
U-20 JCh. "O‘lim guruhi"da peshqadamga aylangan Italiya. O‘zbekistonni oson raqib kutmayapti! Angliyani quvib o‘tgan Urugvay (Barcha guruhlardagi holat)
Argentinada bo‘lib o‘tayotgan U-20 Jahon chempionatining 1-tur uchrashuvlari o‘z nihoyasiga etdi. Unda hech qaysi o‘yin durang natija bilan tugagani yo‘q. Har bir bahsda hisob ochilgan turdan keyin guruhlardagi vaziyat bilan tanishing.
"A" guruhi
Ilk turda hamyurtlarimiz Argentinaga yutqazib qo‘ygan bo‘lsa, Yangi Zelandiya Gvatemalani kichik hisobda taslim qildi. Ushbu o‘yinlardan keyin Argentina guruhda birinchi o‘ringa chiqib oldi. Yangi Zelandiya ikkinchi va O‘zbekiston 3-pog‘onadan joy olgan. Gvatemala esa hammadan ortda bormoqda.
"B" guruhi
Slovakiya Fijini ayab o‘tirgani yo‘q. Naq 4 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan evropaliklar peshqadamga aylanib oldi. AQSh esa Ekvadorni minimal hisobda taslim qilib, 2-o‘rindan joy oldi. 3-o‘rinni Ekvador egallagan bo‘lsa, Fiji so‘nggi o‘ringa joylashdi.
"C" guruhi
Keyingi guruhdan o‘rin olgan jamoalar kuchini ayagan ko‘rinadi, uchrashuvlarda ko‘p gol urilgani yo‘q. Kolumbiya Isroilni qiyinchilik bilan mag‘lub etdi. Yaponiya - Senegal bahsida "kunchiqar" davlatdan kelgan futbolchilar zafar quchdi. Kolumbiya 1-o‘ringa, 2-o‘ringa Yaponiya chiqib oldi. Isroil 3, Senegal esa 4-o‘rinda qoldi.
"D" guruhi
Ancha kuchli terma jamoalar yig‘ilgan "D" guruhidagi o‘yinlar qiziqarliroq o‘tdi va ko‘proq gollar urildi. Italiya Braziliya uchrashuvida italiyaliklarning qo‘li baland keldi. Mazkur bahsda Kasadei dubl qilib, turnir to‘purari bo‘lib turibdi. Shuningdek, "skuadra adzurra" peshqadamlikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘yinda Nigeriya Dominik Respublikasini mag‘lub qilib, 2-o‘rindan joy oldi.
"E" guruhi
Urugvay Iroq darvozasiga javobsiz 4 ta gol kiritib, chempionatda eng ko‘p gol urgan ikkinchi jamoaga aylandi. Angliya ham gol qo‘yib yubormay, g‘alaba qozondi. "Uch sherlar" Tunisni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Guruhda Urugvay birinchi o‘ringa chiqib oldi. Undan keyingi o‘ringa Angliya joylashdi. Tunis uchinchi va Iroq 4-pog‘onada.
"F" guruhi
So‘nggi guruhda kutilmagan natija qayd etildi. Osiyo kubogida Haydarov shogirdlariga engilgan Janubiy Koreya Frantsiya ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi va 2-o‘ringa chiqib oldi. 1-o‘rinda esa Gondurasni mag‘lub qilgan Gambiya joy oldi.
Fikrlar