Ulug‘bek Baqoev: "Har bir o‘yin bir-biridan farq qiladi"

  • 19 mart, 2024, 23:17
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro liganing 2-turidan o‘rin olgan “Qo‘qon-1912” – “Buxoro” (0:1) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev matbuot anjumanida qatnashdi.

Tecno

- Biz qiyin o‘yin bo‘lishini bilgandik. “Qo‘qon-1912” Superligaga chiqish uchun asosiy da’vogarlardan biri. Shuning uchun bu uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. O‘yin shuni ko‘rsatdiki, ikkala jamoa ham g‘alaba qozonishi mumkin edi. Lekin biz gol urdik va himoyada tartibli o‘yin ko‘rsatdik. Yigitlarga g‘alaba uchun minnatdorchilik bildiraman. Shu o‘rinda O‘zbekiston xalqini 21 mart, Navro‘z bayrami bilan tabriklayman.

- Buxoro” o‘tgan turda “Sho‘rtan” bilan o‘ynadi. “Sho‘rtan” va “Qo‘qon-1912”ni solishtira olasizmi? Sizga qaysi jamoa ma’qulroq ko‘rindi?

- Har bir o‘yin bir-biridan farq qiladi. Buni hammamiz bilamiz. O‘yinlar vaziyatlarga bog‘liq va ma’lum paytlarda bir-biridan farq qiladi. Biz G‘uzorda ham gol urishimiz mumkin edi va darvozamizdan to‘p olib chiqishimiz ham hech gap emasdi. Bu erda ham shunday. “Sho‘rtan” ham, “Qo‘qon-1912” ham o‘z taktikasi bo‘yicha o‘ynadi. Jamoalarni o‘z murabbiyi, falsafasi bor. Shuning uchun ikkalasi yoqdi. Ammo qo‘qonliklar ko‘proq yoqdi, deyishim mumkin. Bu jamoadagi futbolchilar bo‘ydor va baquvvatroq. O‘ylaymanki, “Qo‘qon-1912” o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajara oladi.

- O‘tgan yilgi tarkib kuchlimi yoki bu yilgisimi?

- Agar o‘tgan yilgi vaziyatga kelsak, biz pro ligaga tushib ketdik. Demak, jamoamiz kuchsizroq edi. Bu yil rahbariyat Superligaga qaytish vazifasini oldimizga qo‘ydi. Xudo xohlasa, har bir o‘yinga tartib-intizom va raqibga hurmat bilan yondashsak, bor kuchimizni bersak o‘ylaymanki, muxlislarimiz oldida bu vazifani bajara olamiz. Lekin har bir klub o‘ziga yarasha kuchli.

- O‘g‘lingiz Amir Belarus chempionatida to‘p suryapti. U terma jamoaga chaqirilishi mumkinmi?

- Albatta, imkoniyat har bir futbolchida bor. Mehnatsevarligiga, o‘z ishiga professional yondashishi va sabr-toqatiga bog‘liq. Ko‘pchilik termada to‘p surishni xohlaydi. Lekin barchaga ham bu nasib qilavermaydi. Asosiysi, terma jamoamizga maqsadiga erishish yo‘lida muvaffaqiyat tilayman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!