
Valentina Shevchenko- Aleksa Grasso jangidagi durang adolatlimi? O‘zbek MMA olami vakillaridan javob...
Bugun tongda “UFC Fight Night 227” turniri tashkil etildi va uning markaziy jangida Valentina Shevchenko va Aleksa Grassolar to‘qnash keldi. Revansh hamda chempionlik jangida kuchlar teng keldi. Ya’ni, hakamlar ushbu qarama-qarshilikni durang deb topishdi. Ushbu qaror juda ko‘p gap-so‘zlarga sabab bo‘lmoqda. Biz ham ushbu durang adolatli bo‘ldimi, degan savol bilan MMA olami vakillariga yuzlandik.
Marat Bekmuratov – menejer
- Bu jangda Shevchenko yutdi. To‘g‘ri, Valentina yosh bilan bog‘liq muammolarga duch kelayapti. Avvalgidek harakat qilayotgan yo‘q. Biroq, bu jangda yutgandi. So‘ngi 5-raundda nega 10-8 berishdi, tushunmadim.
Nodir Ahadjonov – MMA jangchisi
- Juda zo‘r jang bo‘ldi. Har ikkisi ham ajoyib harakat qildi. Bu jangda Valentina Shevchenko yaxshiroq harakat qildi va g‘alaba qozongandi. Hakamlar nohaqlik qilishdi.
Donyorbek Ro‘ziev – murabbiy
- To‘g‘risi, bunday qiziqarli janglar kamdan kam bo‘ladi. Bir-biriga mos raqiblar. Jangning katta qismida Shevchenko dominantlik qildi. Mening shaxsiy fikrim bo‘yicha Valentina Shevchenko yutgandi.
Sherbek Bilolov –murabbiy
- O juda qiziqarli va shiddatli jangni guvohi bo‘ldik. Umumiy olib qaraganda Valentina Shevchenko ustunlik qildi. Lekin Grasso ham yaxshi harakat qildi. Menimcha uni dastlabki raunddagi yiqitgani, va so‘ngi raunddagi yakun uni hisobiga ishladi. Nazarimda durang adolatli bo‘ldi. Sababi amaldagi chempionni yaqqol ustunlik bilan mag‘lub etish kerak edi.
Doston Bozorov – MMA jangchisi
- Bu jangda hakamlarning alohida qaroriga ko‘ra, Valentina Shevchenko g‘alaba qozongandi, deb o‘ylayman. Ha, kichik ochkolar hisobida bo‘lsa ham yutgandi. Biroq, chempionlik kamari Grassoda bo‘lganligi uchun ham unga biroz tortishdi. Shunchaki Shevchenkoga nisbatan adolatsizlik bo‘ldi.
Fikrlar