
Xabi Alonso “Real” uchun futbolchi tanlay boshladi
Evropa matbuotida “Real” rahbariyati kelasi mavsum oldidan bosh murabbiyi Karlo Anchelotti o‘rniga boshqa mutaxassis tayinlashi haqida tobora ko‘proq yoza boshladi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, italiyalik murabbiy o‘rnini “Bayer”da muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan Xabi Alonso egallashi mumkin.
“Qirollik klubi” ispaniyalik mutaxassisni anchadan beri hamkorlikka chorlab keladi. “Bayer” rahbariyati agar “Real”da taklif bo‘lsa, Xabi Alonsoning yo‘lini to‘smasligini bildirgan.
Xabi Alonsoning o‘zi ham “Real”ni boshqarishga qarshi emas. Bir necha manbalarning ta’kidlashicha, ispaniyalik murabbiy “Qirollik klubi” bilan o‘tkazilayotgan muzokaralarda o‘zining ayrim talablarini ochiqlagan.
Unga ko‘ra, Alonso madridliklardan “Bayer”dagi shogirdi Florian Virtsni transfer qilishni so‘ragani aytilmoqda. 21 yoshli hujumkor futbolchi “Bayer”ning muvaffaqiyatlariga katta hissa qo‘shib kelmoqda.
Virts Xabi Alonso qo‘llayotgan o‘yin uslubida asosiy figuralardan biri hisoblanadi. Aslida bu o‘yinchini Evropaning bir necha grandlari qatori “Real” ham anchadan beri kuzatib keladi.
Fikrlar