"Turon" prezidenti - bosh murabbiy masalasi, yangi nomzodlar, tarkibda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi haqida gapirdi

  • 7 iyun, 2021, 23:16
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliga debyutanti – “Turon” klubi yaqqol autsayder bo‘lib turgan bo‘lsa ham hamon izlanishda. Kuni kecha sports.uz muxbiri “Turon” jamoasi prezidenti Abduvahob Ahmadaliev bilan bosh murabbiy masalasi, tarkibdagi o‘zgarishlar va yana boshqa masalalar bo‘yicha suhbatlashdi.

Tecno

- Kuni kecha “Turon”da ish boshlagan Anvar Berdievning keyinchalik bosh murabbiyga aylanishi mumkinligi haqida eshityapmiz. Bu masalaga oydinlik kiritib o‘tsangiz.

- Yo‘q, uni bosh murabbiylikka taklif qilmaganmiz. Jamoamizni polshalik mutaxassis boshqarib turibdi. Bosh murabbiylikka Anvar akani nomzodi yo‘q. Sababi “Pro” litsenziyasiga ega emas. Berdiev jamoamizda hujumchilar bilan ham alohida ishlab, ularning samaradorligini oshirishga yordam beradi.

- Baniak “Turon”ni birinchi davra oxirigacha boshqaradimi yoki yangi murabbiy topilgan zahotiyoq o‘rnini bo‘shatib beradimi?

- Islom Ismoilov ketganidan keyin bosh murabbiy lavozimi Boguslav Baniakka vaqtincha topshirilgan. Uning natijalariga qaraymiz. Balki to‘rtta o‘yinda yutadigan bo‘lsa, balki yana lavozimida qolishini ko‘rib chiqamiz. Hozirdan uni 100 foiz qoladi yoki ketadi, deb aytib bo‘lmaydi.

axmadaliev1

- Aslini olganda, polshalik murabbiyni qanday topdinglar?

- Murabbiy Polsha futbol federatsiyasida ishlab turgandi. Unga jamoamiz yoshlarini, infratuzilmasini klub bilan tanishish maqsadida tashrif buyurganida u bilan yaqindan gaplashdik. Polsha futbol federatsiyasida shartnomasi tugayotganini aytdi. Yangilik olib kirish, jamoamiz o‘yinlarini tahlil qilish maqsadida uni taklif qildik. Bir oydan keyin Polshada shartnomasini bekor qilib, bu erga keldi va murabbiylar shtabida ish boshladi.

- Yaqindan beri No‘’mon Hasanovning ham “Turon” bosh murabbiyi bo‘lishi uchun nomzodi borligi haqida eshityapmiz. Bu haqiqatmi?

- Quruq gap-so‘z. No‘’mon Hasanovga rasmiy taklif bilan chiqqanimiz yo‘q.

- Umuman aytganda, bosh murabbiy masalasi nima bo‘lyapti? Bu borada nomzodlar bormi yoki asosiy e’tibor polshalik murabbiyga qaratilganmi?

- Nomzodlar ko‘rib chiqilyapti. Hozircha Baniakka imkoniyat berilgan. Boya aytganimdek, barchasi natijalarga qaraladi. O‘zbekistondagi yaxshi murabbiylar o‘z klublarida ishlab turibdi.

axmadaliev2

- Sir bo‘lmasa qaysi mutaxassislar bilan muzokaralar boshlangan?

- Hali hech qaysi murabbiy bilan muzokara o‘tkazganimiz yo‘q.

- “Turon” xususiy klub bo‘lsa-da, barcha sharoitlar bor, muammo yo‘q. Tarkib ham shunga yarasha yig‘ilgan. Biroq natija yo‘q. Hamon g‘alabasiz seriya davom etyapti. Bu savolga qanday javob berasiz?

- Jamoamiz Superligaga 50-60 foiz yangilangan holatda chiqdi. O‘yinga moslashishda qiyinchiliklar bo‘ldi. Taqvim ham jamoamiz noqulay keldi. Qatorasiga ettita turda kuchli raqiblar bilan o‘ynadik. Jamoaviy o‘yin asta-sekin yaxshilanyapti. Faqat biroz omadimiz va sovuqqonlik etishmayapti. Golli imkoniyatlarimizdan foydalana olmayapmiz. Qishki yig‘inda futbolchilar har xil vaqtlarda kelishdi. Chempionat boshlanishiga 10 kun qolganida ham tarkibga o‘yinchilar qo‘shilishdi. Bu futbolchilarning jismoniy holatiga ta’sir qilmasdan qolmadi. Aksariyati bitta vaqtga kelmaganligi uchun shunday holat yuz beryapti, deb o‘ylayman.

- Transfer oynasi ochilganida tarkibda yana o‘zgarishlarni ko‘ramizmi?

- Albatta, bu haqida ham o‘ylayapmiz. Pozitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha ishlayapmiz. Ikkinchi davrada yangi futbolchilarni olishimiz mumkin. Muzokaralar olib boryapmiz. Hujumchi, yarim himoyachi...jamoamizning nozik nuqtalarini kuchaytirmoqchimiz.

axmadaliev

- Qishdayoq “Turon”ning Bobur Abduholiqovga jiddiy qiziqayotganini bilardik. Bu masala yana ko‘tarilyapti, chog‘i...

- Ha, qishda Bobur bilan gaplashgandik. Agar chetga ketmasa klubimizni tanlashini bildirgandi. U jamoamizdagi sharoitlar va maqsadlarimizni yaxshi biladi. Lekin u Ukrainaning “Rux” klubiga ketdi. Balki u erda moslashish jarayonidan o‘tishi qiyin bo‘lgandir. Asosan o‘rinbosarlar tarkibida o‘ynadi. U erdan qaytib kelganidan keyin ham o‘zi bilan yana gaplashdik. Yana chetdan taklif borligini aytdi. Agar O‘zbekistonda qoladigan bo‘lsa, “Turon”ga kelishi ehtimoli katta. Hozir individual tarzda shug‘ullanib turibdi. Lekin ko‘p ehtimol bilan chetga ketishi ham mumkin.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Akbarali Abdunazarov
08/06/2021 09:27
Туронга озгина ковун пишиги бор, уйинчиларни бирдан олиб келиб натижа кутиш нотугри, Абдухоликов хам бирдан натижа бермайди, сабаби туронда етказиб берувчи йук, Академияни кучайтириб еш иктидорларни кашф килиш керак, водийда иктидорлар тикилиб етибди, Туронга хурмат саклаган холда Насаф мухлиса, АКАДЕМИЯ яна бир марта!
&
Ашуров Бахтийор
09/06/2021 08:22
Бошка академиялар хам,яхши ишлаябди.Факат Насаф молиявий танг ахволдалиги учунгина сизга шундай туюлябди.Яхшилаб Назар ташдасангиз Пахтакор ва бунйодкордан канака футболчилар етишиб чикайотганига кузингиз тушади.Узокка борманг;Олимпик мисоли.
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
07/06/2021 23:24
nimaga qanot himoyachila dahshad uyinchilarimiz bor nimaga olib ketmagan. Sherzod Nasrulloev. eb quyadiki.