchi" klubi 24 yillik tanaffusdan keyin chempionlikka erishgach, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov stadionda nutq so‘zlab, viloyatni o‘zbek futboli poytaxtiga aylantirishni maqsad qilganini aytdi.
"Bugun – qariyb chorak asr, aniqrog‘i 24 yil kutilgan kun. Bu tarixiy g‘alaba bilan "Neftchi" jamoamiz o‘z tarixidagi 6-chempionlikni rasmiylashtirdi va bu bilan barchangizni chin yurakdan tabriklayman. Buning zamirida eng avvalo muhtaram prezidentimizning mamlakatimizda futbolni rivojlantirishga qaratyotgan yuksak e’tiborlari natijasidir. Eng asosiysi, futbolda adolat, shaffoflik, halollik tamoyillari qaror topdi.
2026 yil – katta futbol yili bo‘ladi, ilk bor milliy ҷamoamiz jahon chempionatida ishtirok etadi. Fursatdan foydalanib, futbolga berilayotgan yuksak e’tibor uchun prezidentimizga butun Farg‘ona nomidan minnatdorchilik bildirmoqchiman. Futbolimiz rivojiga katta hissa qo‘shayotgan O‘FA va PFL rahbariyatiga ham minnatdorchilik bildiramiz.
"Neftchi"ning chempionlik yo‘lida vodiyga katta futbol qaytayapti deb, jamoamizni qo‘llab-quvvatlagan farg‘onalik muxlislarga, qolaversa, qo‘shni Namangan va andiyonlik muxlislarga ham raxmat aytaman.
Mana, Ravshan aka Ermatov qarshimizda turibdilar, viloyatimizdan Superligada "Neftchi" va "Qo‘qon-1912", Pro Ligada "FarDU", Birinchi Ligada ham jamoalarimiz bor. "Qo‘qon-1912" jamoasini ham kelasi yil g‘olib va sovrindorlar qatoriga olib chiqishni niyat qilyapmiz. Nasib qilsa, Farg‘onani – O‘zbekistonning futbol poytaxti qilamiz", - dedi viloyat hokimi.



Fikrlar