Ular hurmatsizlik qildi, lekin janjal qilmayman!
“Manchester Yunayted”da ishlari yurishmagan braziliyalik futbolchi Antoni faoliyatini “Betis”da davom ettiradigan bo‘ldi va yozgi transferlar oynasining oxirgi kuni Ispaniya chempionatiga ko‘chib o‘tdi.
Antoni “Manchester Yunayted” mashg‘ulotlaridan chetlatilgan paytda boshidan o‘tkazganlarini omma e’tiboriga oshkor qilishni ma’qul topdi.
- Bu Angliyadagi hayotim davomida eng og‘ir va murakkab kunlar bo‘ldi. 40 kundan ortiq davomida mehmonxonada yashadim, alohida bir o‘zim mashq qildim.
Klubdagilar menga nisbatan hurmatsizlik qildi, deb hisoblayman. Lekin gap bunda emas. Men o‘zim tufayli mojaro kelib chiqishini istamayman. Hayot shunaqa.
“Manchester Yunayted”ga minnatdorlik bildiraman, bu klubda yaxshi kunlar ham, yomon paytlar ham bo‘ldi, ikkita sovrinni qo‘lga kiritdim, - dedi Antoni.
25 yoshli hujumkor futbolchi “San-Paulu” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va 2020 yili Evropaga ko‘chib o‘tib, “Ayaks” safidan o‘rin olgandi. Oradan ikki yil o‘tib, “Manchester Yunayted” 95 million evro evaziga Antonini o‘z safiga qo‘shib oldi.
Keyinchalik manchesterliklar ishonchni oqlay olmagan futbolchini 22 million evroga “Betis”ga sotib yubordi. Ispan klubi Antoni bilan 2030 yilning yarmigacha davom etadigan shartnoma tuzdi.



Fikrlar